Orif Alimahsumov (1927-yil 21-may, Toshkent − 2005-yil 14-fevral) — xonanda va sozanda, Oʻzbekiston xalq artisti (1977).

Faoliyati Dastlab buvasi Usta Qoʻchqordan ommaviy kuy va qoʻshiqlarni, xonanda Eshmat Haydarovdan katta ashula, Yunus Rajabiy va Faxriddin Sodiqovdan maqom yoʻllarini oʻrgangan; Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan (1967). Oʻzbek estrada teatri (1956–1957), Oʻzteleradio (1957–1986)da yakkaxon, Oʻzteleradio huzuridagi Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli (1976–1979 va 1983–1986), etnografik ansambl (1979-1983) badiiy rahbari, Yangiyoʻl shahri Madaniyat uyi maqomchilar ansambli rahbari (1972–1978), Toshkent davlat konservatoriyasi (1983–1985), Toshkent davlat sanʼat institutida (1986-yildan) katta oʻqituvchi. Ijodi Alimahsumov tabiatan diapazoni keng, kuchli, lekin mayin ovozga ega. Xonandalikning turli uslublari, ayniqsa, ishkamiy anʼanalarini puxta oʻzlashtirgan. Hajman yirik, baland avjli ashula, katta ashula va maqom yoʻllarini ravon va erkin kuylaydi. „Shashmaqom“, „Oʻzbek xalq musiqasi“ va boshqa qator filmlarda maqom va katta ashula yoʻllarini ijro etgan. Xalqaro musiqa anjumanlari (Moskva, 1971; Samarqand, 1978, 1983 va boshqalar)ning konsertlari qatnashchisi.

Radioda „Shahnozi Gulyor“, „Moʻgʻulchai Navo“, „Savti kalon“, „Girya I-II“, „Figʻon“, „Sarparda“, „Chorgoh“, „Dugoh Husayniy“ kabi qoʻshiqlarni ijro qilgan. Shuningdek, Yunus Rajabiyning „Raʼnolanmasun“, Orifxon Hotamovning „Qaro boʻlibdur“, „Jonon qiz“, Faxriddin Sodiqovning „Toʻy muborak“, „Gullar vodiysi“, „Yashil qishloq“, Imomjon Ikromovning „Soʻlim“, Muhammadjon Mirzayevning „Baxt“ va boshqa 200 dan ortiq bastakor asarlarini ham kuylagan. Mukofotlari „Sogʻlom avlod uchun“ (1997), „El-yurt hurmati“ ordeni (2000).

Manbalar

Turkum:Oʻzbekiston xalq xofizlari Turkum:1927-yilda tugʻilganlar Turkum:21-mayda tugʻilganlar