Qorabosh saʼva () — chumchuqsimonlar turkumi Qiziltoʻshlar oilasiga mansub sayroqi qush turi. Qorabosh saʼva Yevropa, Shimoliy Afrika va Gʻarbiy hamda Markaziy Osiyoda tarqalgan. Oʻzbekistonning togʻli hududlarida qayd etilgan.

Taksonomiya va sistematika Qorabosh saʼva shveysariyalik tabiatshunos Konrad Gesner tomonidan 1555-yilda nashr etilgan Historiae animalium asarida tasvirlangan va rasmi keltirilgan qushlardan biri boʻlgan. Turning birinchi rasmiy ilmiy tavsifi Karl Linney tomonidan amalga oshirilgan va 1758-yilda uning Systema Naturae asarining 10-nashrida eʼlon qilingan. Linney turga Fringilla carduelis binominal nomini bergan.

Carduelis — lotin tilidagi «saʼva» maʼnosini anglatuvchi soʻz. Hozirgi vaqtda qorabosh saʼva Carduelis urugʻiga kiritiladi. Ushbu urugʻni ajratishni fransuz zoologi Mathurin Jacques Brisson 1760-yilda taklif qiladi, urugʻ nomi oʻz navbatda Linney qoʻllagan tur epiteti asosida tautonimiya yoʻli bilan yasaladi.

Zamonaviy molekulyar-genetik tadqiqotlar qorabosh saʼva boʻzbosh saʼva (Carduelis caniceps), sariq saʼva (Carduelis citrinella) va korsika saʼvasi (Carduelis corsicana) bilan yaqin qarindosh ekanini koʻrsatgan.

Tashqi koʻrinishi Qorabosh saʼvaning tana uzunligi 12–13 sm, qanotlari yoyilgandagi kengligi 21–25 sm, vazni esa 14–19 g ni tashkil etadi. Nar va urgʻochilarining tashqi koʻrinishida katta farq yoʻq. Boshining old qismi yorqin qizil, tepa qismi va ensasi qora, yonoqlari oq rangda. Tanasining ustki qismi och qoʻngʻir rangda, pastki qismi esa oq, yon tomonlari va koʻkragida och qoʻngʻir rangli qismlar mavjud. Dum usti oq, dumi qora rangda. Qanotlari qora va keng sariq koʻndalang chiziq va oq dogʻlar mavjud. Tumshugʻi uzun, ingichka va uchli bo‘lib, fil suyagi rangida; koʻpayish davrida uning uchi kulrang yoki qora rangli boʻladi, yilning boshqa davrlarida esa tumshugʻi toʻqroq tusga kiradi. Oyoqlari sargʻish-jigarrang.left|thumb|Magnus von Wright tomonidan tasvirlangan qorabosh saʼva Erkaklarini yaqindan kuzatganda urgʻochilaridan farqini koʻrish mumkin. Erkaklarning yuzidagi qizil rang odatda kattaroq boʻlib, koʻzning orqa tomonigacha choʻziladi. Yelka patlari qora rangda, urgʻochilarda esa jigarrang.

Katta qushlar koʻpayish mavsumi tugagach tullaydi. Tullash ayrim qushlarda iyul oyidayoq boshlanadi, boshqalarida esa noyabrgacha davom etishi mumkin.

Turkum:Qushlar