Vjosa Osmani-Sadriu (1982-yil 17-mayda tugʻilgan) – kosovolik yurist va siyosatchi. 2021-yildan buyon Kosovoning oltinchi prezidenti lavozimida faoliyat yuritmoqda. Titova Mitrovicada (hozirgi Kosovo hududi, sobiq Yugoslaviya) tugʻilib oʻsgan va Prishtina universiteti va Pitsburg universiteti huquq maktabida huquqshunoslik boʻyicha tahsil olgan. Kosovo prezidenti Fatmir Seydiuning maslahatchisi sifatida ishlagan, keyinchalik Kosovo Assambleyasiga aʼzo etib saylangan. Osmani 2020-yil fevralidan 2021-yil mart oyigacha Kosovo Assambleyasi spikeri lavozimida, 2020-yil noyabrdan 2021-yil mart oyigacha esa Prezident Hashim Thaçi isteʼfoga chiqqanidan soʻng uning vazifasini bajaruvchi prezident sifatida xizmat qilgan. Kosovo Respublikasi Konstitutsiyasiga koʻra, prezident mamlakatning tashqi siyosati uchun javobgar va Kosovo Xavfsizlik Kuchlari bosh qoʻmondoni hisoblanadi. Osmani prezident etib saylangach, Kosovoda nafaqat ikkinchi ayol prezident, balki ham vaqtincha, ham toʻlaqonli prezident sifatida xizmat qilgan birinchi shaxs boʻldi. U saylovda korrupsiyaga qarshi kurash platformasi asosida ishtirok etib, muvaffaqiyat qozondi va Kosovo bilan Serbiya oʻrtasidagi munosabatlarni normallashtirish istagini bildirgan. Prezidentlik lavozimiga kirishganidan soʻng, Dardaniya bayrogʻini prezidentlikning rasmiy timsoli sifatida qayta tikladi. Osmani shuningdek, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda individual harakatlar muhimligini taʼkidlab, siyosiy darajada keng qoʻllab-quvvatlashga erishgan.
Hayoti va karyerasi
Vjosa Osmani 1982-yil 17-mayda oʻsha paytda Yugoslaviya tarkibidagi Sotsialistik Serbiya Respublikasiga qarashli hudud hisoblanuvchi Titova Mitrovica shahrida dunyoga kelgan. Oilada toʻrt nafar farzand boʻlishgan. Boshlangʻich va oʻrta taʼlimni oʻz tugʻilib-oʻsgan shahrida olgan. Osmani Kosovo urushi paytida oʻsmir yoshda boʻlgan. U oʻz xotiralarida bu haqida shunday deydi: „Mitrovicadagi uyimizga bostirib kirishgach, bir askar M70 modeldagi miltiqni ogʻzimga tiqqanini hanuzgacha his qilaman“. Osmani Prishtina universitetida huquq boʻyicha bakalavr darajasini olgan. U oʻz tahsilini AQShdagi Pitsburg universiteti huquq maktabida (Pitt Law) davom ettirib, 2005-yilda huquq boʻyicha magistr (LL. M.), 2015-yilda esa huquqshunoslik fanlari doktori (S. J. D.) darajasini olgan. Uning doktorlik dissertatsiyasi „Xalqaro tovar shartnomalari boʻyicha BMT konvensiyasining (CISG) Kosovoda qoʻllanilishi“ mavzusiga bagʻishlangan boʻlib, u konvensiya 1988-yilda kuchga kirganidan beri Kosovo huquqiy maqomining oʻzgarishi nuqtai nazaridan tahlil qilingan. Osmani Pristina universitetida assistent-oʻqituvchi sifatida ishlagan. Bundan tashqari, RIT Kosovo universitetida lektor va Pitsburg universitetida tashrif buyurgan professor boʻlib faoliyat yuritgan.
Manbalar
Turkum:Yevropadagi ayol prezidentlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1982-yilda tugʻilganlar Turkum:17-mayda tugʻilganlar