Sejarah Banten („Banten tarixi“) – Indoneziyada Islom dinining qabul qilinishi haqidagi hikoyalarni oʻz ichiga olgan xronik asar. Java tilida yozilgan. Xronikaning qoʻlyozmalari XIX asr oxiriga oid boʻlsa-da, ulardan ikkitasi 1730 va 1740-yillardagi asl nusxalardan koʻchirilgani maʼlum. Asar Banten sultonligi tarixini, yaʼni Sharif Hidayatulloh va Mavlono Hasanuddinning Bantenga kelishidan tortib, sultonlik tanazzulga yuz tutgan soʻnggi davrlargacha boʻlgan voqealarni hikoya qiladi.

XVI asrdan eʼtiboran Indoneziyada islom dini yetakchi dinga aylangan va bu hozir ham davom etmoqda. Biroq oʻsha davrga oid ishonchli tarixiy manbalar kam boʻlgani uchun olimlar islomning tarqalish jarayonini oʻrganishda „Sejarah Banten“ga oʻxshash rivoyatlar bitilgan asarlarga tayanadilar. „Babad Tanah Jawi“ („Yava yeri tarixi“) asariga oʻxshab, „Sejarah Banten“da ham sehrli va moʻjizaviy voqealar uchraydi, biroq unda islomni qabul qilish jarayoni alohida batafsil tasvirlanmagan va Shahodat kalimasini keltirish hamda xatna qilish kabi rasmiy va amaliy qabul marosimlariga urgʻu berilmagan.

Sunan Giri haqidagi rivoyat „Sejarah Banten“ xronikasiga koʻra, Molana Usalam ismli xorijlik avliyo Javaning sharqiy chekkasidagi Blambangan hududiga keladi. U paytlarda Indoneziyada islom dini hali yoyilmagan edi (bu hududda islom faqat XVIII asrga kelib keng tarqalgan). Blambangan hukmdorining qizi ogʻir xastalikka chalingan boʻlib, Molana Usalam unga chaynash uchun tanbul (betel) yongʻogʻi berilgach, u tuzalib ketadi. Malika Molana Usalamga turmushga beriladi. Biroq malika islom dinini qabul qilishdan bosh tortgach, Molana Usalam bu nikohni rad etadi. U homilador malikani Blambanganda qoldirib, oʻzi u yerdan joʻnab ketadi. Keyinchalik malikaning oʻgʻli sandiqqa solinib, dengizga tashlanadi. Bu voqea Tavrotda hamda Qurʼoni karimning „Toha“ surasida keltirilgan Muso alayhissalom qissasiga oʻxshab ketadi. Sandiq Gresikda dengizdan tutib olinadi va bola musulmon sifatida tarbiyalanadi. Keyinchalik u Girining birinchi Sunani (Sunan Giri) boʻlib yetishadi.

Adabiyotlar

Yana qarang Indoneziya tarixi Babad Tanah Jawi

Manbalar

Turkum:Indoneziyada Islom tarixi