Piro Kristaq Milkani (1939-yil 9-dekabr — 2025-yil 24-may) — alban kino rejissyori. U eng mashhur alban filmlaridan ikkitasi — Shahar ayoli va uning davomini suratga olgani bilan tanilgan. Uning alban kinosidagi faoliyati uni barcha davrlarning eng buyuk rejissyorlaridan biri sifatida tanilishiga sabab boʻlgan.
Yoshligi va faoliyati
Milkani 1939-yil 9-dekabrda Korça shahrida Kristaq Milkani va Magalina Kitaning oilasida tugʻilgan. Oʻrta taʼlimni tugatgach, Pragadagi Sanʼat akademiyasida oliy taʼlim oldi. U kinematografiya yoʻnalishini tamomladi.
Milkanining kino sohasidagi professional faoliyati bir necha oʻn yilliklarni qamrab olgan boʻlib, shu davrda u 20 dan ortiq badiiy va hujjatli filmga rejissyorlik qilgan. Uning eng mashhur asarlari qatoriga When the Day Dawned (1971), Shahar ayoli (1976), Face to Face (1979), The Militant (1984) va The Colors of Age (1990) kiradi.
Rejissyorlikdan tashqari, Milkani alban kinosiga ssenariy muallifi, kinooperator va film prodyuseri sifatida ham katta hissa qoʻshgan. Bu uning mamlakat kino tarixidagi eng nufuzli sanʼatkorlardan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlagan. 2005-yilda Milkani Chexiyada Shnayder xonimning qaygʻusi filmini suratga olishni boshladi. Bu film alban va chex kinosi aktyorlari ishtirokidagi qoʻshma loyiha boʻlgan. Unda Nik Xhelilaj, Anna Geislerová va Arta Dobroshi kabi taniqli aktyorlar rol ijro etgan. Filmda italyan va alban kinosining ikki taniqli vakili — Michele Placido va Violeta Manushi ham ishtirok etgan. Milkani bundan avval Manushi bilan oʻzining mashhur alban filmi Shahar ayolida hamkorlik qilgan.
Oilaviy fojia
Milkanining akasi Mihallaq Milkani Albaniyada taniqli harbiy-dengiz zobiti va professor boʻlgan. 1957-yilda, 22 yoshida, u Albaniyani tark etib, oʻsha paytda Sovet Ittifoqi tarkibida boʻlgan Sankt-Peterburg va Rigadagi nufuzli harbiy-dengiz akademiyalarida tahsil olgan. Albaniyaga qaytgach, Albaniya harbiy-dengiz kuchlarida, jumladan, Sazan oroli yaqinidagi suvosti kemalarida xizmat qilgan. Keyinchalik u qariyb oʻn yil davomida Vloradagi Harbiy-dengiz akademiyasida dars bergan.
2024-yil 29-martda Mihallaq Worsester, Massachusetsda (AQSh) avtomobil toʻxtash joyida turgan vaqtida yuk mashinasi urib ketishi oqibatida vafot etdi. U 88 yoshda edi. Hodisa yuk mashinasi orqaga harakatlanayotgan paytda sodir boʻlgan. Uning vafotidan soʻng Piro Milkani akasini „hayotimdagi eng yaxshi doʻstim“ deb atagan.
Uning kenja ukasi Vaskë Milkani 1973-yilda 32 yoshida vafot etgan.
Shaxsiy hayoti va vafoti
Milkani taniqli alban pianinochisi va pedagog Margarita Kristidhiga uylangan. U mehr bilan „Bebi“ yoki „Bebi Kristidhi“ deb atalgan. Er-xotin yoshligida tanishgan va umrining oxirigacha birga yashab, Albaniyadagi eng taniqli sanʼatkor oilalardan birini tashkil etgan. Kristidhi Tirana Sanʼat akademiyasida fortepiano professori boʻlib ishlagan va mamlakat mumtoz musiqa sohasida katta hurmatga ega boʻlgan.
Ularning Eno Milkani ismli oʻgʻli boʻlgan. U otasining izidan borib, kino rejissyori boʻlgan. Ota va oʻgʻil keyinchalik kasbiy jihatdan hamkorlik qilgan, xususan, 2008-yilda suratga olingan Shnayder xonimning qayg‘usi filmida birga ishlagan. Film Piro Milkanining Pragada talaba boʻlgan davridagi shaxsiy tajribalariga asoslangan .
Milkani oilasi jamoat hayotidagi faolligi bilan ham tanilgan. 2019-yilda er-xotin Tiranadagi Katta bogʻda nabiralari nomidan daraxt ekish orqali ramziy ekologik harakatda ishtirok etgan.
Milkani 2025-yil 24-mayda Tiranada 85 yoshida vafot etdi„Albanian cinematography in mourning, the prominent director Piro Milkani passes away“. voxnews.al, 24 May 2025. Retrieved 25 May 2025..
Mukofotlari Albaniya kinosiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Piro Milkani faxriy unvon — „Xalq artisti“ unvoni bilan taqdirlangan. Bu Albaniya davlatining sanʼat sohasidagi yuksak xizmatlar uchun beradigan eng yuqori mukofotlaridan biridir. Manbalar
Havolalar