Tonseng (yoki tongseng) – indonez oshxonasining anʼanaviy go‘shtli taomi. U koʻpincha quyuq sho‘rva, baʼzan esa suyuq ragu shaklida tayyorlanadi.
Tonseng har qanday goʻshtdan tayyorlanishi mumkin, biroq eng koʻp hollarda qoʻy yoki echki goʻshti ishlatiladi. Taomga turli sabzavotlar ham qoʻshiladi. Mahsulotlar suvda yoki suv bilan aralashtirilgan kokos suti asosida, koʻp miqdorda ziravor va qoʻshimchalar bilan pishiriladi. Ayniqsa, bu taomning vatani hisoblangan Markaziy Yava hududida tonsengning turfa xil retseptlari mavjud.
Kelib chiqishi va tarqalishi Tonseng anʼanaviy Yava oshxonasi taomi boʻlib, unda suvda yoki kokos sutida tayyorlanadigan suyuq taomlar muhim oʻrin tutadi. Ushbu taomning vatani Markaziy Yavaning Surakarta shahri hisoblanadi. Aynan shu shahar va uning atroflari tonsengning turfa xil retseptlari bilan mashhur.
Dastlab faqat Markaziy Yava aholisi orasida mashhur boʻlgan tonseng, vaqt oʻtishi bilan butun Yava boʻylab, shuningdek, Indoneziyaning boshqa orollarida ham keng tarqaldi. Bundan tashqari, bu taomni tayyorlash xorijda yashovchi yavaliklar orasida ham uchraydi va u etnik indonez restoranlarining, xususan, Yevropadagi menyularidan ham joy olgan.
Tayyorlanishi va turlari
Tonseng koʻpincha kokos sutida pishiriladi. Baʼzan sutning oʻzi ishlatilsa-da, koʻpincha suv bilan aralashtiriladi. Shu bilan birga, kokos sutsiz, faqat suvda yoki ozgina sigir suti qoʻshilgan suvda tayyorlanadigan retseptlar ham mavjud.
Asosiy masalliq goʻsht. Odatda kamroq lahm, koʻproq suyakdan ajratilgan goʻsht ishlatiladi. Eng koʻp qoʻy, echki va tovuq goʻshti, baʼzan mol, buyvol, oʻrdak, ot goʻshti ishlatiladi. Ayrim hududlarda, xususan Markaziy Yavaning Jokyakarta shahrida, oshpazlar ekzotik goʻshtlardan ham tonseng tayyorlashadi: ilon, koʻrshapalak, toshbaqa, tupay, chumchuqsimonlar (mayda hayvon va qushlarning goʻshti odatda butunicha qaynatiladi). Shu jihati bilan tonseng boshqa indonez taomlaridan – rendang va gulaydan – farq qiladi, chunki ularning retseptida koʻpincha ichki aʼzolar ham ishlatiladi. Ular ham kokos sutida yoki uning suv bilan aralashmasida pishiriladi.
Goʻsht bilan bir qatorda taomga koʻplab sabzavotlar ham qoʻshiladi, ularning miqdori koʻpincha goʻshtnikiga teng boʻladi. Bu jihat ham tonsengni rendang va gulaydan ajratib turadi, chunki ularda sabzavot deyarli ishlatilmaydi. Eng koʻp ishlatiladigan sabzavotlar: karam, kartoshka, piyoz, sabzi, pomidor, koʻk noʻxat, baʼzan vigna, gulkaram, suv ipomeyasi, chayot. Shuningdek, baʼzi retseptlarda mevalar, masalan, jekfrut va non daraxti mevasi, tofu, tempe va qoʻziqorinlar ham qoʻshiladi. Hatto vegetariancha tonseng retseptlari ham bor: unda turli sabzavotlar yoki sabzavot, qoʻziqorin, tofu va tempe aralashmasi ishlatiladi. Masalan, qoʻziqorinli tonseng Borobudur ibodatxonasi atrofida mashhur taom hisoblanadi.
Tayyorlash jarayonida goʻsht mayda boʻlaklarga boʻlinib, avval palma yogʻida qovuriladi. Yogʻda esa oldindan maydalangan koʻplab ziravor va qoʻshimchalar qizdirib olinadi: sarimsoq, shalot piyoz, dolchinli murch, chili qalampiri, galangal (kalgan), dafna bargi, limon oʻti (simbopogon), lumbang yongʻogʻi, kashnich, zanjabil. Qovurilgan goʻshtga suv yoki suv va kokos suti (yoki oddiy sut) aralashmasi quyilib, past olovda qaynatiladi. Qaynatish jarayonida unga sabzavotlar, soya sousi, tamarind sharbati, baʼzida esa palma shakari, tuz, laym mevasi va barglari ham qoʻshiladi.
Tayyor taom odatda quyuq shoʻrva koʻrinishida boʻladi, uning suyuq qismi odatda och jigarrang rangda boʻladi. Ayrim hollarda u yanada quyuq konsistensiyaga ega boʻlib, raguga oʻxshaydi. Koʻplab ziravorlar ishlatilgani tufayli tonseng juda achchiq va oʻtkir taʼmga ega boʻladi hamda xushboʻy hid chiqaradi.
Dasturxonga tortilishi va isteʼmol qilish Tonseng nafaqat uyda mashhur taom, balki jamoat oshxonalarida ham tez-tez taqdim etiladi, shuningdek, bozorlarda va koʻcha rastalarida ham sotiladi. Uni odatda issiq holda, tayyor boʻlishi bilanoq yeyish tavsiya etiladi. Baʼzan taom ustiga krupuk (yengil qovurilgan kraxmalli gazak) yoki qovurilgan piyoz solib beriladi.
Odatda bu taomga garnir sifatida qaynatilgan guruch tortiladi. Baʼzi hollarda esa tonseng qaynatilgan lagʻmonga qoʻshilib, sous sifatida ishlatiladi. Aynan bunday aralash taom Markaziy Yavada mashhur.
Manbalar
Adabiyotlar Погадаев В. А. (составитель). Малайский мир (Бруней, Индонезия, Малайзия, Сингапур). Лингвострановедческий словарь. — М.: Восточная книга, 2012. — 798 p. — ISBN 978-5-7873-0658-3. Arum, Dewi Asih. Koleksi Resep Soto & Sup Nusantara. — Jakarta: Kawan Pustaka, 2015. — 336 p. — ISBN 978-979-7575-87-8. Diah Didi. 62 Masakan Lezat untuk Menu Sehari-hari. — Jakarta: FMedia, 2015. — 120 p. — ISBN 978-979-0065-44-2.
Havolalar
Tongseng recipe (in Indonesian) Turkum:Alifbo boʻyicha taomlar Turkum:Indoneziya oshxonasi Turkum:Yava oshxonasi