|} Daniil Olegovich Yeybog (1997-yil 20-mart; Olenegorsk, Murmansk viloyati, Rossiya) – rossiyalik short-trek konkichi, 2024-yildan boshlab xalqaro turnirlarda Oʻzbekiston sharafini himoya qilmoqda. Estafeta yoʻnalishida 2020-yilgi Yevropa chempionati chempioni va 2021-yilgi Yevropa chempionati bronza medali sohibi. Shuningdek, 2022-yilda Pekin shahrida boʻlib oʻtgan Qishki Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi hisoblanadi.

Hayoti Daniil Yeybog 1997-yil 20-martda Murmansk viloyatining Olenegorsk shahrida tugʻilgan. Yetti yoshida sport gimnastikasi bilan shugʻullanish istagi paydo boʻlgan, biroq Olenegorskda bunday sport seksiyasi mavjud emas edi. Shundan soʻng u konkida yugurish bilan shugʻullanishni sinab koʻrgan. Uning birinchi murabbiyi Eduard Sultanov boʻlgan.

2009-yilda murabbiyining taklifiga binoan Tver shahriga koʻchib oʻtgan. Bu yerda short-trek yoʻnalishi bilan shugʻullana boshlagan. U Olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi hamda CSKA sport klubi tarkibida faoliyat yuritgan.. Harbiy xizmatni oʻtagan. Shundan soʻng Smolensk sport va turizm akademiyasiga oʻqishga kirgan.

2015-yilda xalqaro toifadagi sport ustasi unvoniga sazovor boʻlgan. 2017-yil short-trek yoʻnalishida 500 metr masofaga konkida yugurish boʻyicha Rossiya chempioni boʻlgan. Shu yilning oʻzida Butunjahon harbiy oʻyinlarida gʻolib boʻlgan. 2018-yilda Rossiya chempionatining 5000 metr estafeta bahslarida kumush medalni qoʻlga kiritgan. 2019-yilgi Universiadada kumush medal sovrindori boʻlgan.

2019-yil 2-noyabrda Rossiya terma jamoasi tarkibida short-trek boʻyicha Jahon kubogining birinchi bosqichida aralash estafetada oltin medalni qoʻlga kiritgan. Ertasi kuni Solt-leyk-siti shahrida erkaklar oʻrtasidagi 5000 metr estafeta yoʻnalishida gʻolib boʻlgan.

2020-yilda Vengriyada oʻtkazilgan Yevropa chempionatida estafeta jamoasi tarkibida oltin medal sohibiga aylangan. Bir yil oʻtib, Gdansk shahrida oʻtkazilgan qitʼa chempionatida erkaklar estafetasida bronza medalni qoʻlga kiritgan.

2022-yil fevral oyida Pekinda oʻtkazilgan Qishki Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan. U 1500 metr masofada start olgan, biroq yarim final bosqichiga yoʻllanma ololmagan.

Gitara chaladi, musiqa bastalaydi.

2024-yilda sport fuqaroligini Oʻzbekiston terma jamoasiga oʻzgartirgan, bunda xalqaro musobaqalarda ikki yillik cheklov (karantin) sharti qoʻllanilgan.

Manbalar

Turkum:20-martda tugʻilganlar Turkum:1997-yilda tugʻilganlar Turkum:Oʻzbekiston qishki sport turlari sportchilar