Kolumbiya (ispancha: Colombia), Kolumbiya Respublikasi (ispancha: República de Colombia) — Janubiy Amerikaning shimoli-gʻarbida joylashgan davlat. Maydoni — 1141,7 ming km². Aholisi — 53,399 mln. kishi (2026). Poytaxti — Bogota (Santa-Fe-de-Bogota) shahri. Maʼmuriy jihatdan 32 departament va poytaxt okrugiga boʻlinadi.

Davlat tuzumi Kolumbiya — unitar respublika. Amaldagi Siyosiy konstitutsiyasi 1991-yil 4-iyulda qabul qilingan. Davlat va hukumat boshligʻi — prezident. U umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 4 yil muddatga saylanadi. Ikkinchi muddatga saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni kongress amalga oshiradi. Kongress ikki palata: senat va vakillar palatasidan iborat. Ijrochi hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Tabiati Kolumbiyaning sharqiy va shimoliy qismi pasttekislik, gʻarbida va togʻ tizmalari bor. Va togʻlarining Kolumbiyadagi qismi 3 asosiy tizma (Gʻarbiy, Markaziy va Sharqiy Kordilyera) dan iborat. Ularni Magdalena daryosi (Kauka va Patiya irmoqlari bilan) bir-biridan ajratib turadi. Kolumbiyaning eng baland joyi — Kristobal-Kolon togʻi (5800 m). And togʻlarining gʻarb va shimoliy da Tinch okean va Karib boʻyi botqoqlashgan pasttekisliklari bor. Sharqiy qismidagi pastroq platolar Amazonka pasttekisligiga tutashib ketadi. Bir necha sungan va soʻnmagan vulkanlar (Uila 5750 m, Ruis 5400 m, Tolima 5215 m va boshqalar) bor. Kolumbiyada neft, tabiiy gaz, toshkoʻmir, mis va temir rudalar, rangli va asil metallar, uran, zumrad konlari koʻp.

Kolumbiya ekvatorial iqlim mintaqasida joylashgan. Pasttekisliklarda oʻrtacha oylik temperatura 29°, 1000–2000 m balandlikdagi togʻlarda 17—22°, 4000 m dan balandda 7° dan oshmaydi. Yillik yogʻin 1000–4000 mm. Shimoli-sharqida 200 mm gacha, Tinch okean pasttekisligida va unga tutash togʻ etaklarida 10000 mm gacha. Daryo koʻp, yiriklari: Magdalena, Kaketa, Putumayo, Guavyare, Meta va boshqa Yuklarning 95% Magdalena daryosida tashiladi. Pasttekislik va togʻ etaklaridagi qizilsariq laterit tuproqli yerlarda nam tropik oʻrmonlar bor, qizil tuproqli yerlar savanna (lyanos) bilan qoplangan. Shimoli-sharqda buta va kaktuslar oʻsadi. Togʻ tepalarida oʻtloqlar (paramos), choʻqqilarida doimiy qorlar bor. Oʻrmonlarda maymun, yaguar, chumolixoʻr, tapir, yalqov, kaltakesak; qushlardan tunan, kolibri va toʻtilar, daryolarda timsoh uchraydi. Milliy bogʻlari: Chiribikete, Paramilo, Syerra-Nevada-de-Santa-Marta.

Aholisining aksari kolumbiylar. Ular indeys, ispan, negrlarning qoʻshilishidan hosil boʻlgan. Keyinroq Italiya, Germaniya va Gʻarbiy Yevropaning boshqa mamlakatlaridan kelgan muhojirlar qoʻshilgan. 700 mingga yaqin indeys bor. Rasmiy tili — ispan tili. Xristianlikning katolik mazhabiga eʼtiqod qiladi. Aholining 67% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Bogota, Medelin, Kali, Kartaxena.

Tarixi Hozirgi Kolumbiya hududida qadimdan indeys qabilalari yashab kelgan. Kolumbiya hududiga 1499-yilda ispanlar kelgan. 1530-yillarda ular Kolumbiyani bosib olib, mustamlaka tartibini oʻrnatdilar va mamlakatni Yangi Granada deb atadilar. 1718-yildan Yangi Granada vitse-qirolligiga aylantirildi. 1739-yil Yangi Granada vitse-qirolligi Kolumbiyadan tashqari hozirgi Ekvador, Panama va Venesuela hududlarini qoʻshib oldi. Mahalliy aholi ispan bosqinchilariga qarshi bir necha bor qoʻzgʻolon koʻtardi. Shulardan eng yirigi 1781-yilgi qoʻzgʻolon boʻldi. Mustaqillik uchun kurash 1810-yildan yanada kuchaydi. 1816-yil may oyida ispan armiyasi qoʻzgʻolonni shafqatsiz bostirdi. Biroq, qoʻzgʻolonchilar 1819-yil fevralda mustaqillikka erishgan Venesuela vatanparvarlari yerdamida ispan qoʻshinlarini tor-mor etdilar. 1819-yil dekabrda Yangi Granada, Venesuela va Ekvador birlashib, Buyuk Kolumbiya federativ respublikasi tuzilganligi S. Bolivar prezident) eʼlon qilindi. 1830-yil Buyuk Kolumbiya federativ respublikasi parchalandi, Venesuela, Ekvador va Yangi Granada (Panama bilan birga) mustaqil davlatlari tashkil topdi. 40-yillarda mamlakatda Konservativ (yirik zamindorlar) va Liberal (burjua) siyosiy partiyalar vujudga keldi.

1851-yil Yangi Granadada qulchilik bekor qilindi. 1863-yildan mamlakat Kolumbiya Qoʻshma Shtatlari, 1886-yildan Kolumbiya Respublikasi deb ataldi. Partiyalar oʻrtasidagi raqobat mamlakatda fuqarolar urushiga („Ming kunlik urush“, 1899— 1902) sabab boʻldi. 1903-yil Panama Kolumbiyadan ajralib, mustaqil davlatga aylandi. 1929—33 yilgi jahon iqtisodiy turgʻunligi Kolumbiya iktisodiyotiga ancha putur yet-kazdi. 1934-yil Kolumbiyada baʼzi ilgʻor islohotlar (bepul taʼlim va boshqalar) oʻtkazildi. 1946-yildan Kolumbiyada terrorchi diktatura oʻrnatildi. Barcha demokratik kuchlar qattiq taʼqib qilindi. Xalqning demokratik gʻalabalarini tugatish siyosati oʻtkazila boshladi. 1948-yilda xalq qoʻzgʻolon koʻtardi. Qoʻzgʻolon bostirilgach, konservatorlar hukumati liberallarga qarshi fuqarolik urushi boshladi, natijada 200 ming kishi nobud boʻldi. Maʼmurlar terroriga qarshi partizanlik harakati kuchaydi. Konservatorlar hokimiyatni saqlab qolishga intilib, 1953-yil davlat toʻntarishi uyushtirdi va harbiy diktatura oʻrnatdi. 1957-yilda umumxalq kurashi natijasida diktatura barham topdi.

Konservatorlar bilan liberallar „sherikchilik“ asosida „Milliy jabha“ blokini tuzdilar (1957—74). Ammo ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hal boʻlmay qolaverdi. Liberallar hukumati 1974—78 yillarda bir qator ilgʻor islohotlar oʻtkazdi. 1978-yil saylovda liberallar rahbari X. S. Turbay Ayyala gʻalaba qozonib, prezident lavozimini egalladi. 1998-yil prezident saylovida konservatorlar vakili A. P. Arango prezident, liberallar vakili G. B. Lesmus esa vitse-prezident etib saylandi. Kolumbiya — 1945-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 20-iyul — Mustaqillik kuni (1810).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari Liberal partiya, 1815-yilda asos solingan; Sotsial-konservativ partiya, 1848-yilda tuzilgan; Kolumbiya kommunistik partiyasi, 1930-yilda asos solingan; Milliy najot harakati partiyasi, 1990-yilda Sotsial-konservativ partiyadan chiqqan siyosiy arboblar tomonidan tuzilgan; Milliy xalq ittifoqi, 1964-yilda asos solingan; Demokratik alyans partiyasi, 1990-yilda tuzilgan. Kasaba uyushma birlashmalari: Demokrat mehnatkashlar umumiy konfederatsiyasi, 1971-yilda tuzilgan; Kolumbiya demokrat mehnatkashlar konfederatsiyasi, 1988-yilda tuzilgan; Kolumbiya mehnatkashlar konfederatsiyasi, 1934-yilda tuzilgan; Mehnatkashlar unitar kasaba uyushma markazi, 1986-yilda tuzilgan.

Xoʻjaligi Kolumbiya — agrar-industrial mamlakat. Janubiy Amerikadagi iqtisodiy barqaror, uzluksiz rivojlanayotgan mamlakatlardan biri. Oʻtkazilayotgan iqtisodiy islohotlar dasturida importga erk berish, samarasiz davlat korxonalarini xususiylashtirish, xorijiy sarmoyani jalb etish koʻzda tutilgan. Mehnatga layoqatli aholining 33% qishloq xoʻjaligida, 23% sanoatda, 20% xizmat sohasida mashgʻul. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 27%, qishloq xoʻjaligining ulushi 22%.

Sanoati Kolumbiyaning boy tabiiy resurslari asosida konchilik sanoati rivojlangan. Neft va temir rudasi qazib olish yetakchi sanoat tarmoqlaridir. Tabiiy gaz, toshkoʻmir, oltingugurt, nikel, oltin, platina, kumush, zumrad ham qazib olinadi (jahondagi zumradning 90%). Oziq-ovqat sanoati, asosan, qishloq xoʻjaligi xom ashyosini dastlabki qayta ishlash, poyabzal, ichimlik ishlab chiqarish sohalari, tikuvchilik, toʻqimachilik, metallni qayta ishlash alohida oʻrin oladi. Metallurgiya, neftni qayta ishlash, kimyo va neft kimyosi sanoati rivojlangan. Avtomobil, televizor va radiopriyomniklar yigʻadigan, stanok, sement, qogʻoz ishlab chiqaradigan zavodlar bor. Hunarmandchilikning ham salmogʻi katta. Oʻrmonlarda qimmatbaho nav yogʻoch tayyorlanadi. Yiliga 25,6 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Hosil qilinadigan elektr energiyaning 75% gidroelektr stansiyalariga, 25% koʻmir bilan ishlovchi elektr stansiyalariga toʻgʻri keladi.

Qishloq xoʻjaligi Dehqonchilik — qishloq xoʻjaligining asosi. Kofe — mamlakat qishloq xoʻjaligining muhim mahsuloti. Kofe eksport qilish sohasida dunyoda Braziliyadan keyin 2-oʻrinda turadi. Mamlakat mehnatga layoqatli aholisining salkam 40% kofe yetishtirish bilan bevosita yoki bavosita bogʻliq tarmoqlarda band. Eksport uchun kakao doni, paxta, banan, tamaki, mahalliy ehtiyoj uchun makkajoʻxori, kartoshka, sholi, bugʻdoy, arpa, maniok, soya, noʻxot, shakarqamish yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol, qoʻy, choʻchqa boqiladi. Baliq ovlanadi. Qishloq xoʻjaligi mamlakatning oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirmaydi.

Kolumbiyada asosiy transport turi — avtomobil. Transport yoʻli uzunligi — 3,4 ming km, avtomobil yoʻli oʻz. — 129 ming km. Asosiy dengiz portlari: Barrankilya Buenaventura, Tumako, Kartaxena, Santa-Marta. Bogotada Eldorado xalqaro aeroporti bor.

Kolumbiya chetga kofedan tashqari neft va neft mahsulotlari, kimyoviy mollar, qora metallurgiya mahsulotlari, zumrad chiqaradi. Chetdan sanoat asbob-uskunalari, transport vositalari, xomashyo, isteʼmol va oziq-ovqat mahsulotlari keltiradi. Savdo-sotikdagi asosiy mijozlari: AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaponiya, Lotin Amerikasi mamlakatlari. Pul birligi —Kolumbiya pesosi.

Tibbiy xizmati Bemorlarga, asosan, xususiy tarzda xizmat koʻrsatiladi. Vrachlar 9 ta oliy oʻquv yurtining tibbiyot fakultetida tayyorlanadi.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari 7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalarning oʻqishi bepul va majburiy. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 5 yil, oʻrta maktabda 6 yil Davlat maktablari bilan bir qatorda xususiy maktablar ham mavjud. Mutaxassislar hunar-texnika bilim yurtlari va pedagogika Oʻquv yurtlarida, oliy oʻquv yurtlarida tayyorlanadi. Mamlakatda 200 dan koʻproq oliy oʻquv yurti, shu jumladan, 25 davlat va 35 xususiy universitet bor. Eng yirik oliy oʻquv yurtlari: Bogotada Kolumbiya Milliy universiteti (1867-yilda asos solingan), Valye universiteti (1945), Xaverian xususiy katolik universiteti va boshqa Ilmiy muassasalari: Kolumbiya tarix akademiyasi(1902), Kolumbiya yuridik fanlar akademiyasi (1894), Tibbiyot fanlari akademiyasi (1890) — hammasi Bogotada; Kartaxena, Medelin, Tunxa va boshqa shaharlarda tarix akademiyalari, bir qancha ilmiy jamiyatlar ishlaydi. Bogotada Milliy kutubxona, Medelinda universitet kutubxonasi, Bogotada Milliy universitet kutubxonasi va boshqa bor. Muzeylari: Milliy, Mustamlaka davri sanʼati, Milliy antropologiya, Milliy arxeologiya muzeylari, Oltin buyumlar muzeyi, S. Bolivar muzeyi — (hammasi Bogotada), Medelindagi tabiiy fanlar muzeyi va universitet muzeyi.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Kolumbiyada 30 ga yaqin kundalik gaz. nashr etiladi. Eng yiriklari: „Ekspektador“ („Kuzatuvchi“, 1887-yildan), „Tyempo“ („Vaqt“, 1911-yildan), „Pays“ („Mamlakat“, 1950-yildan), „Nuevo siglo“ („Yangi asr“, 1932-yildan), „Kolombiano“ („Kolumbiyalik“, 1912-yildan). Ankol hukumat axborot agentligi ishlaydi. Kolprensa milliy axborot agentligiga 1980-yilda asos so-lingan. Radioeshittirish 1929-yil dan, telekursatuv (toʻla davlat tasarrufida) 1954-yildan ishlaydi. Mamlakatda hammasi boʻlib 200 ga yaqin radiostansiya, 50 telestudiya bor.