The Lord of the Rings: The Hunt for Gollum — rejissyor Andy Serkis tomonidan suratga olinayotgan, ssenariysi Fran Walsh, Philippa Boyens, Phoebe Gittins va Arty Papageorgiou tomonidan yozilgan hamda J. R. R. Tolkien yaratgan qahramonlarga asoslangan yangi fantastik film. Prodyuser Peter Jacksonning Uzuklar hukmdori (2001–2003) va Hobbit (2012–2014) trilogiyalarining davomi sifatida yaratilayotgan film voqealari ushbu ikki trilogiyada tasvirlangan hodisalar oraligʻida, shuningdek, Uzuklar hukmdori: Uzuklar ittifoqi (2001) filmi voqealari davomida kechadi va Aragornning Gollumni izlashiga bagʻishlanadi. Filmda Gollum rolini Andy Serkis ijro etadi. Shuningdek, aktyorlar tarkibida Ian McKellen, Kate Winslet, Jamie Dornan (Aragorn), Leo Woodall, Lee Pace, Elijah Wood va Anya Taylor-Joy ham bor.

Tolkienning The Lord of the Rings (1954–1955) romaniga kiritilgan ilovalardagi materiallar asosida yangi filmlar yaratish rejalari 2023-yil fevral oyida eʼlon qilingan edi. Avvalgi filmlarda ishlagan Peter Jackson, Fran Walsh va Philippa Boyens yangi loyihalarda ham prodyuser sifatida ishtirok etadigan boʻldi. 2023-yil oktabr oyida ular trilogiyalarda Gollum obrazini gavdalantirgan hamda The Hobbit filmlarida ikkinchi suratga olish guruhiga rejissyorlik qilgan Andy Serkisga yangi filmni suratga olish va unda bosh rolni ijro etishni taklif qilishdi. Serkisning loyiha ishtiroki film nomi bilan birga 2024-yil may oyida rasman eʼlon qilindi. Oʻsha paytda ssenariy ustidagi ishlar davom etayotgan edi. Tayyorlov ishlari 2025-yil sentabr oyida avvalgi filmlar suratga olingan Yangi Zelandiyaning Vellington shahrida boshlandi. Trilogiyalarda ishtirok etgan bir qator aktyorlar va ijodiy guruh aʼzolari yangi filmga ham qaytdi. Aktyorlar tarkibini toʻldirish ishlari 2026-yil boshigacha davom etdi, suratga olish ishlari esa iyuldan oktabrgacha olib borilmoqda.

Film Warner Bros. Pictures kompaniyasi AQSh kinoteatrlarida 2027-yil 17-dekabrda namoyish etishni rejalashtirgan.

Syujet The Hunt for Gollum voqealari Peter Jacksonning Hobbit (2012–2014) va Uzuklar hukmdori (2001–2003) kino trilogiyalarida tasvirlangan hodisalar oraligʻida, shuningdek, Uzuklar hukmdori: Uzuklar ittifoqi (2001) filmi voqealari davomida, Uzuk ittifoqining Moriya konlariga kirishidan oldingi davrda kechadi. Filmda sehrgar Gandalf izquvar Darbadarni Gollum ismli maxluqni izlab topish va taʼqib qilish uchun yuboradi. Film voqealari Gollum nuqtayi nazaridan hikoya qilinadi.

Rollarda

Andy Serkis — Gollum va Sméagol rollarida: Sméagol — Stoor urugʻiga mansub hobbit boʻlib, uning ongi Yagona uzuk taʼsirida zaharlanib, oxir-oqibat badbaxt Gollumga aylanadiUzuklar hukmdori (2001–2003) va Hobbit (2012–2014) kino trilogiyalaridagi kabi Serkis bu obrazni harakatni tasvirga olish texnologiyasi yordamida gavdalantiradi. Gollumga xos ovoz ustida alohida mashq qilishi shart boʻlmagan, chunki aktyorning soʻzlariga koʻra, bu ovoz „meni hech qachon tark etmagan… [qahramon] endi shaxsiyatimning ajralmas qismiga aylangan“. Serkis obrazni ham aktyor, ham rejissyor sifatida yanada chuqurroq ochib berish imkoniyatidan intiqlik bilan qarishi olgan. U va prodyuserlar filmning katta voqeani hikoya qilish barobarida bosh qahramon psixologiyasini ochib beruvchi Joker (2019) filmidan ilhomlangan.

Ian McKellen — Kulrang Gandalf rolida: Gollumni izlash uchun Darbadarni yuboradigan sayyoh sehrgar.

Kate Winslet — Marigol rolida.

Jamie Dornan — Aragorn rolida: Gollumni izlaydigan Dúnedain sargardonlarining boshligʻi. Keyinchalik uning Aragorn, Gondor taxtining vorisi ekani maʼlum boʻladi. Biroq Serkisning taʼkidlashicha, filmda qahramon oʻz hayot yoʻlining shunday bosqichida tasvirlanadiki, u „oʻzini Aragorn deb hisoblamaydi… Yovvoyi tabiatda yashaydi. Taqdirga mahkum yolgʻiz darbadar“.

Leo Woodall — Halvard rolida: Darbadar bilan birga sayohat qiladigan Dúnedain sargardoni.

Lee Pace — Thranduil rolida: Mirkwood qiroli.

Elijah Wood — Frodo Baggins rolida: amakisi Bilbo Bagginsdan Hokimi mutlaq uzukni meros qilib olgan yosh hobbit.

Anya Taylor-Joy — Seren rolida: Thranduil ishonch bildiradigan Oʻrmon qirolligiga mansub sindar elfi.

Relizi Film Warner Bros. Pictures tomonidan AQSh kinoteatrlarida 2027-yil 17-dekabrda namoyish etilishi rejalashtirilgan. Manbalar