Roziya Barakzay (; 1995-yilda tugʻilgan) – afgʻon ayollar huquqlari faoli. 2021-yil avgustida Tolibon Afgʻonistonni egallab olganidan soʻng, 2021-yil avgustida ularga qarshi ilk ayollar norozilik namoyishlariga boshchilik qilgan va buning uchun 2021-yilda BBCning 100 ayol roʻyxatiga kiritilgan.
Yoshligi va taʼlimi Barakzay 1995-yilda Faroh viloyatida tugʻilgan. Ota-onasi pashtun boʻlib, oilada yagon farzand. Onasi uy bekasi, otasi esa Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari qoʻmondoni boʻlgan. Barakzay Hirot universitetida tahsil olib, siyosatshunoslikni oʻrgangan, magistr darajasini esa Kobul universitetida olgan.
Faoliyati 2010-yillarning oxirlarida Barakzay oilaning yagona boquvchisi edi. U bir vaqtning oʻzida Kobulda universitet professori boʻlib ishlagan hamda prezident saroyida Afgʻoniston Mustaqil saylov komissiyasida faoliyat yuritgan. Komissiyadagi faoliyati davomida u taklif qilgan 5 ta loyiha, jumladan, Hirot va Nangarhor viloyatlaridagi tinchlik bogʻlari boʻyicha takliflar hamda fuqarolar hukumatga shikoyat va arizalarni onlayn topshirishi mumkin boʻlgan tizimlarni yaratish gʻoyalari maʼqullangan. Uning prezident saroyida ishlagan soʻnggi kuni 2021-yil 15-avgust sanasi boʻlib, oʻsha kuni barcha xodimlardan oʻz xavfsizliklari uchun binoni tark etish soʻralgan. Tolibon esa shu kunning oʻzida binoni egallab olgan.
Faolligi 2021-yil 16-avgust kuni, Tolibon Afgʻonistonni egallab olganidan soʻng, Barakzay va yana 2 nafar ayol prezident saroyi yaqinidagi Zanbaq maydonida yangi hukumatga qarshi ilk ayollar norozilik namoyishiga boshchilik qilgan. Shundan soʻng u hibsga olinib, kaltaklangan. Internetda Barakzay #AfghanWomenExist xeshtegini boshlab, uning ostida yuzma-yuz namoyishlarni tashkil etgan. Barakzay 2021-yil sentyabrida ham ayollar yangi hukumatda lavozim egallay olmasligi haqidagi fikrlarni bildirgan bayonotlarga javoban norozilik namoyishlarida ishtirok etishda davom etgan. Ushbu namoyishlar chogʻida u Tolibon kuchlari tomonidan boshiga urilganini, namoyishchilarga qarshi koʻzdan yosh oqizuvchi gaz va qalampir spreyi qoʻllanganini maʼlum qilgan.
Barakzay va boshqa onlayn tashkilotchilar 2021-yil 10-oktyabrni Afgʻon ayollari bilan Butunjahon ayollar birdamligi kuni deb eʼlon qilgan. 2021-yil dekabrida Barakzay ayollarning ishlash va oʻqish huquqlari, shuningdek, moliyaviy yordam zarurati bilan bogʻliq norozilik namoyishlarida ishtirok etgan.
2021-yil oxirlariga kelib, Barakzayga Tolibon tomonidan oʻlim bilan tahdid qilingani sababli Afgʻonistondan qochib ketgan. U dastlab Mashhadga borgan, biroq hanuz kuzatuv ostida ekanini anglagach, boshqa joyga koʻchib oʻtgan. Barakzay oʻlim tahdidlarini olishda davom etgani bois joylashuvini ham tez-tez oʻzgartirib turgan. 2022-yil noyabri boshlarida u Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashiga qaratilgan xat yozish kampaniyasini tashkil etishga yordam berib, ushbu organni afgʻon ayollariga yordam berish uchun choralar koʻrishga chaqirgan. Barakzay BMT Bosh kotibining oʻrinbosari Amina Muhammad hamda AQShning afgʻon ayollari, qizlari va inson huquqlari boʻyicha maxsus vakili Rina Amiriyni Tolibon vakillari bilan uchrashgani yoki Tolibon Afgʻonistonning qonuniy hukumati sifatida tan olinishi mumkinligini anglatadigan fikrlarni bildirgani uchun tanqid qilgan.
2023-yil iyul holatiga koʻra, Barakzay qarindoshlari bilan Pokistonda yashayotgan edi. U Afgʻonistondagi faollar bilan aloqani saqlab qolgan hamda ayollar goʻzallik salonlarini yopish kabi Tolibon siyosatlariga qarshi chiqishda davom etgan.
Manbalar
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1995-yilda tugʻilganlar Turkum:Pokistondagi afgʻon muhojirlari Turkum:Hirot universiteti bitiruvchilari Turkum:Kobul universiteti bitiruvchilari Turkum:Pushtunlar Turkum:Faroh viloyatidan bo‘lganlar