Tamannaah Bhatia (1989-yil 21-dekabrda tugʻilgan) — asosan telugu, tamil va hind filmlarida faoliyat yuritadigan hind aktrisasi. 89 ta filmda suratga tushgan va Janubiy Hind kinosining eng yuqori haq oluvchi aktrisalaridan biri sifatida eʼtirof etilgan. U koʻplab mukofotlarga sazovor boʻlgan, jumladan, uchta Santosham kino mukofoti, ikkita Janubiy Hind xalqaro kino mukofoti va Kalaimamani mukofoti.

Erta hayoti Tamannaah Bhatia 1989-yil 21-dekabrda Hindistonning Bombay (hozirgi Mumbay) shahrida dunyoga kelgan. Uning ota-onasi Santosh va Rajni Bhatia hisoblanadi. Uning Anand Bhatia ismli katta akasi bor. U Sindhi hindulari kelib chiqishiga ega boʻlib, Mumbaydagi Maneckji Cooper Education Trust maktabida tahsil olgan. 13 yoshida u aktyorlik sanʼatini oʻrganishni boshlagan va bir yil davomida Prithvi teatrida sahna koʻrinishlarida ishtirok etgan.

Faoliyati Tamannaah Bhatia aktyorlik faoliyatini 2005-yilda hind tilidagi Chand Sa Roshan Chehra filmi bilan boshlagan. Oʻsha yili u telugu tilidagi Sree filmida rol ijro etdi. 2006-yilda u oʻzining ilk tamil filmi Kedida suratga tushdi. 2007-yilda u telugu tilidagi Happy Days va tamil tilidagi Kalloori filmlarida ishtirok etdi. Tomoshabinlar uning har ikkala filmda talaba sifatidagi rollarini yuqori baholagan va bu filmlar katta muvaffaqiyat qozongan. Ushbu rollar uni telugu va tamil kino industriyasida yetakchi aktrisa sifatida tanitdi.

U koʻplab muhim telugu filmlarida ishtirok etdi, masalan, Happy Days (2007), Konchem Ishtam Konchem Kashtam (2009), 100% Love (2011), Oosaravelli (2011), Racha (2012), Tadakha (2013), Baahubali: The Beginning (2015), Bengal Tiger (2015), Oopiri (2016), Baahubali 2: The Conclusion (2017), F2: Fun and Frustration (2019), Sye Raa Narasimha Reddy (2019) va F3: Fun and Frustration (2022). Uning taniqli tamil filmlari qatoriga Kalloori (2007), Ayan (2009), Paiyaa (2010), Siruthai (2011), Veeram (2014), Dharma Durai (2016), Devi (2016), Sketch (2018), Jailer (2023) va Aranmanai 4 (2024) kiradi. Shuningdek, u 11th Hour (2021), November Story (2021), Jee Karda (2023), Aakhri Sach (2023) va Do You Wanna Partner (2025) kabi teleseriallarda rol ijro etgan.

Filmografiyasi

Mukofotlari

Boshqa faoliyatlari Tamannaah Bhatia aktyorlikdan tashqari turli sohalarda faoliyat yuritgan. 2010-yillarning boshlarida u Fanta va Chandrika Ayurvedic sovuni kabi televizion reklamalarda model sifatida ishtirok etgan. 2015-yil mart oyida u Zee Telugu telekanalini vakillik qildi va oʻzining Wite & Gold zargarlik brendini taqdim etdi. 2016-yil yanvarida u Beti Bachao Beti Padhao kampaniyasini qoʻllab-quvvatladi. U 2018 va 2023-yillarda Hindiston Premyer Ligasi ochilish marosimlarida chiqish qildi.

Tamannaah Bhatia Luke Coutinho bilan hamkorlikda 2021-yil avgustida Penguin Random House India tomonidan nashr etilgan Back to the Roots kitobini yozdi. 2022-yil sentyabrida u Sugar Cosmetics kompaniyasiga aksiyador sifatida qoʻshildi. 2023-yilda u yanvar oyida IIFL Finance, iyulda VLCC va oktyabrda Shiseido brendining birinchi hind elchisi sifatida vakillik qildi. 2024-yil yanvarida u Cellecor Gadgets Limited kompaniyasining quloqchin va aqlli soatlarini targʻib qildi. 2024-yil martida esa Rasna yumshoq ichimlik konsentratini vakillik qildi. 2025-yil may oyida u Karnataka Soaps and Detergents Limited kompaniyasining Mysore Sandal Soap brendini ikki yillik muddatga vakillik qilish uchun brend elchisi sifatida tayinlandi.

Eslatmalar

Manbalar

Tashqi havolalar