Luca Hänni (1994-yil 8-oktyabr) — shveysariyalik xonanda va teleboshlovchi. U 2012-yilda „Deutschland sucht den Superstar“ning toʻqqizinchi mavsumda Germaniyaning „Idol“ loyihasi hisoblangan „Deutschland sucht den Superstar“ (DSDS) tanlovida gʻolib chiqqanidan soʻng mashhurlikka erishgan. Luca ushbu shouda gʻolib chiqqan birinchi chet ellik va shou tarixidagi eng yosh ishtirokchi boʻlgan. Hännining „Don't Think About Me“ deb nomlangan debyut singli Avstriya, Germaniya va Shveysariya xit-paradlarida birinchi oʻrinni egallagan. Shundan soʻng uning „My Name Is Luca“ (2012) debyut albomi chiqarildi, u ham Avstriya va Shveysariya albomlar xit-paradida birinchi oʻrinda debyut qilgan. Hamda har ikkala mamlakatda „oltin“ maqomiga ega boʻlgan. Uning 2013-yilda chiqarilgan „Living the Dream“ nomli ikkinchi studiyaviy albomi Shveysariyada ketma-ket birinchi oʻrinni egallagan ikkinchi albomiga aylangan.

Hänni „DSDS“ rahbariyati bilan hamkorlikni toʻxtatishga qaror qilgan. Shveytsariyalik DJ Christopher S bilan oʻzining uchinchi „Dance Until We Die“ (2014) albomi ustida ishlagan. Ushbu loyiha yakunlangach, u oʻzining toʻrtinchi „When We Wake Up“ (2015) albomi uchun ijodiy nazoratni oʻz qoʻliga olgan. Mazkur albomda u R&B yoʻnalishiga oʻtgan va bu albom Shveytsariyada ketma-ket kuchli oʻntalikka kirgan toʻrtinchi albomi boʻlgan. Hännining mashhurligi SRF telekanalining „Kampf der Orchester“ musiqiy isteʼdodlar shousida, shuningdek RTL kanalining „Dance Dance Dance“ raqs tanlovida ishtirok etishi ortidan yanada oshdi. U ushbu loyihalarda mos ravishda 2014 va 2017-yillarda gʻalaba qozongan. 2019-yilda Hänni „Eurovision qoʻshiq tanlovi 2019“ Shveysariya nomidan „She Got Me“ qoʻshigʻi bilan ishtirok etib, toʻrtinchi oʻrinni egallagan.

Shaxsiy hayoti Hänni Shveysariyaning Bern shahrida tugʻilgan. Bogʻcha yoshida u baraban chalish darslariga qatnashgan. Toʻqqiz yoshida esa mustaqil ravishda gitara va pianino chalishni oʻrgangan. Maktabni tamomlagandan soʻng u gʻisht teruvchi (bino quruvchi) mutaxassisligi boʻyicha oʻqishni boshlagan. Ikki yildan soʻng, yaʼni 2012-yilda musiqiy faoliyati sababli ushbu taʼlimni toʻxtatgan.

2020-yildan buyon xonanda „Letʼs Dance“ shousidagi raqs boʻyicha sherigi Christina Luft bilan munosabatda boʻlib kelgan. 2023-yil avgust oyida juftlik turmush qurgan. 2023-yil dekabr oyida ular ilk farzand kutayotganliklarini eʼlon qilishgan. 2024-yil iyun oyida ular qiz farzandli boʻlishgan.

Faoliyati 2012–2013: DSDS va undan keyingi muvaffaqiyatlar

2012-yilda Hänni RTL telekanalining Germaniyadagi „Idol“ loyihasi moslashuvi boʻlgan „Deutschland sucht den Superstar “ qoʻshiq tanlovining toʻqqizinchi mavsumida ishtirok etish uchun ariza topshirgan. 2012-yil 28-aprelda u final bosqichiga yetib kelgan. Finalda u Daniele Negroni bilan bellashdi va tomoshabinlarning 52,85 foiz ovozini toʻplab, shou gʻolibiga aylangan. Oʻsha vaqtda Hänni „DSDS“ tarixidagi yagona voyaga yetmagan va bundan tashqari birinchi chet ellik xonanda sifatida gʻolib boʻlgan edi. Mukofot sifatida u 500 000 yevro pul mablagʻi hamda Universal Music Group kompaniyasi bilan ovoz yozish shartnomasini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, Luca va ikkinchi oʻrin egasi Negroniga avtomobil hamda haydovchilik guvohnomasi kurslari taqdim etilgan. Hännining debyut hamda gʻoliblik qoʻshigʻi boʻlgan „Don't Think About Me“ 2012-yil 2-mayda sotuvga chiqqan. Katta muvaffaqiyatga erishgan ushbu singl sotuvga chiqqan dastlabki toʻrt kun ichida Shveytsariyada „oltin“ maqomini oldi hamda Avstriya, Germaniya va Shveysariya xit-paradlarida birinchi oʻrinda debyut qilgan. Bu natija bilan Hänni 52 yildan soʻng Germaniya xit-paradlarida birinchi oʻringa koʻtarilgan ilk Shveysariya fuqarosiga aylangan. „Donʼt Think About Me“ taronasi xit-paradlarda turgan davrida 100 000 dan ortiq nusxada sotilgan.

Manbalar

Havolalar

Luca Hänni Facebook sahifasi Luca Hänni Internet kino ma'lumotlar bazasida

Turkum:Bernda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Eurovision ishtirokchilari Turkum:Shveysariyalik qoʻshiqchilar