Dors, mon amour (fransuzcha talaffuzi: [dɔʁ mɔ̃n‿amuʁ]; tarjimasi: „Uxla, sevgilim“) — fransuz xonandasi André Claveau tomonidan ijro etilgan sevgi haqidagi qoʻshiq. Taronaning musiqasi Hubert Giraud tomonidan bastalangan boʻlib, matni Pierre Delanoë qalamiga mansub. Dors, mon amour — Hilversum shahrida boʻlib oʻtgan Eurovision qoʻshiq tanlovi 1958 tanlovida Fransiya sharafini himoya qilgan va mamlakatga ushbu tanlovdagi ilk gʻalabani keltirgan.
Romantik „alla“ sifatida taʼriflangan ushbu tarona uchun bir nechta kaver versiyalar ham yaratlgan. Qoʻshiqning original versiyasi esa Belgiya xit-paradlarida muvaffaqiyat qozongan hamda tijoriy jihatdan omadli chiqqan boshqa bir albom tarkibidan ham joy olgan.
Tarixi Tarkibi va uslubi Dors, mon amour taronasi Hubert Giraud tomonidan bastalangan boʻlib, matni esa Pierre Delanoëning qalamiga mansub. Bu tarona lirik qahramonning oʻz sevgilisiga qaratilgan dildagi izhori boʻlib, unda xonanda mahbubasiga orom olishini aytadi, ayni paytda esa ularning oʻrtasidagi sof sevgi hamda tunning sirli va sehrli qudrati haqida xayol suradi. Qoʻshiq „klassik uslubdagi alla“ sifatida baholangan hamda keyinchalik, tanlovning keyingi yillardagi ishtirokchilari bilan solishtirilganda Eurovisionda odatiy tus olgan dabdaba va boʻrttirilgan sahna koʻrinishlarini deyarli aks ettirmaydigan asar sifatida qayd etilgan.
Eurovision Radiodiffusion-Télévision Française (RTF) telekanali Eurovision qo'shiq tanlovining 3-mavsumida Fransiya sharafini himoya qilish uchun André Claveau nomzodini ichki saralash orqali tanlab olgan. 1958-yil 7-fevralda Dors, mon amour taronasi RTF telekanali tomonidan tashkil etilgan „Et voici quelques airs“ nomli televizion shouda gʻoliblik uchun kurashgan. Mazkur tanlov xonandaning Eurovision sahnasida ijro etadigan qoʻshigʻini aniqlab berish maqsadida oʻtkazilgan. Shunday qilib, Dors, mon amour taronasi boshqa toʻrtta qoʻshiqni ortda qoldirib, tanlovda Fransiya nomidan qatnashish huquqini qoʻlga kiritgan.
1958-yil 12-mart kuni Eurovision qoʻshiq tanlovi 1958 AVRO Studiosda boʻlib oʻtdi. Tanlovga Nederlandse Televisie Stichting (NTS) mezbonlik qilgan va tanlov qitʼa boʻylab jonli efirda namoyish etilgan. Claveau oʻnta ishtirokchi orasida uchinchi raqam ostida „Dors, mon amour“ taronasini ijro etgan. U sahnaga Niderlandiya vakili Corry Brokkenning „Heel de wereld“ qoʻshigʻidan keyin va Lyuksemburg vakili Solange Berryning „Un grand amour“ chiqishidan oldin chiqqan. Fransiya vakilining chiqishi paytida Franck Pourcel jonli orkestrga dirijyorlik qilgan.
Ovoz berish yakunlariga koʻra, tarona 27 ball toʻplagan holda, Shveysariyadan uch ball oʻzib ketdi va birinchi oʻrinni egalladi. Bu tarona erkak yakkaxon xonanda tomonidan ijro etilgan ilk gʻolib asar, hamda Fransiyaning Eurovision tanlovidagi birinchi gʻalabasi boʻldi. 1959-yilgi tanlovda Dors, mon amour oʻrnini Fransiya vakili sifatida Jean Philippe ijro etgan „Oui, oui, oui, oui“ taronasi egalladi. Eurovision gʻolibligini esa, Niderlandiya sharafini himoya qilib, „[Een beetje]]“ qoʻshigʻini kuylagan Teddy Scholten qabul qilib oldi.
Chartlar Dors, mon amour taronasi 1958-yil 1-iyun haftasida Belgiyaning Walloon hududi singllar musiqiy chartida aniq raqamsiz, shunchaki eng yuqori pogʻonalardan biri sifatida qayd etilgan. Shuningdek, ushbu qoʻshiq 2005-yilda chop etilgan va Shveysariya musiqiy chartlaridan joy olgan „50 Years Of The Eurovision Song Contest 1956 — 1980“ terma albomiga ham kiritilgan.
Merosi André Claveau ijrosidagi original yozuv bilan bir vaqtda, dirijyor Franck Pourcel qoʻshiqning instrumental talqinini ham eʼlon qilgan. Ushbu qoʻshiqni 1958-yilning oʻzida Eurovision-1957 tanlovi gʻolibi Corry Brokken, shuningdek, Achille Togliani va Germana Caroli ham fransuz tilida qayta kuylashgan. Ushbu tarona Camillo va Bernd Hansen-Sänger jamoasi tomonidan nemis tilida „Unser Glück, mon amour“ nomi bilan, shuningdek Eurovision-1958 tanlovi ishtirokchisi Alice Babs tomonidan shved tilida „Sov min älskling“ nomi bilan qayta ijro etilgan.
Manbalar
Turkum:Eurovision qoʻshiq tanlovi Turkum:Fransuzcha qoʻshiqlar Turkum:1958-yil singllari