Fransua Trufo (; 1932-yil 6-fevral, Parij — 1984-yil 21-oktyabr) — fransuz kinorejissyori, aktyori va kino tanqidchisi. U Fransuz yangi toʻlqinining asoschilaridan biri hisoblanadi. Yoshligida tanqidchi André Bazinning „Cahiers du Cinéma“ jurnalida ishlagan. Uning „Toʻrt yuz zarba“ (1959) filmi „Yangi toʻlqin“ yoʻnalishining eng asosiy asari hisoblanadi. Filmda bosh rolni ijro etgan aktyor Jean-Pierre Léaud rejissyor Trufoning hayotdagi prototipi (oʻz timsoli) boʻlgan Antoine Doinel obrazini gavdalantirgan.

Trufoning „Tunda kun“ (1973) filmi BAFTA mukofotini (eng yaxshi film) va eng yaxshi xorijiy film uchun „Oscar“ mukofotini olgan. Trufo oʻzining eng sevimli rejissori Alfred Hitchcock bilan uzoq davom etgan suhbatlar asosida „Hitchcock/Trufo“ (1966) kitobini yozgan. Bu asar „Sight & Sound“ jurnalining kino olamiga oid eng yaxshi kitoblar roʻyxatida ikkinchi oʻrinni egallagan.

Hayoti

Trufo 1932-yil 6-fevralda Parijda tugʻilgan. Uning onasi Janin de Monferran boʻlgan. Keyinchalik onasining turmush oʻrtogʻi Roland bolani asrab olib, unga oʻz familiyasini beradi. Boʻlajak rejissyor bir necha yil davomida turli enagalar va buvisining qoʻlida katta boʻladi. Unda kitob va musiqaga boʻlgan muhabbatni aynan buvisi uygʻotgan edi. Trufo sakkiz yoshigacha buvisi bilan yashaydi va faqat uning vafotidan keyingina ota-onasining uyiga koʻchib oʻtadi. Uning biologik otasi kimligi nomaʼlum boʻlgan. 1968-yilda xususiy detektiv agentligi olib borgan surishtiruvlar uning otasi yahudiy tish shifokori Roland Levi boʻlishi mumkinligini koʻrsatdi. Rejissyorning onasi va uning oilasi bu xulosani rad etishgan boʻlsada, Trufoning oʻzi bunga ishongan va haqiqat deb qabul qilgan.

Trufo imkon qadar uyda kamroq boʻlishga harakat qilgan. Kino u uchun baxtsiz oilaviy hayotdan qochishning eng yaxshi yoʻliga aylangan edi. U sakkiz yoshida Abel Gancenin „Yoʻqotilgan jannat“ (1939) filmini tomosha qiladi va shu bilan kinoga boʻlgan ishtiyoqi ortadi. 1948-yilda, hali oʻsmir chogʻida u oʻzining shaxsiy kinoklubini ochadi va u yerda taniqli tanqidchi André Bazin bilan tanishadi. 1950-yilda, 18 yoshga toʻlgach, Trufo armiyaga ketadi. Biroq keyingi ikki yil davomida harbiy xizmatdan qochishga urinib, oxiri harbiy qamoqxonaga tushadi. André Bazin oʻzining siyosiy tanishlarini ishga solib, uni qamoqdan qutqarib oladi. Shundan soʻng, u yosh Trufoni endigina tashkil etilgan „Cahiers du Cinéma“ jurnaliga ishga joylashtiradi. Jurnalda ishlayotgan davrida Trufo oʻzining shafqatsiz va murosasiz taqrizlari tufayli „fransuz kinosining goʻrkovi“ degan laqab oladi. U 1954-yilda chop etilgan „Fransuz kinosining maʼlum bir tendensiyasi“ nomli maqolasida oʻsha davrdagi mahalliy kino ahvolini keskin tanqid ostiga oldi. Ushbu shov-shuvli maqoladan keyin unga yirik madaniy haftalik nashrda ishlashni taklif qilishdi va u keyingi toʻrt yilda yuzlab maqolalar yozdi. Oʻzining mana shunday keskin tanqidlari tufayli Trufo 1958-yilgi Cannes Film Festivaliga taklif qilinmagan yagona fransuz tanqidchisi boʻldi.

Trufo 1957-yildan 1965-yilgacha Madlen Morgenshtern bilan nikohda boʻlgan va ular ikki qiz farzand koʻrgan. Umrining oxirlarida, yaʼni 1981–1984-yillarda u aktrisa Fanni Ardan bilan birga yashadi. Ularning Jozefin ismli qizi 1983-yil 28-sentyabrda dunyoga kelgan. Oʻsha yilning iyul oyida rejissyor birinchi marta insultni boshdan kechirdi. Fransua Trufo 1984-yil 21-oktyabrda Parij chekkasidagi Neuilly-sur-Seine shaharchasida joylashgan Amerika shifoxonasida 52 yoshida vafot etdi. Rejissyor Montmartre qabristoniga dafn etilgan.

Ijodi

Tanqidchilikdan soʻng Trufo film suratga olishga qaror qilgan, dastlab „Tashrif“ (1955) va „Bolakaylar“ (1957) qisqa metrajli filmlarini yaratgan. Orson Welles „Yovuzlik tamgʻasi“ filmini "Expo 58" da koʻrgach, „Toʻrt yuz zarba“ (1959) filmi bilan debyut qilgan. 1959-yilgi Cannes kinofestivalida eng yaxshi rejissyor mukofotini olgan. Film Antoine Doinelning maktabdagi, baxtsiz oilasidagi va tarbiya koloniyasidagi sarguzashtlarini hikoya qiladi. Doinel rolida 14 yoshli Jean-Pierre Léaud suratga tushgan, ular keyinchalik koʻp filmlarda hamkorlik qilgan, jumladan Doinelning hikoyasini davom ettirgan „Antoine Doinel turkumi“ — „Oʻgʻirlangan boʻsalar“ (1968), „Er-xotin hayoti“ (1970) va „Yoʻldagi muhabbat“ (1979). Kino tanqidchi David Thomsonning fikricha, „Toʻrt yuz zarba“ filmi oʻsha davr yangi kinosini Jean Renoir, Jean Vigo ijodidagi real joylarda suratga olish anʼanalari bilan bogʻlagan. Bundan tashqari, Tryufo Jean-Luc Godardning kino olamida burilish yasagan „Holsizlanib“ (1960) filmi uchun asosiy gʻoya (syujet) muallifi ham boʻlgan.

Rejissyorning keyingi filmi „Pianinochini otib tashlang“ (1960) tanqidchilar tomonidan ijobiy kutib olingan boʻlsada, kassa tushumi boʻyicha oʻzini oqlay olmadi. Henri-Pierre Roché romani asosida suratga olingan va uch kishining sevgi tarixi haqida hikoya qiluvchi „Jules va Jim“ (1962) filmi esa Trufo ijodidagi eng muvaffaqiyatli va unutilmas asarlardan biriga aylandi. Trufoning ingliz tilida suratga olingan birinchi rangli filmi — Ray Bradburyning romani asosida Angliyada tasvirga tushirilgan „Farengeyt 451“ (1966) kartinasi boʻldi. Biroq film tijoriy muvaffaqiyatsizlikka uchradi va shundan soʻng rejissyor boshqa hech qachon Fransiyadan tashqarida ijod qilmadi.

„Yovvoyi bola“ (1970) filmida u birinchi marta aktyor sifatida, XVIII asr shifokori Jean Marc Gaspard Itard rolida suratga tushgan. Shuningdek Steven Spielbergning „Yaqin uchrashuv“ (1977) filmida olim Claude Lacombe rolini oʻynagan. „Tun uchun kun“ (1973) Trufoning film suratga olish jamoasiga bagʻishlangan eng sara asarlaridan biridir. Unda Trufo film ichidagi film rejissyori rolini ijro etgan boʻlib, kartina „Eng yaxshi xorijiy film“ yoʻnalishida „Oscar“ mukofotini qoʻlga kiritgan. „Adel G. hikoyasi“ (1975) filmidagi bosh rol ijrochisi Isabelle Adjani „Eng yaxshi aktrisa“ nominatsiyasida „Oscar“ mukofotiga nomzod qilib koʻrsatilgan.

Filmografiyasi

Badiiy filmlari

Yil Film nomi Asl nomi 1959 „Toʻrt yuz zarba“ Les Quatre Cents Coups 1960 „Pianinochini otib tashlang“ Tirez sur le pianiste 1962 „Jules va Jim“ Jules et Jim 1964 „Mayin teri“ La Peau douce 1966 „Farengeyt 451“ Fahrenheit 451 1968 „Kelin qora libosda edi“ La Mariée était en noir 1968 „Oʻgʻirlangan boʻsalar“ Baisers volés 1969 „Missisipi suv parisi“ La Sirène du Mississippi 1970 „Yovvoyi bola“ L’Enfant sauvage 1970 „Er-xotin hayoti“ Domicile conjugal 1971 „Ikki ingliz qiz“ Les Deux Anglaises et le Continent 1972 „Men kabi goʻzal qiz“ Une belle fille comme moi 1973 „Tun uchun kun“ La Nuit américaine 1975 „Adel H. hikoyasi“ L’Histoire d’Adèle H. 1976 „Choʻntak puli“ L’Argent de poche 1977 „Ayollarni sevgan erkak“ L’Homme qui aimait les femmes 1978 „Yashil xona“ La Chambre verte 1979 „Yoʻldagi muhabbat“ L’Amour en fuite 1980 „Oxirgi metro“ Le Dernier Métro 1981 „Qoʻshni ayol“ La Femme d'à côté 1983 „Yakshanba tezroq kelsin!“ Vivement dimanche!

Qisqa metrajli filmlari

Yil Film nomi Izoh 1955 „Tashrif“ (Une visite) 1957 „Bolakaylar“ (Les Mistons) 1961 „Suv haqidagi hikoya“ (Histoire d’eau) Jan-Lyuk Godar bilan hammuallifda 1962 „Antuan va Kolett“ (Antoine et Colette) „Yigirma yoshdagi sevgi“ filmining qismi

Manbalar

Havolalar

Fransua Trufo — IMDb saytida Fransua Trufo — „New Wave Film Encyclopedia“: batafsil biografiya

Turkum:6-fevralda tugʻilganlar

Turkum:1932-yilda tugʻilganlar

Turkum:1984-yilda vafot etganlar

Turkum:Fransiyalik kinorejissyorlar