„World, Hold On (Children of the Sky)“ () — fransuz musiqa prodyuseri va DJi Bob Sinclar yozgan qoʻshiq. Tarona vokalini ingliz xonandasi Steve Edwards kuylagan. Qoʻshiq 2006-yilning 17-aprelida Sinclarning „Western Dream“ nomli studiyaviy albomining ikkinchi singli oʻlaroq chiqarilgan.
Qoʻshiq eʼlon qilinishi ortidan Vengriya va Ruminiya xit-paradlarida birinchi pogʻonagacha koʻtarilgan, Buyuk Britaniya singllar xit-paradida esa toʻqqizinchi pogʻonani egallagan. Shuningdek, qoʻshiq 10 Yevropa mamlakatida yuqori oʻntalikka kirgan. Jumladan, Sinclarning vatani Fransiyada tarona ikkinchi pogʻonagacha koʻtarilgan. AQShda esa 2006-yilning iyulida qoʻshiq „Billboard“ jurnalining Dance Club Songs xit-paradida birinchi pogʻonagacha koʻtarilgan.
„World, Hold On (Children of the Sky)“ qoʻshigʻining bir necha remiksi mavjud. Qoʻshiqning E-Smoove hozirlagan remiksi 2007-yilda „Eng yaxshi remiks yozuv (klassik emas)“ () nominatsiyasida „Grammy“ mukofotiga nomzod qilib koʻrsatilgan.
Klipi Qoʻshiq klipida oʻsmir bola (David Beaudoin) uygʻonib, yangiliklarda Yer sayyorasiga meteorit tahdid solayotganidan xabar topadi. Buni koʻrgan oʻsmir fazo kemasini yasab, iti bilan Quyosh tizimi boʻylab uchadi. Fazoda Yerga qarab harakatlanayotgan meteoritni topadi va basketbol koptoklari yordamida uni yoʻq qilib, Yerni saqlab qoladi.
Yerga qaytganida uni qahramon oʻlaroq kutib olishadi. Onasi kelib peshonasidan oʻpganidan keyin, uygʻonib, buning barchasi tush boʻlganini anglab yetadi. Klipda Sinclar pechenyelar bilan „World, Hold On (Children of the Sky)“ qoʻshigʻini ijro etayotgan mitti siymo oʻlaroq tasvirlangan, ammo klip qahramoni xonandaga yoki oʻz xonasida raqsga tushayotgan oʻyinchoqlarga eʼtibor bermaydi.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Bob Sinclar qoʻshiqlari Turkum:2006-yil qoʻshiqlari Turkum:Ingliz tilidagi qoʻshiqlar Turkum:Alifbo boʻyicha qoʻshiqlar