Adabiy negr — adabiy yoki publitsistik asarlar, nutqlar yoxud boshqa matnlarni yozish uchun yollanib, ularning muallifligi boshqa shaxsga beriladigan ijodkor. Mashhurlar, rahbarlar, dolzarb voqealar ishtirokchilari va siyosiy yetakchilar koʻpincha avtobiografiya, memuar, jurnal maqolalari yoki boshqa yozma materiallarni tayyorlash yoki tahrirlash uchun adabiy negrlarni yollaydi.
Adabiy negrdan muallifning avvalgi asarlaridagi yozish uslubi va ohangini deyarli aynan takrorlagan holda yangi adabiy mazmun taqdim etishi kutiladi. Ayniqsa, memuar janrida ijod qiluvchi adabiy negrlar oʻz mahoratini koʻrsatish uchun muallif shaxsi ortida „koʻrinmas“ boʻlib ketish bilan faxrlanadi. Musiqada adabiy negrlar xizmatidan koʻpincha qoʻshiq, uning matni va kuyini yozishda foydalaniladi. Shuningdek, ssenariy mualliflari ham oʻz asarlarini tahrirlash yoki takomillashtirish maqsadida ularni qayta yozish uchun adabiy negrlarni yollashi mumkin. Odatda, adabiy negr bilan muallif (yoki nashriyot) oʻrtasidagi shartnomada maxfiylik bandi mavjud boʻlib, u birinchi tomonni anonim qolishga, ikkinchi tomonni esa adabiy negrning shaxsini oshkor qilmaslikka majbur qiladi. Baʼzan muallif yoki nashriyot adabiy negrning xizmatlarini eʼtirof etib, uni evfemistik tarzda „tadqiqotchi“ yoki „tadqiqotchi yordamchisi“ deb ataydi, lekin koʻp hollarda uning nomi umuman tilga olinmaydi.
Adabiy negrlik boshqa ijodiy sohalarda ham uchraydi. Bastakorlar uzoq vaqtdan beri musiqiy asarlar va qoʻshiqlar yaratishda yordam berish uchun adabiy negrlarni yollab kelishadi. Wolfgang Amadeus Mozart boy homiylarga musiqa yozib bergani uchun haq olgan taniqli bastakorga yaxshi misoldir. Shuning dek, bu narsa ommabop musiqada ham kuzatiladi. Pop-musiqa adabiy negri kuy va matnni muallif sifatida koʻrsatilgan sanʼatkorning uslubida yozadi. Rep musiqasida esa mashhur yulduzlarning adabiy negrlardan foydalanishi ortib borayotgani bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda. Tasviriy sanʼatda, xususan, nafis sanʼatda ham, komikslar kabi tijoriy sanʼatda ham bir nechta yordamchining bitta rassom nomi bilan chiqariladigan asar ustida ishlashi gʻayrioddiy hol emas. Andy Warhol ham shu usuldan foydalangan va oʻz asarlari uchun konveyer usulidagi ipakli bosma jarayonini nazorat qilgan. Biroq, agar muallifning nomi aniq koʻrsatilsa, uning hissasi ommaviy eʼtirof etiladi va bu holda ijodkor adabiy negr hisoblanmaydi.
Umumiy tavsif Maslahatchi yoki kasbini oʻzgartirgan shaxs oʻz sohasida mutaxassis sifatida obroʻ qozonish yoki uni mustahkamlash uchun professional faoliyatiga oid mavzuda kitob yozdirish maqsadida adabiy negrga haq toʻlashi mumkin. Davlat amaldorlari va siyosatchilar koʻp miqdordagi rasmiy yozishmalarga javob berish uchun „yozishmalar boʻyicha mas’ul xodimlar“ni yollaydi. Papa tomonidan eʼlon qilingan bir qator ensiklikalar ham adabiy negrlar tomonidan yozilgan. Biotexnologiya yoki farmatsevtika kompaniyalari professional yozuvchilarga maqolalar yozish uchun pul toʻlab, soʻngra (toʻlov yoki imtiyoz evaziga) boshqa olimlar yoki shifokorlarni ushbu maqolalar tibbiy yoki ilmiy jurnallarda chop etilishidan oldin ularga oʻz nomlarini qoʻyishga jalb qilishi munozarali va ilmiy axloqqa zid amaliyot hisoblanadi. Ayrim universitet va kollej talabalari kirish imtihoni insholari, kurs ishlari, bitiruv malakaviy ishlari va dissertatsiyalar yozdirish uchun akademik firibgarlardan adabiy negrlarni yollaydi. Agar adabiy negrning ishi shunchaki yengil tahrirdan iborat boʻlmasa, bu odatda axloqqa zid deb hisoblanadi.
Adabiy negrlar turli sabablarga koʻra yollanadi. Koʻp hollarda, mashhurlar yoki jamoat arboblarida bir necha yuz sahifali avtobiografiya yoki amaliy qoʻllanma yozish va tadqiqot olib borish uchun vaqt, tartib-intizom yoki yozuvchilik mahorati yetarli boʻlmaydi. Mashhur shaxs yoki jamoat arbobi qisqa maqola yoza olgan taqdirda ham, bir necha yuz sahifali kitobni qiziqarli va ravon boʻlishi uchun qanday tuzishni va tahrirlashni bilmasligi mumkin. Boshqa hollarda esa, noshirlar taniqli, bozori chaqqon mualliflar nomi ostida bir yilda nashr etiladigan kitoblar sonini koʻpaytirish yoki yaqinda sodir boʻlgan yoxud kutilayotgan muhim voqeaga oid dolzarb kitobni tezda chiqarish uchun adabiy negrlardan foydalanadi.
Yana qarang Avtomat yozish usuli Book packaging Kontent fermasi Kadr orti ijrochisi
Manbalar
Turkum:Kino va televideniyeda musiqa Turkum:Musiqadagi kasblar