Sulton Vays masjidi () — Iroqning Mosul shahri Eski shahar mahallasida joylashgan masjid. Usmoniylar hukmronligi davrida, XVII asrning ikkinchi yarmida qurilgan. Dastlab Jaloyiriylar sulolasining ikkinchi hukmdori Shayx Uvays nomi bilan atalgan, biroq keyinchalik bu nom xato tarzda avliyo Uvays Qaraniyga nisbat berila boshlangan. Masjid Usmoniylar meʼmorchiligi uslubida qurilgan boʼlib, Iroq meʼmorchiligi unsurlarini ham oʼzida mujassamlashtirgan.
Tarixi Mazkur joydagi dastlabki inshoot XIV asrga oid tekke boʻlib, uning asoschisi Jaloyiriylar hukmdori Shayx Uvays nomi bilan atalgan. Keyinchalik inshoot nomi buzib talaffuz qilinib, „Sulton Vays“ shakliga kelgan. Shundan soʼng mahalliy aholi tekkeda Uvays Qaraniy dafn etilgan deb hisoblagan. XIV asr oxirida Temuriylarning Mosulga uyushtirgan hujumlari vaqtida tekke shahardagi vayronagarchiliklardan omon qolgan islomiy inshootlardan biri boʻlgan. Shuningdek, bu joy Uvaysiya tariqati vakillari yigʻiladigan joy sifatida ham xizmat qilgan. Usmoniylar hukmronligi davrida tekke buzib tashlangan va uning oʻrnida 1683–1685-yillarda musulmon zodagon shaxs Hoji Juma al-Hadisiy tomonidan Uvays Qaraniyni ulugʻlash maqsadida yangi masjid qurilgan. Shuningdek, 1853-yilda masjidning shimoliy qismida Mosul yoshlari uchun taʼlim markazi sifatida xizmat qiluvchi madrasa ham tashkil etilgan. Hozirgi masjid 1838-yilga tegishli.
Masjidni vayron qilishga sabab sifatida uning ichida qabrlar mavjudligi koʻrsatilgan, biroq aslida masjid hududida hech qanday qabr boʻlmagan. Davla qoʻshinlari Mosuldan chiqarib yuborilgach, masjidni qayta tiklash ishlari 2019-yilda boshlangan va 2022-yil yanvariga kelib yakuniga yetkazilgan.
Meʼmorchiligi Sulton Vays masjidi anʼanaviy Usmoniylar meʼmorchiligi uslubining soddalashtirilgan shaklida bunyod etilgan. Shuningdek, Saljuqiylar va Iroq meʼmorchiligi unsurlarini ham oʼzida mujassamlashtirgan. Masjidning 1 ta katta, atrofida esa Usmoniylar meʼmorchiligiga xos 4 ta gumbazi mavjud. Shuningdek, masjidning namozxona, hovli va madrasasi ham bor.
Masjid poliga gilam toʼshalgan. Masjidda 2 ta mehrob mavjud boʼlib, ulardan biri Shayx Uvays tekkesiga oid asl mehrob, ikkinchisi esa XVII asrda qurilgan inshoot tarkibiga kirgan mehrobdir. Masjidning shimoliy qismida madrasa joylashgan boʻlib, unda oʻquv xonalari, xodimlar uchun xonalar hamda talabalar yotoqxonasi mavjud. Asosiy namozxona Makka tomonga qaratib qurilgan.
Manbalar
Turkum:Mosuldagi masjidlar