Ralf Johannes Josephus Mackenbach (1995-yil 4-oktyabrda tugʻilgan) — niderlandiyalik plazma fizigi, sanʼatkor va sobiq bolalar qoʻshiqchisidir. U „Click Clack“ qoʻshigʻi bilan „Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision — 2009“ qoʻshiq tanlovida gʻolib chiqqani bilan mashhur. Mackenbach tanlov tarixidagi Niderlandiyadan chiqqan ilk va hozirgacha yagona gʻolib hisoblanadi.

Yoshlik yillari Mackenbach Eyndxoven shahrida tugʻilgan hamda Shimoliy Brabant provinsiyasining Best shahrida voyaga yetgan. U bolalik davrida Tarzan va Sohibjamol va maxluq myuzikllarida rol ijro etgan. Mackenbach Amsterdamdagi „Lucia Marthas“ raqs akademiyasida tahsil olgan hamda Eyndxovendagi „Centrum voor de Kunsten Eindhoven“ sanʼat markazida aktyorlik yoʻnalishida oʻqigan.

Karyerasi Musiqiy karyerasi

2009-yilda, oʻn uch yoshida, Mackenbach „Click Clack“ qoʻshigʻi bilan „Junior Songfestival“ tanlovining 2009-yilgi mavsumida gʻolib chiqqan. Shu tariqa u Niderlandiya vakili sifatida „Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision — 2009“ qoʻshiq tanlovida ishtirok etgan hamda 121 ball bilan gʻalabani qoʻlga kiritgan. „Click Clack“ qoʻshigʻi Niderlandiyaning Single Top 100 hit-paradida yettinchi oʻringacha koʻtarilgan. Keyinchalik u 2010, 2012 va 2022-yillardagi tanlovlarda tanaffus dasturi ishtirokchisi sifatida sahnaga chiqqan.

Mackenbachning „Ralf“ nomli ilk albomi Niderlandiya albomlar chartining kuchli oʻntaligidan joy olgan hamda Flandriya albomlar chartida 59-oʻrinda debyut qilgan.. 2011-yil mart oyida albom 25 mingdan ortiq nusxada sotilib, oltin sertifikatga ega boʻlgan.

2011 va 2012-yillarda Mackenbach „Sterren dansen op het ijs“ hamda „Sterren springen op zaterdag“ shoularida qatnashgan. U, shuningdek, 2011-yilda „My Name Is… niderland“ isteʼdodlar shousida hakam sifatida faoliyat yuritgan. 2019-yilda esa „All Together Now“ loyihasining niderlandcha talqinida hakam sifatida koʻrinish bergan.

Ilmiy faoliyati Mackenbach oʻrta maktabni VWO diplomi bilan tamomlagach, Eyndxoven texnologiya universitetida tahsil olgan. U 2019-yilda yadro sintezi yoʻnalishi boʻyicha magistrlik darajasini yakunlagan hamda „Numerical Modelling of Mode Penetration in Cylindrical Geometries Using M3D-C1“ nomli dissertatsiyani yozgan.

Mackenbach Eyndxoven texnologiya universitetidagi tahsilini davom ettirib, 2023-yil noyabr oyida „Available Energy: A compass for navigating the nonlinear landscape of fusion plasma turbulence“ nomli dissertatsiyasi bilan doktorlik darajasini imtiyozli ravishda qoʻlga kiritgan. U 2024-yildan buyon École Polytechnique Fédérale de Lausanne (EPFL) universitetida postdoktorant tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Diskografiyasi Albomlar Ralf (2010) Moving On (2011) Seventeen (2012) Manbalar

Turkum:Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision qoʻshiq tanlovi gʻoliblari Turkum:Eyndxovenda tugʻilganlar Turkum:Niderlandiyalik qoʻshiqchilar