Bolalar falaji — nerv sistemasining turli zararlanishlari oqibatida roʻy beradigan va reflektor-harakat faoliyatining, baʼzan ruhiyat va nutqning ham buzilishi bilan kechadigan kasalliklar guruhi . Bosh miyaning spastik (iyerebral) falaji va periferik nervlar zararlanishidan kelib chiqadigan (shalviratuvchi) falajlikdan farq qiladi. Bolalar spastik falaji koʻpincha qoʻl, oyoq va tana muskullari falaji, aqliy rivojlanishning sekinlashuvi, tutqanoq tutishi, giperkinez (ixtiyorsiz harakatlar paydo boʻlishi), zararlangan qoʻl-oyoqlarda trofik oʻzgarishlar roʻy berishi koʻrinishida namoyon boʻladi. Koʻkyoʻtal, difteriya, qizamiq, gripp va boshqa yuqumli kasalliklar ensefalit bilan asoratlanganda spastik falaj kuzatilishi mumkin. Tugʻruq ogʻir kechganda, tugʻruq vaqtida bola kallasi shikastlanganda va tugʻruq travmalari kabi boshqa hollarda koʻpincha spastik falaj kelib chiqadi. Bolaning chala yoki boʻgʻilib tugʻilishi, miyasiga qon quyilishi oqibatida ham spastik falaj roʻy berishi mumkin. Buni birinchi boʻlib ingliz shifokori U. Litl tavsif etgani uchun Litl kasalligi deb ham yuritiladi. Bunday falaj ogʻir kechganida, bola tugʻilganda qimirlamaydi, oyoqlari bir tekis tarang turadi, muskullari tonussiz boʻladi. Maʼlum vaqtdan keyin muskullari tortishib oyoqlari chalishadi, bola oʻtira olmaydi yoki yura olmaydi, bora bora uning ahvoli bir oz yaxshilanishi mumkin. Falaj yengil boʻlsa, bola oʻsgani sari ahvoli yengillashadi, kech oʻtiradi, kech yuradi, qoʻllarini yaxshi ishlata olmaydi. Muskullar oʻta tarangligi tufayli bola yurganda oyoqlari chalishadi, sonlari ichkariga buralib, tizzalari bir-biriga taqalib turadi, u faqat oyoq uchida mayda qadam tashlab yuradi. Bola hayajonlanganda, behosdan qattiq tovush eshitganda va boshqalarda muskullar tortishuvi kuchayadi, ixtiyoriy harakatlar qiyinlashadi va aqliy rivojlanishi kechikadi. Bemor faqat shifokor tavsiyasi asosida davolanadi. Kasallikning barcha shakllarida mutaxassisga oʻz vaqtida murojaat etish va uning tavsiyasiga binoan davolanish zarur boʻladiOʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
Manbalar
Turkum:Kasalliklar Turkum:Tibbiyot