Hazra maqbaralar majmuasi — XV–XVI asrlarda bunyod etilgan tarixiy va meʼmoriy yodgorliklar majmuasi. Ozarbayjonning Qabala tumani Hazra qishlogʻida joylashgan.
Tavsifi Yodgorlik majmuasi oʻrmon hududida, maydoni qariyb 3,5 gektar boʻlgan oʻrta asrlarga oid qabristonning markazida barpo etilgan. Dastlab majmua tarkibida 7 ta maqbara mavjud boʻlgan boʻlsa-da, ulardan faqat 4 tasi saqlanib qolgan. Saqlanib qolgan maqbaralarning 2 tasi esa ayanchli ahvolda.
Barcha maqbaralar Shirvon — Absheron meʼmorchilik maktabi uslubida qurilgan. Peshtoqlar va qabr toshlariga bitiklar oʻyib yozilgan. Hozirgacha saqlanib qolgan toʻrtta maqbara Shayx Badriddin, Shayx Mansur, Shayx Muhammad va Shayx Bani nomlari bilan bogʻliq. Ikki maqbaradagi bitiklardan maʼlum boʻlishicha, ular Safaviylar shohi Tahmosb I hukmronligi davrida qurilgan.
Majmua tarkibidagi maqbaralarning kirish qismlari hoshiyalari, karnizlarining shakllari va ichki qismi tuzilishi jihatidan bir-biridan farq qiladi. Qabr toshlari va sagʻanalardagi naqshlar bilan bir qatorda oʻymakor va xattotlar yodgorliklarga bezak berishda arab alifbosining oʻziga xos xususiyatlaridan ham foydalanganlar.
Maqbaralar Shayx Badriddin maqbarasi Maqbarada ikkita bitik mavjud. Birinchi bitikda maqbara Shayx Rabbani oʻgʻli Shayx Badriddin Shayx Shamsiddinga tegishli ekani va shayx hijriy 850-yil (milodiy 1446–1447-yillar)da vafot etgani qayd etilgan. Shayx Badriddin maqbarasining tarhi ichki va tashqi tomondan sakkiz qirrali shaklga ega.
Shayx Muhammad maqbarasi Shayx Muhammad maqbarasini restavratsiya qilish ishlari davomida unga tegishli bitik topilib, devorga qayta oʻrnatilgan.
Shayx Mansur maqbarasi Shayx Mansur maqbarasining ichki qismi toʻgʻri toʻrtburchak shaklda, tashqi shakli esa sakkiz qirrali. Bitikdagi maʼlumotlarga koʻra, qishloq XIII asrdan boshlab Shayx Mansur nomi bilan atalib kelgan.
Shayx Bani maqbarasi Dastlabki arxeologik qazishmalar vaqtida maqbaraning qurilgan sanasi nomaʼlum boʻlgan. Maqbara vayrona holatda boʻlgani sababli katta eʼtibor tortmagan. Keyinchalik maqbara bitigi oʻqilib, uning qurilgan sanasini aniq belgilash imkonini bergan. Maqbaraga kirish qismining chap tomonidagi bitikda meʼmorning ismi „Ustod Shamaxili Shamsiddin ishi“ deb qayd etilgan. Maqbara yaqinida oʻrnatilgan stelada hijriy 978-yil (milodiy 1570–1572-yillar) hamda Shayx Bani va Shoh Tahmosbning ismlari yozilgan. Ehtimol stela dastlab maqbaraning kirish qismida joylashgan, keyinchalik esa u yerdan qulab tushgan.
Restavratsiya Majmuada dastlabki restavratsiya ishlari 2006-yilda Madaniyat va turizm vazirligining mahalliy boʻlimi tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Taʼmirlash va tiklash ishlari vazirlikning Sheki ilmiy-restavratsiya ishlab chiqarish boshqarmasi 4-sonli brigadasi tomonidan bajarilgan. Biroq 2018-yilda eʼlon qilingan hisobotda Hazra maqbaralar majmuasiga kiruvchi yodgorliklar xarob ahvolda ekani va qulab tushish xavfi ostida turgani qayd etilgan.
Galereya
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:Ozarbayjonda islom meʼmorchiligi Turkum:Safaviylar meʼmorchiligi Turkum:Qabala tumani