Amaliy sanʼat, amaliy bezak sanʼati – bezak sanʼati sohasi; ijtimoiy va shaxsiy turmushda amaliy ahamiyatga ega boʻlgan badiiy buyumlar tayyorlash va kundalik turmush ashyolari (asbob-anjomlar, mebel, mato, mehnat qurollari, kiyim-kechaklar, taqinchoqlar, oʻyinchoqlar va boshqalar)ni badiiy ishlash bilan bogʻliq ijodiy mehnat sohalarini oʻz ichiga oladi. Amaliy sanʼat asarlari koʻz bilan koʻrish, his etish va anglashga moʻljallangan. Amaliy sanʼat asarlari va buyumlari insonning moddiy muhitini goʻzallashtirishga, estetik boyitishga xizmat qiladi, ayni paytda oʻzining koʻrinishi, tuzilishi, xususiyatlari bilan insonning ruhiy holati, kayfiyatiga taʼsir etadi, bezatilgan narsalar hayotda foydalanilishidan tashqari badiiy qimmati boʻlgani uchun ham qadrlanadi. Shuning uchun xom ashyoning goʻzalligi va nafis xususiyatlarini namoyish etish, unga ishlov berish mahorati va usullarining koʻpligi Amaliy sanʼat da estetik taʼsirni oshiruvchi ahamiyatga ega faol vositalardir. Amaliy sanʼatda narsalarning nafisliligiga ikki usul bilan erishiladi: 1) shakli oddiy, joʻn buyumlarga bezak ishlab badiiy qimmati oshiriladi; 2) shakli chiroyli qilib ishlanadi. Narsalarning tuzilishi badiiy buyumlarning mujassamotida muhim rol oʻynaydi. Xom ashyoning goʻzalligi, qismlarning mutanosibligi, tuzilishining maromi buyumning taʼsirchan umumlashma qiyofasini ifodalovchi yagona vositalardir. Taʼsirchan mazmunli shakllar koʻpincha taqlidan yaratilganda mazmuni ortadi. Buyumda hosil boʻlayotgan bezak uning obraz tuzilishiga ham sezilarli taʼsir etadi. Bezagi tufayli buyum Amaliy sanʼat asariga aylanadi. Amaliy sanʼat da bezak yaratishda naqsh bilan tasviriy sanʼat (haykaltaroshlik, rangtasvir, ayrim hollarda grafika) qismlari (alohida yoki turlicha birikuvlari) keng qoʻllanadi. Baʼzan naqsh yoki tasvir buyumlarni shakllantiruvchi asosga aylanadi (panjara guli, toʻr; gilam, mato gullari va hokazo). Amaliy sanʼat asarining uygʻunligi avvalo badiiy buyumning badiiy va amaliy vazifasining yagonaligida, shakl va bezakning oʻzaro birikuvida, tasvir va buyum tuzilishida namoyon boʻladi. Bezakning shakl, tasvirning buyum koʻlami va xususiyati, uning amaliy va badiiy vazifasi bilan uygʻunlashtirishning zarurligi tasviriy boʻlaklarni oʻzgarishiga, talqinda shartlilikka va narsa qismlarini oʻxshatib yaratishga olib keladi. XIX asr 2-yarmidan ilmiy adabiyotlarda Amaliy sanʼat asarlari foydalanilgan xom ashyosi (yogʻoch, sopol, ganch, tosh, metall, suyak va boshqalar) va ijro usuli (boʻyash, oʻyib-kesib ishlash, quyish, kashta tikish, toʻqish va boshqalar)ga qarab farqlana boshlandi. Bu esa oʻz navbatida buyumlarga ishlov be-rishni loyihalash (dizayn) va uni ishlab chiqarish bilan bogʻlanishi (badiiy sanoat)ga zamin yaratdi. Amaliy sanʼat asarlari yaratilgan davrining maishiy qatlamiga mos mahalliy va milliy xususiyatlarni, ijtimoiy guruhlar bilan yaqin munosabatda boʻlgan uning moddiy madaniyatini ifoda etadi. Asrlar mobaynida xalq, ijodiyotining sohasi sifatida amaliy bezak sanʼati. yuzaga kelgan. Uning rivojida xalq yashagan joyning jugʻrofiy sharoiti, xalqining mashgʻuloti, etnik va milliy jihatlari, turmush tarzi, madaniy darajasi, qoʻshni xalqlar bilan aloqalari va boshqa muhim rol oʻynagan. Kulollikka yaraydigan tuproq mavjud joylarda kulollik, chorvachilik rivoj topgan yerlarda jundan mato toʻqish, moʻynadoʻzlik, kigiz bosish, gilamchilik va sh.k. rivojlangan, Amaliy sanʼat asarlarining maʼlum joyga xos uslublari shakllangan. Oʻzbekiston hududidan mezolit davriga oid qadimgi sanʼat yodgorliklari topilgan. Neolit davri sopol idishlari qoʻlda yasalib, chiziqcha, nuqta va ilonizi tasvirlar (tirnoq, qoʻl bilan chizib) tushirib bezatilgan. Fargʻona vodiysidan miloddan avvalgi 3-ming yillik oxiri – 2-ming yillikka oid jez davri quyma badiiy buyumlari (jez va kumush buyumlar xazinasi) topilgan. Sopol idishlarga keyinchalik handasiy bezaklar ishlana boshlangan. Fargʻona vodiysi, Surxondaryo viloyati oʻtroq dehqon aholisi idishlari shu davrda uchburchak, rombsimon yoki kataqsimon qizil-qora chiziqchalar bilan bezalgan; Amudaryo boʻyi vohasidan topilgan buyumlarda ham shunday tasvirlar jigarrang, oq zaminga chizilgan. Jez davri dasht qabilalari foydalangan sopol idishlardagi uchburchak, ilonizi, archasimon yoki yoʻl-yoʻl tasvirlar qolip bilan bosilgan (Xorazmdagi Tozabogʻyop madaniyati, Buxoro vohasidagi Qizilqir qabristoni). Miloddan avvalgi IV–II asrlar yodgorliklariga oid sopol idish va haykalchalarga hayvonlar shakli ishlangan (Qovunchi madaniyati idish dastasidagi hayvon shakli; Afrosiyob va Xolchayondan topilgan taqinchoqlardagi boʻrtma tasvirlar). Ilk oʻrta asr (V–VIII asrlar) amaliy bezak sanʼati Sugʻd, Tohariston, Xorazm va Fargʻonadagi davlatlar madaniyati bilan bogʻliq ravishda rivojlangan. Ganch oʻymakorligi (Samarqand, Varaxsha) va yogʻoch oʻymakorligi (Surxondaryo viloyati)da naqshga mavzuli mujassamotlar aralashtirib berilgan, yassi boʻrtma bezaklar oʻrnini hajmli shakllar egallagan. Handasiy va uslublashtirilgan oʻsimliksimon naqsh asoslari yanada mukammallashtirilgan. Afrosiyob, Bolaliktepa va Varaxsha rasmlarida tasvirlangan rang-barang kiyimlar shu davrda badiiy toʻqimachilik taraqqiy etganidan darak beradi. Surxondaryo viloyatining Termiz sh. yaqinida joylashgan qabristondan, Pop tumani Munchoqtepa manzilgohidan IV–VI asrga oid qadimgi ajoyib kiyimlarning oʻziga xos namunalari topilgan, bundan qadimgi fargʻonaliklar kiyimi ancha murakkab qilib tiqilganligi maʼlum boʻladi. Samarqand viloyatidan qadimgi mahsi, Fargʻona vodiysidan qolip va charm kesadigan maxsus pichoq topilishi Oʻzbekistonda, umuman butun Turkistonda deyarli bir vaqtda, yaʼni V–VI asrlarda bu oyoq kiyimning urf boʻlganini koʻrsatadi. Fargʻona vodiysi, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent, Surxondaryo va Qashqadaryoda pichoqchilikning qadimgi markazlari boʻlgan. Pichoqlar faqat uy-roʻzgʻor buyumi emas, balki harbiy qurol, hunarmandlik asbobi sifatida qoʻllanilib kelingan. VI–XII asrlarga oid pichoq namunalari metall tarkibining, pichoq yasash usuli va bezaklarining oʻzgarib, taraqqiy eta borganini tasdiqlaydi. Navoiy, Bobur asarlariga ishlangan miniatyuralarda (XV–XVII asrlar) yonga osib yuriladigan pichoklarning turli xil namunalari tasvirlangan. VII–IX asrlarda toʻqimachilik taraqqiy etgan, ip, ipak matolardan tashqari qimmatbaho parchalar ham ishlab chiqarilgan. Oʻsimlik va handasiy naqsh-bezaklariga boy, jonzodlar tasviri tushirilgan „zandonachi“ matosi bizgacha saqlanib kelingan. Zandonachi matosining mujassamoti taqsim usulida tushirilgan; bir meʼyorda almashinib turgan turunj bezaklari ichiga bir juft qarama-qarshi turgan arslon, fil va boshqa hayvonlar tasviri joylashtirilgan.V–X asrlarda sopol buyumlarning maxsus turi – ostadonlar tayyorlash rivoj topdi. Ostadonlarni bezashda tasviriy mavzulardan keng foydalanilgan: ajdodlar, homiylar va xudolar, parrandalar, shuningdek daraxt va boshqa oʻsimliklar oʻyma, boʻrtma va boshqa usullarda ishlangan. VI–X asrlardan shisha idishlar koʻplab ishlandi; koʻzacha, qadaxlar, siyoxdon, turli idishlar rangli (qizil, olcha rang, sariq, koʻk, yashil), rangsiz shishalardan tayyorlanib, boʻrtma, bos-391ma, chizma, qadama usullarda bezatilgan. Koʻplab rang-barang shisha munchoqlar ishlab chiqarilgan. Marmar qabr toshlari usti girih naqshlar bilan bezatilgan, yogʻoch va marmardan panjaralar ishlangan. Meʼmorlikda anʼanaviy ganch, yogʻoch oʻymakorligi bilan bir qatorda gʻisht qalab naqsh hosil qilish sanʼati rivoj topdi. XII asrda meʼmorlikda oʻyma terrakotadan, sirlangan gʻishtdan foydalanildi, mahobatli binolarning devor, gumbazlari koshin bilan qoplab, bino ichi ganch oʻymakorligi, boʻyama naqshlar bilan bezatilgan. Islom dini qaror topishi bilan Amaliy sanʼat ning turli sohalarida badiiy bezak asarlari, mavhum naqsh-bezaklar yaratishga intilish kuchaydi. IX–X asrlar meʼmoriy naqqoshlikda handasiy (yulduzsimon shakllarning turli koʻrinishlari) va arab yozuvlari ishlash yetakchi oʻrinda turgan. Girih sanʼati yuksaldi. Rangli sirning ixtiro qilinishi (VIII-asr) bilan badiiy kulollik taraqqiy etdi. Samarqand, Toshkent, Buxoro, Termiz va boshqa shaharlarda sopol idishlarga naqsh-bezaklar ishlab, boʻyab, ustidan sirlash usuli oʻzlashtirildi. Dastlab sodda yashil bezak ustidan xira sir qoplangan yoki 2-3 xil rangda sir dogʻlari oqizilgan idishlar ishlangan boʻlsa, X-XI asrlarda idishning oq yoki gʻisht rang kizil zaminiga rangli angob bilan aniq naqsh mujassamoti tushirilib, ustidan tiniq (shaffof) qoʻrgoshin sir qoplangan. Shu davr kulolligi (ayniqsa Afrosiyob idishlari)ga bezak bilan badiiy shaklning bir-biriga mos ravishda ishlanishi xosdir, keskin rangli bezakning aniq ishlanishi va tasvirlarning mahalliyligi („kufiy“ yozuvlari, novda, lola, anor, tok barglari tasvirlanishi) bilan ajralib turadi. Keyingi davr idishlariga uslublashtirilgan oʻsimliksimon naqshlar, yozuvlar va baʼzi hayvonlar shakli tushirilgan: yashil, yorqin havorang sirli idishlar, sirsiz bosma usulda tasvir tushirilgan, naqshli sopol idishlar ham koʻp ishlangan. XII-asrdan koshindan noziq yupqa idishlar koʻplab ishlana boshlandi. Badiiy metall buyumlar oʻrta asr uslu-bida yaratilgan. Idishlar (koʻza, qozoncha, shamdon va boshqalar) bronzadan yasalib, hoshiya va turunj naqshlar bilan bezatilgan, yozuvlar uslublashtirilgan oʻsimliksimon naqshlar bilan, baʼzan kush va hayvonlar tasvirlari ham aralashtirilgan, chizma, kandakori va boshqa usullarda ishlov berilgan. Xoʻja Ahmad Yassaviy maqbarasida saqlangan ulkan qozon (1390) bezaklari, oʻyib naqshlangan eshik (1397), kumush qadab nafis ishlangan shamdonlar oʻsha davr Ax.ning nodir namunalaridir. Shishasozlik (turli-tuman rangli qadah, piyola, likobcha va koʻzachalar) va badiiy toʻqimachilik rivojlangan. XIII–XIV asrlarda moʻgʻullar istilosi va undan keyingi davrlarda badiiy sopol idishlar mayda oʻsimlik va chizma naqshlar bilan bezalgan; yashil-qora va feruza-havorang boʻyokdar oq angob ustiga tushirilgan, ustidan rangsiz yoki shaffof sir bilan qoplangan. Amir Temur va Temuriylar davrida badiiy xunarmandlik yanada ravnaq topdi; nafis matolar, gulli kashtalar, zeb-ziynat buyumlari, badiiy bezatilgan qurollar, ot abzallari, idishlar ishlab chikarilgan. Registon, Shogʻizinda, Oqsaroy kabi yirik meʼmoriy ansambllar yaratilib, bino tarzi rang-barang koshin va parchinlar bilan bezatilgan, bino ichi halli naqsh va boʻyama naqshlar bilan, XV asr 2-yarmidan tilla halli boʻrtma „kundal“ naqshi bilan bezatilgan. Yozma manbalarda Amir Temur saroylariga mavzuli tasvirlar, boʻyama naqshlar ish-langanligi qayd qilingan. Shayboniylar hukmronligi (1500- 1601) va Ashtarxoniylar (1601 – 1753) davrida Oʻzbekiston hududida tinimsiz urushlar boʻlib turgan. Shuning uchun ham badiiy hunarmandlik poy-taxt – Buxoro va qisman boshqa yirik shaharlarda – Samarqand, Toshkent, Xivada toʻplangan, xattotlik, kitobat sanʼ-ati, muqovasozlik, kitob miniatyurasi, qoʻlyozmalar yaratish sanʼati rivojlangan. 392Ustalar qoʻlyozma kitob sahifalarini zarhal berib, noziq oʻsimlik va handasiy naqshlar bilan toʻldirib bezashgan. Oʻzbekistonning barcha markazlarida ip, ipak, jun matolar (atlas, zandonachi, baxmal, boʻz, shohi, olacha, parcha) va tayyor bu-yumlar (roʻmol, dasturxon, salla, belbogʻ, qiyiq va boshqalar) ishlab chiqarilgan. XVIII asrlarda toʻqimachilik markazlari Buxoro, Margʻilon, Andijon, Samarqand, Xiva, Toshkentda joylashgan. Shahrisabzda popur (popop) chokli soʻzanalar, Buxoro, Samarqand, Toshkentda xon va ulamolar uchun zardoʻzi buyumlar tayyorlangan. XVIII−XIX asrlarda mahobatli binolarni ayniqsa ichki qismini koshin, tosh, ganch, yogʻoch oʻymakorligi bilan bezatish davom etdi. Kulollik va kandakorlik sanʼati yuksak darajaga koʻtarildi. Kandakorlikning Buxoro, Qarshi, Xiva, Shahrisabz uslublari vujudga keldi (qarang Qoʻqon kan-dakorlik maktabi, Buxoro kandakorlik maktabi). Amaliy bezak sanʼatining boshqa turlarining mahalliy uslublari shakllandi. Yozma manbalardan XVIII asrda iroqi doʻppilar koʻplab tiqilgani maʼlum. XIX asr 1-yarmi va oʻrtalariga oid kashtalarda (Buxoro, Samarqand, Nurota) chaman-zorlar t
Kaynak ve lisans
Kaynak: Wikipedia — Amaliy sanʼat · katkı geçmişi.
Metin: CC BY-SA 4.0.
Metin düzenlemesi hakkında
Viki işaretlemesi ve şablonlar çıkarıldı; uzun metinler kısaltıldı.