Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev (1921-yil sentyabr — 1922-yil avgust) — Buxorodagi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, taniqli davlat va jamoat arbobi, Buxoro Markaziy Ijroiya komiteti (MIK) raisi. Otasi Qori Poʻlatxoʻja buxorolik savdogar boʻlgan. U dastlabki tahsilni Buxorodagi madrasada oladi va ilk jadid maktablaridan biriga asos soladiMarmara Universitesi Murat Yavan tezi.

Hayoti Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, 1878-yil Fargʻona vodiysiga qarashli Oʻsh shahrida dunyoga keladi. Otasi Poʻlatxoʻja, onasining ismi Fotma Oyim edi. Karamutulloh xoʻjaning avlodlaridan boʻlgan Poʻlatxoʻja ayni paytda Fayzulla Xoʻjayev (1896 — 1938)ning otasi Ubaydullaxoʻjaning akasidirKocaoğlu, Timur (2018) Türkistanʼda Yenilik Hareketleri ve İhtilaller: 1900-1924.. Buxoro amirining bosimlaridan qutilmoqchi boʻlgan buxorolik savdogarlar odatda bir necha yil Samarqand yoki Fargʻonaga borib, savdo sohasidagi faoliyatlarini u yerda davom ettirishgan. Poʻlatxoʻja Oʻsh shahrida savdo faoliyatini olib borgan. Bu davrda Fotma oyim bilan turmush quradi va bu turmushlaridan Usmonxoʻja dunyoga kelgan. Usmonxoʻja yoshligidayoq otasi tomonidan Buxoroga olib kelinadi va bu yerda maxsus tayinlangan ustozlar yordamida taʼlim oladi. Poʻlatxoʻja Buxorodagi taʼlimidan tashqari Istanbul, Boku, Boqchasaroy, Qozon va Toshkentda chiqqan gazeta va jurnallar, ayniqsa, Ismoil Gaspirali tomonidan chiqarilayotgan „Tarjimon“ gazetasini oʻqish orqali dunyoqarashini oʻzgartirgan. Bu yillarda Usmonxoʻja boshqa jadid (yangilikchi) ziyolilar kabi „Tarjimon“ gazetasidagi jadidchilik qarashlari va Usuli-jadid maktablari haqidagi xabarlardan qattiq ilhomlanadiDergi Park.

Jadidchilik faoliyatidagi oʻrni Usmonxoʻjaning 1898 va 1910-yillar orasidagi hayoti va faoliyati borasida juda ham kam maʼlumot mavjud. Bu yillar ichida Usmonxoʻja butun Turkiston boʻylab keng tarqalgan jadidchilik harakatining aʼzosi va uning yetakchilaridan biri boʻlgan edi. Jadidchilik harakati dastlab taʼlimda tub oʻzgarishlar qilish tashabbusi bilan chiqqan boʻlsa ham keyinchalik siyosiy harakat va hatto siyosiy partiyaga aylangan edi. Bu holatni Sadriddin Ayniy shunday izohlaydi: „Faqat, bu harakatni inqilobchi harakat deb boʻlmasdi. U bor yoʻgʻi maktab, madrasa va boshqa shu kabi urf-odatlarni tuzatish, amir tomonidan chiqarilgan soliqlarni maʼlum qolib va tartibga solish, amirning oʻzboshimcha harakatlarini toʻxtatishni xohlardi. Yangilikchi harakat koʻtargan muhim masalalaridan yana biri dehqonlardan olinadigan soliqning oʻzgarmas miqdorda qilib belgilanishi edi. Bu yangilikchi harakatga men ham qoʻshildim. Biz maktab va madrasalarni tuzatishni tashviq qilar edik“

Qirimda dastlabki jadid maktabini 1884-yilda ochgan Ismoil Gaspirali 1893-yilga Buxoroga kelib, Amir Abdulahad bilan koʻrishmoqchi boʻladi. Ammo amir bilan emas, amir vakillari bilan uchrashtiriladi. 1893-yili Samarqandda jadid maktabi ochiladi va bor yoʻgʻi 40 kun faoliyat olib boradi. Soʻngra amir buyrugʻi bilan yopiladi.

1898 va 1908-yillar ichida yuzga yaqin yangi jadid maktabi ochiladi. 1910-yilga kelib Turkistonda 102 ta boshlangʻich jadid maktabi va 2 ta oʻrta taʼlim beruvchi jadid maktabi faoliyat olib borayotgan edi. Bulardan 6 tasi Buxoro amirligida, 8 tasi esa Xiva xonligida faoliyat olib boradi. Buxoro amirligi hududida ochilgan jadid maktablari qisqa muddatli foliyatlaridan soʻng amir farmoni bilan birin-ketin yopiladi. Buxorodagi jadid maktablarini ochish borasidagi ishlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida buxorolik jadidlar va savdogarlar 1909-yilning mart oyida „Shirkati Buxoroyi sharif“ nomli savdo shirkati tashkil qilishadi. Va bu shirkatning soyasida yashirincha jadid maktablari uchun oʻquv darsliklari yetkazib berishga harakat qilishadi. Tarixchilardan Sadriddin Ayniy, Zaki Validiy Toʻgʻon, Hèléne Carrère d’Encausse va Boymirza Hayit va boshqalar „Shirkati Buxoroyi Sharif“ va 1910-yilda tuzilgan „Tarbiyai atfol“ (Bolalar taʼlimi) tashkilotchilarining orasida Usmon xoʻjaning ismini ham qayd qilishgan.

Usmonxoʻja Buxoro jadidlarining „Buxoroyi sharif“ va „Turon“ gazetalarini tashkil etishda yordam bergan. Roʻznomalarning nashr bilan bogʻliq xarajatlarida oʻz yordamini ayamagan. Jadidchilik gʻoyalari va maqsadlarini amalga maqsadida amirlikning Shahrisabz, Kitob, Karki bekliklarida maʼrifatchilik targʻibotlari oʻtkazgan. Karki bekligining Rossiya imperiyasi va Afgʻoniston bilan madaniy aloqalar, savdo-sotiq ishlarida ham muhim shaxsga aylangan. Karki shahrida Usmonxoʻja tashabbusi bilan 1910-yilda yangi usuldagi maktab tashkil etilgandi. Ushbu shaharda rus harbiy garnizoni joylashgan boʻlib, rossiyalik savdogarlarga bojsiz savdo qilish huquqi berilgan. Turkiyadagi oʻqishdan qaytgan talabalar orasida Usmonxoʻja yetakchi rol oʻynagan.

Usmonxoʻja tashkil etgan yangi usuldagi maktablarda bolalarni yoshlariga qarab sinflarga ajratish, bir kunda 4-5 soatdan koʻp dars oʻtmaslik, darslar oraliqlarida 10 daqiqalik tanaffus, asosiy diqqatni dunyoviy fanlarni oʻrgatishga qaratish, birinchi bosqichda oʻquvchilarning savodini chiqarish, juma hamda yakshanbani dam olish kuni sifatida belgilash, 10 oylik taʼlimdan soʻng oʻquvchilarga oʻquv taʼtillari berish, oʻquvchilardan imtihon olish, darslarni keng va shinam xonalarda olib borish, koʻzgazmali qurollar yaʼni, xarita va globuslardan foydalanish qoidalariga eʼtibor qaratilgan. Tadqiqotchi Adey Kloden bergan maʼlumotlarga qaraganda, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev Turkiya davlatidan Buxoroga oʻz hisobidan turli oʻquv qurollari, xaritalar, globus va turk tilida boʻlgan yevropa adabiyotlarini olib kelgan.

Buxorodagi jadid maktablari Usmonxoʻja va Hamidxoʻja 1913-yilning bahor oyida Istanbuldan Buxoroga qaytishadi. Shundan soʻng Usmonxoʻja Latifxoʻja ismli kishining uyida yangi jadid maktabini ochadi. Ayniyning bergan maʼlumotlariga koʻra Usmonxoʻja bu yerda qarindoshlarinig farzandlariga taʼlim berishni boshlab yuboradi. Shu yilning yoz oyida Usmonxoʻja Govgeshan hovuzining yonida bir binoni ijaraga olib, jadid maktabini u yerga koʻchiradi. Hamidxoʻja va boshqa jadidlar ham oʻziga qarashli maktablarni kengaytira boshlaydi. 1914-yilga kelib, oʻquvchi soni ortganligi bois Usmonxoʻja maktabni yanada kengroq binoga koʻchirishga majbur boʻladi. 1914-yilda Usmonxoʻjaga qarashli jadid maktabida 200 kishi, Mulla Vafoda 80 kishi, Markishda 150 kishi, Xiyobondagi maktabda esa 40-50 kishi taʼlim olmoqda edi. Bundan tashqari bu maktablarda kechki kurslar ham ochilib, yoshi katta kishilarga ham oʻqish-yozish oʻrgatila boshlanadi. Faqat, bu maktablarning faoliyat olib borishidan chor Rossiyasi va Buxoro hukumatining vakillari mamnun emas edilar. Rus hukumatining Buxoro amirligiga qilgan tazyiqidan soʻng Buxoro amirining odamlari turli bahonalar bilan jadid maktablarining faoliyatiga toʻsqinlik qila boshlashadi. Hatto jadid yetakchilarining bu ishdan voz kechishlari uchun katta pul ham taklif qilishadi. Sadriddin Ayniy Usmon xoʻja haqidagi bir voqeani shunday hikoya qilib beradi: "Bir kun Mulla Qamar bosh qozi Burhoniddinning buyrugʻi bilan eng ilgʻor jadid maktabiga ega boʻlgan Usmon xoʻja bilan koʻrishib, „agar siz oʻz istagingiz bilan maktabingizni yopsangiz, istagan yerda qozi yoki rais boʻlishingizga ulugʻ qozi nomidan vaʼda beraman“, deydi. Usmon xoʻja boʻlsa, „oʻqituvchilik qilishim, ochligimdan yoki yuksak maqomga yetisha olmaganimdan emas. Biz xalq va yurtning bolalariga foydali boʻlmoqchimiz, millatimizga foydamiz tegsin deb bu qiyinchiliklarni oʻz yelkamizga oldik. Qoʻlimizdagi bu muqaddas kasbimizni dunyo maqomiga sotmaymiz“, deydi. Ayniyning bergan maʼlumotlariga koʻra, bosh qozi (Qozi kalon) Burhoniddin oʻrtaga odam qoʻyib, boshqa jadid maktablarining egalariga ham turli vaʼdalar bersa ham oʻz maqsadiga yeta olmaydi. Jadid maktablarining keng faoliyatidan Rus elchiligi ham mamnun emasdi. Rus elchisining vakili N. Shulga Buxorodagi jadid maktablarini ziyorat qiladi. Shulga rasmiy raporida Usmonxoʻjaning jadid maktabini shunday taʼriflaydi: „Maktab koʻrinishi buxoroliklarning uyidan farq qilmaydi. Ich hovlisida Usmonxoʻjaning qoladigan xonadan tashqari ikkinchi qavatdagi xonalar bilan hisoblaganda dars xonalari bor yoʻgʻi ikkita xonaga sigʻdirilibdi. (Avvaldan xabar bermasdan borib kelgandim). Usmon xoʻjaning xonasida yevropacha ruhdagi buyumlari bilan bir qatorda Buxoro tipidagi anjomlar, devordagi tokchada esa koʻpi Samarqandda chop qilingan kitoblar bor edi. Sinfda esa stol-stullar, oʻquvchilarga berilgan daftarlar turardi… Maktablar odatda shinam va biz koʻnikib qolgan Buxoro maktablari bilan solishtirganda ancha katta taasurot uygʻotadi“.

Birinchi jahon urushidan keyingi siyosiy jaroyonlar Birinchi jahon urushi (1914-1918) davrida Chor Rossiyasi hukumati oʻz mustamlakalaridan biri boʻlgan Turkistondan aholini harbiy xizmat uchun emas, balki front orti ishlari uchun mardikorlarni toʻplash boʻyicha qaror eʼlon qiladi. 1916-yil gazetalarda eʼlon qilingan bu yangilik Turkiston xalqi tomonidan sovuq qarshi olinadi. Jadidlardan Mahmudxoʻja Behbudiy, Pahlavon Niyoziy, Usmonxoʻja, Qori Komil, Obidjon Mahmud kabilar yigʻilish oʻtkazib, bu qarorga oʻz noroziliklarini bayon qilishadi. Dastlab oʻqish yozish masalasini koʻtarib chiqqan jadidchilik harakati keyinchalik siyosiy harakatga aylanadi. Bunda 1916-yilgi xalq qoʻzgʻoloni va 1917-yilning oktyabr oʻzgarishlarining taʼsiri katta boʻlgandi. Jadidlar Buxoroda ochgan jadid maktablarining yopilaverishidan soʻng bu yoʻl bilan uzoqqa borib boʻlmasligini tushunib yetishgandi. Buxoro amiri Amir Olimxon bora-bora Rossiyaning Buxorodagi tayanchi rus elchiligi qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlib qolayotgan edi. 1917-yil 12-mart kuni Yangi Buxoroda Ijroqoʻm saylanadi. Yosh buxoroliklar jamiyati aʼzolari oʻz rejalarini Rossiyada hokimiyatga kelgan Muvaqqat hukumat orqali amalga oshirmoqchi boʻladilar. Petrogradga telegramma yuborib, amir Olimxonni islohot oʻtkazishga davat qilishni soʻraydilar. Hech qanday javob boʻlmagach, ikkinchi telegramma yuboriladi. Bu bilan kifoyalanmay Usmonxoʻja va Abdurauf Fitrat poytaxtga yoʻl oladilar. Ular Orenburgga yetganlarida Yosh buxoroliklar va amirlik oʻrtasidagi muammolarni hal qilish uchun maxsus komissiya yuborilganidan xabar topadilar va Buxoroga qaytadilar. Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev bu paytda Yosh buxoroliklar partiyasining eng faol aʼzolaridan boʻlgan. Rus elchisi Miller, Shulga va Vedinskiylarning maslahati bilan amir 1917-yilning 30-mart kuni „Hurriyat bayonnomasi“ni eʼlon qiladi. Jadidlar bu bayonnamadan soʻng tinch namoyish tashkil qilishadi. 1917-yil 8-aprel kuni boʻlib oʻtgan bu namoyishda 7 ming kishi qatnashadi. Namoyishchilar „Yashasin amir, Hurriyat, Adolat, Musavvat!“ shiori ostida arkka tomon yoʻl olishadi. Biroq, Buxoro amirining sarbozlari kuch ishlatadi va koʻplab jadidlarni hibsga ola boshlaydi. Jadidlarning koʻpchiligi Kogonga, undan soʻng Toshkentga qochib ketishadi. Amirning sarbozlaridan qochib qutilganlar orasida Usmonxoʻja ham bor edi. Bu voqeadan keyin jadidchilar Buxoroda amir hokimiyatini agʻdarish uchun jiddiy tayyorgarlik koʻra boshlaydi. „Yosh buxoroliklar“ oʻz harbiy armiyasiga ega boʻlmaganliklari tufayli Toshkentdagi sovet komissarligidan yordam soʻrashga majbur boʻlishadi. Bu borada tarixchilarning fikri ijobiy yoki salbiyga boʻlinadi. Ammo avval „Yosh buxoroliklar“ning oʻzi ham ikkiga boʻlinganini aytib oʻtish lozim. Ularning bir qismi rus va bolsheviklardan mustaqil harakat qilishni xohlagan boʻlsa, boshqa qismi marksizm va sotsializmga moyilroq edi. 1973-yilda chop qilingan Oʻzbekiston sovet ensiklopediyasining „Yosh buxoroliklar“ boʻlimida Usmonxoʻjaning bu boradagi oʻrni shunday tavsiflanadi: "Yosh Buxoroliklarning oʻng oqimiga kiruvchi jadidlar „Buxoro inqilobi“dan soʻng inqilobga qarshi harakatning faol ishtirokchisiga aylanishgan edi".