Ruyo Hakokiyon () – eronlik-amerikalik yahudiy yozuvchi, jurnalist va siyosiy sharhlovchi. Eronda tugʻilgan, keyinchalik qochqin sifatida AQShga koʻchib oʻtgan va hozirda AQSH fuqaroligini olgan. U bir nechta kitoblar muallifi boʻlib, ular orasida ingliz tilida yozilgan mashhur xotira asari Journey from the Land of No (Crown), Assassins of the Turquoise Palace (Grove/Atlantic) hamda A Beginner’s Guide to America: For the Immigrant and the Curious (Knopf) kitoblari bor.

Ruyo Hakokiyonning ijodi tugʻilib oʻsgan mamlakatining qadimiy adabiy anʼanalari hamda uning murakkab tarixiy voqealari taʼsirida shakllangan. U koʻpincha siyosiy mavzulardan ilhom oladi va ularni lirizm bilan yoritadi. Hakokiyon zamonaviy ijtimoiy-siyosiy muammolar – surgun, taʼqib va senzura kabi masalalarni yoritib, oʻzining kuzatuvchanligi va poetik uslubi orqali bu mavzularni keng kitobxonlar uchun tushunarli va dolzarb qilib taqdim etadi. Tarjimayi holi

Ruyo Hakokiyon () Tehronda yahudiylar oilasida tugʻilib voyaga yetgan. 1979-yilgi Eron inqilobi paytida hali oʻsmir yoshida edi. Oyatulloh Xumayniy hokimiyatga qaytgach, antisemitizm kuchayishi, ijtimoiy-iqtisodiy bosimlar hamda Eron–Iroq urushi davom etayotgani sababli 1985-yil may oyida AQShga siyosiy boshpana asosida koʻchib ketgan.

Brooklyn kollejida psixologiya boʻyicha tahsil olgan. Shu yerda oʻqib yurgan paytida amerikalik mashhur shoir va yozuvchi Allen Ginsbergdan sheʼriyat boʻyicha saboq ham olgan.

Hakokiyon 2004-yilda chop etilgan Journey from the Land of No nomli xotira kitobi bilan yozuvchi sifatida keng eʼtibor qozonadi. Kitob nashr etilgach, Yale universiteti professori Harold Bloom uni „katta adabiy faoliyatga ega boʻladigan yozuvchining debyuti“ deb baholagan. Uning Eron masalalariga bagʻishlangan maqolalari The New York Times, The Washington Post, The Wall Street Journal hamda NPR kabi nashr va platformalarda chop etilgan.

2008-yilda Hakokiyon Guggenheim Fellowship stipendiyasini qoʻlga kiritadi. Shundan soʻng Eron muxolifati yetakchilarining Berlindagi Mykonos restorani qotilliklari haqida yozilgan Assassins of the Turquoise Palace nomli hujjatli kitob ustida ishlay boshladi. Ushbu kitob 2011-yilda Grove/Atlantic nashriyoti tomonidan chop etilgan.

Hakokiyon 2000—2004-yillarda Xalqaro aloqalar kengashi tashkilotining muddatli aʼzosi boʻlgan. 2009—2010-yillarda Yale Whitney gumanitar fanlar markazida tadqiqotchi sifatida ishlagan va hozirda Yale universitetining Davenport kollejida hamkor tadqiqotchidir. 2014—2015-yillarda Woodroow Wilson xalqaro ilmiy markazda mehmon tadqiqotchi boʻlgan.

2015-yildan boshlab Yale THREAD dasturida yozuvchilikdan dars beradi. Shuningdek, Eron Inson huquqlari hujjatlari markazida tashkilotining asoschilaridan biri boʻlib, Refugees International boshqaruv kengashida faoliyat yuritgan. 2018-yilda Brandeis universitetinig Hadassah-Brandeis institutida tadqiqotchi boʻlgan.

2021-yilda Connecticut immigrantlar va qochqinlar ittifoqi tashkiloti boshqaruv kengashiga faxriy aʼzo sifatida qoʻshilgan. U hozir ham Xalqaro aloqalar kengashining doimiy aʼzosidir. 2023-yilda Johns Hopkins universiteti SNF Agora institutida mehmon tadqiqotchi sifatida tanlangan. 2025-yilda esa AQSh sefardlari federatsiyasi tomonidan adabiyot sohasidagi Pomegranate Lifetime Achievement mukofoti bilan taqdirlangan.

Hakokiyon koʻplab universitet va kollejlarda maʼruzalar bilan qatnashgan. CBS This Morning, PBS’ Now with Bill Moyers, MSNBC, The Dylan Ratigan Show kabi koʻrsatuvlarda ham chiqish qilgan. 2009-yilda Berkeleydagi Kaliforniya universitetida nutq soʻzlab, Erondan AQShga boʻlgan hayotiy yoʻli hamda musulmon va yahudiy yoshlarining „zamonaviylik va diniy oʻzlik“ oʻrtasidagi muvozanatni topish jarayonidagi oʻxshashliklar haqida gapirgan.

Professor Harry Kreisler, Berkeleydagi Kaliforniya universitetidagi intervyular turkumining boshlovchisi, keyinchalik oʻzining eng yaxshi suhbatlarini Political Awakenings: Conversations with History kitobida chop etgan va unda Hakokiyonning intervyusini ham kiritgan. Hakokiyonni „avlodimizning eng muhim faollari, olimlari va jurnalistlaridan biri“ deb taʼriflagan .

Manbalar

Havolalar

Turkum:1966-yilda tugʻilganlar