thumb thumb|Bogʻning yoʻlak qismi thumb|Shimoliy Amerika oʻsimliklari ekspozitsiyasidamn singan daraxt tasviri.

Botanika instituti va botanika bogʻi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti va botanika bogʻi — Toshkent shahridagi ilmiy muassasa. Unda tabiiy sharoitda oʻsadigan oʻsimliklar dunyosi har tomonlama oʻrganilib, muhofaza qilish, qayta tiklash, ulardan oqilona foydalanish, oʻsimliklar institutroduksiyasi va biotexnologiyasiga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi.

Tarixi Botanika instituti 1932-yilda Oʻzbekiston Fanlari qoʻmitasi qoshidagi oʻsimliklar xom ashyosi boʻlimi asosida shakllangan va 1941-yildan Botanika va tuproqshunoslik instituti deb atala boshlagan. 1948-yilda Tuproqshunoslik boʻlimi mustaqil institut boʻlib ajralib chiqqach, botanikaga oid ishlar Botanika va zoologiya ilmiy tadqiqotlar institutida olib borildi. 1950-yilga kelib mustaqil Botanika ilmiy tadqiqotlar instituti tashkil topdi. 1998-yilda institutga botanika bogʻi qoʻshilgach, Botanika instituti va botanika bogʻi deb ataladigan boʻldi.

Tarkibi Institutda 11 laboratoriya boʻlib, bular orasida deyarli barcha qitʼalardan yigʻilgan 1 milliondan ziyod oʻsimlik nusxalariga ega boʻlgan yirik Markaziy gerbariy laboratoriya Oʻrta Osiyoda yagona laboratoriya hisoblanadi. Institut bevosita tabiatda ish olib boradigan „Qizilqum choʻl stansiyasi“ga, Gʻarbiy Tyanshan (Ugam tizmasi)da va Orol dengizi boʻyida joylashgan tayanch nuqtalarga ega. Institutda oʻsimliklar qoplami, ekologiya, tabiatni muhofaza qilish, paleobotanika, oʻsimliklar xom ashyosi, anatomiyasi, sitoembriologiyasi, Orol dengizi atrofidagi qurib qolgan yerlarni qayta oʻzlashtirish, chorva mollari uchun yem-xashak bazasini tashkil etish, ifloslangan suvlarni biologik usulda tozalashga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Oʻrta Osiyo, jumladan Oʻzbekistonning tabiiy florasi va oʻsimliklar jamoasini oʻrganish ustida olib borilgan fundamental tadqiqotlar natijasida 4274 tur, 1023 turkum va 138 oilani oʻz ichiga olgan va Beruniy mukofotiga sazovor boʻlgan 6 jildli (rus tilida) „Oʻzbekiston florasi“, 125 oilaga mansub 8097 tur va 1152 turkumni oʻzida mujassamlashtirgan 10 jildli „Oʻrta Osiyo oʻsimliklari aniqlagichi“, 10 jildli „Oʻzbekiston zamburugʻlari florasi“, „Oʻrta Osiyo suv havzalari suv oʻtlari florasi“, 3 jildli „Oʻrta Osiyo koʻk-yashil suvoʻtlar aniqlagichi“, 2 jildli „Zarafshon florasi va oʻsimliklari“, 2 jildli „Oʻrta Osiyo va Janubiy Qozogʻiston oʻsimliklari“, 4 jildli „Oʻzbekiston oʻsimliklar qoplami va undan oqilona foydalanish“, 3 jildli „Oʻzbekiston paleobotanikasi“, „Oʻzbekiston Qizil kitobi“, „Choʻl oʻsimliklarining ekologik anatomiyasi“ kabi 120 dan ziyod monografiya va toʻplamlar nashr etildi. Institutda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar ishlari oʻz maktablari bilan dunyoga tanilgan Ye. P. Korovin, A. M. Muzaffarov, Q. Z. Zokirov, J. K. Saidov kabi olimlar faoliyati bilan bevosita bogʻliq.

Institut Germaniya, Finlandiya, Xitoy, Janubiy korea hamda MDH davlatlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar ishlari olib boradi. Institutda botanikaning turli sohalariga bagʻishlangan xalqaro simpoziumlar oʻtkazib kelinadi. Institutda 1 akademik, 7 fan doktori, 13 ga yaqin fan nomzodlari 5 falsafa doktori (PhD) dan iborat 40 dan ziyod ilmiy xodim faoliyat koʻrsatadi (2018).

2012-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 7-fevraldagi № 33-sonli Qaroriga binoan „Botanika“ ilmiy ishlab chiqarish markazi va Zoologiya institutining negizida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻsimlik va hayvonot olami genofondi instituti tashkil etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-sentabrdagi PQ-3256 „Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkillashtirish chora tadbirlari haqida“ Qaroriga asosan Botanika instituti Fanlar akademiyasi tarkibida mustaqil ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida ajratildi. Botanika instituti flora, oʻsimliklar sistematikasi, geobotanika, morfologiya va anatomiya, mikologiya, algologiya, resursshunoslik, kamyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar kadastri va davlat kadastrini yuritish boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni oʻtkazishga ixtisoslashtirilgan.

Mustaqillik yillarida Institutda Oʻrta Osiyo florasining zamonaviy tarkibi tuzilgan, mahalliy florani yaratish boʻyicha yangi tadqiqotlar boshlangan, botanik-geografik rayonlashtirishning yangi sxemasi ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston mahalliy floralarining yangi elektron maʼlumotlar bazasi ishlab chiqilgan. Bu vaqt mobaynida Oʻzbekistonning turli hududlaridan fan uchun 30 dan ortiq yangi tur topilgan. Milliy Qizil kitobning 3 ta nashri tayyorlangan, oʻsimliklarning qurgʻoqchil sharoitlarda strukturaviy moslashish qonuniyatlari aniqlangan, Oʻzbekistonning bir qator hududlari, jumladan, Orol dengizi qurigan tubining oʻsimliklar qoplami xaritalari tuzilgan. Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari yuksak oʻsimliklari florasi kadastri amalga oshirilgan. Bevosita Institut xodimlari ishtirokida bioxilma-xillikni saqlab qolish boʻyicha milliy harakatlar rejasi va milliy strategiya ishlab chiqilgan (2015).

Institut ilmiy faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilar: Oʻzbekiston oʻsimliklar olami obyektlarini monitoring qilish va baholash, asosiy botanik hududlarni identifikatsiya qilish, milliy maʼlumotlar bazasini shakllantirish, milliy Qizil kitob va Oʻzbekiston florasi davlat kadastrini yuritish, xom ashyo oʻsimliklarini inventarizatsiya qilish; molekulyar filogeniya va sistematikani rivojlantirish, elektron barkodlash va Oʻzbekiston florasining kamyob va yoʻqolib borayotgan turlarini pasportlash; oʻsimliklarning iqtisodiy jihatdan istiqbolli turlarini introduksiya va akklimatizatsiya qilish, Oʻzbekiston florasining kamyob, yoʻqolib borayotgan va endem turlarining genetik bankini yaratish; ekosistemalarning zamonaviy holatini antropogen omillar va choʻllanish jarayoni taʼsiri ostida baholash, arid ekosistemalaridan barqaror foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish.

Hozirgi kunda Institutda 5 ta laboratoriyada ilmiy faoliyat olib boriladi.

1. Oʻzbekiston florasi laboratoriyasi oʻsimliklar sistematikasi va flora boʻyicha tadqiqotlarga ixtisoslashgan. Oxirgi 10 yil ichida laboratoriya negizida Oʻzbekistonning botanik-geografik rayonlashtirish, Oʻzbekiston oʻsimliklar xilma-xilligining elektron maʼlumotlar bazasini yaratish, bir qator kam tadqiq qilingan hududlarni oʻrganish va flora konspektlarini chop etish kabi tadqiqotlar bajarilgan. Hozirgi kunda Oʻrta Osiyo hududida oʻxshashi yoʻq bir qator ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston florasining yangi tomlarini tayyorlash va nashr qilish boʻyicha fundamental loyiha doirasida 2016-yilda Amaryllidaceae oilasiga bagʻishlangan „Oʻzbekiston florasi“ monografiyasining birinchi tomi chop etildi. Laboratoriyada Zarafshon tizmasi gʻarbiy tizmalari florasini toʻr tizimli xaritalashga bagʻishlangan Oʻrta Osiyo uchun yangi amaliy loyiha amalga oshirilmoqda.

2. Oʻsimlik resurslari laboratoriyasi 2017-yilda tashkil etilgan. Laboratoriyaning asosiy ilmiy faoliyati Oʻzbekistonning xom ashyo oʻsimliklarini inventerizatsiya qilish hamda texnik va dorivor oʻsimliklarning biologik va ekspluatatsion zahiralarini aniqlashdan iborat. Oʻzbekiston florasi yuksak yovvoyi oʻsimliklari — dorivor, asal-shirali, texnik va ozuqabop oʻsimliklari genofondiga juda boy. Umumiy turlar xilma-xilligi 1000 turdan kam emas. Hozirgi kunda laboratoriya dorivor oʻsimliklar boʻyicha interaktiv elektron maʼlumotlar bazasini yaratish ustida ish olib bormoqda. Ushbu baza Oʻzbekistonning asosiy yovvoyi dorivor oʻsimliklari haqida toʻliq maʼlumotni oʻzida aks ettiradi. Laboratoriya tadqiqotlarining yana bir yoʻnalishlaridan biri xalk tabobatining yangi dorivor oʻsimliklarini oʻrganuvchi va yurtimiz tabobatining rasmiy dorivor oʻsimliklar tarkibini toʻldiruvchi etnobotanik tadqiqotlar hisoblanadi.

3. Geobotanika va oʻsimliklar ekologiyasi laboratoriyasi 1953-yilda akademik E. P. Korovin tashabbusi bilan tashkil etilgan. Laboratoriyada choʻl ekosistemalari dinamikasini iqlim va antropogen omillar bilan bogʻliq holda oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Oʻzbekistonning tabiiy oʻsimlik qoplamlarining zamonaviy holatini oʻrganish, arid mintaqalar em-xashak oʻsimliklarini inventarizatsiya qilish va ulardan ratsional foydalanish yoʻllarini ishlab chiqish laboratoriyaning asosiy vazifalari hisoblanadi. Choʻl yaylovlarining zamonaviy holatini yaylov oʻsimliklar qoplami transformatsiyasini aniqlash asosida oʻrganish laboratoriyaning asosiy ilmiy yoʻnalishidir. Uzoq yillik tadqiqotlar davomida yaylovlarni xaritalash, yaylovga tushayotgan bosim va ularning mavsumiy hosildorligini aniqlash, yaylovlarning florogenetik tarkibini inventarizatsiya qilish va kamyob turlar iqlim oʻzgarishi va antropogen taʼsirlarning turli tiplari bilan bogʻliq holda monitoring qilish kabi tadqiqotlar olib borilgan. Hozirgi kunda Ustyurt platosi oʻsimliklar qoplami dinamikasini iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq holda aniqlash boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Laboratoriya tadqiqotlarining yana bir yoʻnalishlaridan biri Oʻzbekiston arid mintaqalarinining yuksak oʻsimliklari davlat kadastrini yuritish hisoblanadi. Soʻnggi yillarda laboratoriya xodimlari tomonidan respublikaning arid ekosistemalarida oʻsuvchi kamyob va yoʻqolib borayotgan turlar senotik populyasiyalarining holatini baholashga bagʻishlangan zamonaviy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.

4. Mikologiya va algologiya laboratoriyasi tadqiqotlarining asosini Oʻrta Osiyo suv havzalari suvoʻtlarini oʻrganish tashkil etadi. Koʻp yillik tadqiqotlar natijasida mikroskopik suvoʻtlarining va tabiiy suv havzalari, suv omborlari, sugʻoruvchi kanallar va sholi maydonlari tarkibidagi yuksak suvoʻtlarining turlar xilma-xilligi aniqlangan. Hozirgi kunda laboratoriyada mikologiya va algologiya sohasida tadqiqotlar olib borilmoqda. — mikologik tadqiqotlar Oʻzbekiston zamburugʻlar florasini oʻrganish, alohida taksonlar boʻyicha aniqlagichlar tuzish, makro- va mikromitsetlarning biologiya, ekologiya va geografiyasini oʻrganish, elektron maʼlumotlar bazasi va tarqalish xaritalarini tuzish, madaniy, qishloq xoʻjaligi va yovvoyi em-xashak oʻsimliklarining zararli zamburugʻ kasalliklariga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda dorivor va ozuqabop zamburugʻlar etishtirish usullarini ishlab chiqishdan iborat. — algologik tadqiqotlar Oʻzbekiston tuproq va suv havzalari suvoʻtlarining turlar xilma-xilligini, respublika suv havzalari florasining indikator-saprob turlarini inventarizatsiya qilish va ularni suvning ekologik-sanitariya holatini baholashda qoʻllash, suvoʻtlarini kolleksiyalarda saqlab qolishdan iborat.

5. Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasi Oʻsimliklarning sistematik birliklarini aniqlash asosida olib boriladigan fundamental va amaliy koordinatsiyasi asosida molekulyar genetik tahlillar boʻyicha turga oid boʻlgan xususiyatlarini aniqlashdan iboratdir. Oʻzbekistonning kamyob turlar genofondini faollashtirish, ularni populyatsion darajada saqlab qolish. Ekologik — genetik tadqiqotlar.

Laboratoriyaning istiqbolli maqsadining amalga oshirishdagi vazifalari: Oʻsimlik turlarini metodik pasportlashtirishni ishlab chiqish, molekulyar-genetik identifikatsiyasini yuzaga chiqarish, shtrixkodlash va Oʻrta Osiyo yovvoyi oʻt-oʻsimliklari populyatsiyasi holatini baholash. Taksonlarni identifikatsiyalashning sistematik avtomatlashtirish darajasida ishlab chiqish. Oʻsimliklar tabiiy xom-ashyosi zaxiralaridan oqilona foydalanish, shuningdek atrof-muhit holatini monitoringini yoʻlga qoʻyish uchun Oʻzbekistonning alohida hududlaridagi kamyob oʻsimliklarini molekulyar-filogenetik tadqiq qilish. Ushbu yoʻnalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va mustaxkamlash maqsadida shu yoʻnalishdagi tashkilotlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish.