Serfiraz xonim ( – „gʻolib“ yoki „magʻrur“; tugʻilgan paytdagi ismi – Ayşe Lah; 1837-yilda tugʻilgan – 1905-yil 9-iyunda vafot etgan) – Usmoniylar davlati sultoni Abdulmajid I ning xotinlaridan biri.

Yoshligi Serfiraz xonim 1837-yilda tugʻilgan. Asl ismi – Oysha Lah. Tokatda yashab qolgan kelib chiqishi abxazlardan boʻlgan Lah oilasi aʼzosi edi. Otasining ismi – Lah Usmon bey, onasi esa Tapsin oilasidan boʻlgan Zeliha xonim boʻlgan. Oyshaning Rano xonim ismli singlisi bor edi.

Nikohi Serfiraz 1851-yilda Abdulmajidga turmushga chiqqan va unga „Oltinchi iqbol“ unvoni berilgan. 1852-yil 12-iyunda nikohdan 1 yil oʻtib, u Çırağan saroyida oʻzining birinchi farzandi, oʻgʻli Shahzoda Usmon Sayfiddinni dunyoga keltirgan. Shahzoda 3 yoshida vafot etgan. 1853-yilda Serfiraz „Toʻrtinchi iqbol“, 1854-yilda „Uchinchi iqbol“, 1856-yilda esa „Ikkinchi iqbol“ darajasiga koʻtarilgan. 1857-yil 30-sentyabrda u ikkinchi farzandi Bedihe Sulton (Bediya Sulton deb ham atalgan) ismli qizini dunyoga keltirgan. Biroq qizi 1 oyligida vafot etgan. Oradan 2 yil oʻtib, 1860-yil 25-iyulda u uchinchi farzandi, oʻgʻli Shahzoda Salim Sulaymon dunyoga kelgan.

Abdulmajidning sevimli xotini sifatida Serfiraz xonim sultonning eng sevimli va erka ayoli sifatida tanilgan. Unga Yıldız saroyi hadya qilingan edi. Baʼzan u Dolmabahçe saroyidagi oʻz turar-joyini tark etib, uzoq vaqt yashash uchun Yıldız saroyiga koʻchib oʻtardi. Serfiraz xonim gʻarb musiqasini juda yaxshi koʻrgan. Gʻarb musiqa asboblari va ularni chalishni bilgan musiqachilar uchun juda katta mablagʻlar sarf etgan. Uning nabirasining soʻzlariga koʻra, otasi Shahzoda Salim Sulaymonning musiqaga boʻlgan ishtiyoqi ham aynan onasidan meros boʻlib oʻtgan.

Zamondosh tarixchi Ahmed Cavdet poshoning yozishicha, Abdulmajid Serfirazni juda qattiq yaxshi koʻrib, unga sehrlanib qolgani uchun hech bir xatosi uchun jazo bera olmagan. Sulton Abdulmajidga boʻlgan bunday taʼsiri tufayli birov Serfirazga qarshi gapira olmagan, unga toʻliq erkin harakatlanish huquqi berilgan. Serfiraz hatto hijob va jinsiy segregatsiya cheklovlaridan ham ozod etilgan. Saroydagi boshqa ayollar Serfirazga hasad qila boshlagan, chunki u sultonning oʻzidan boshqa hech bir ayol bilan uchrashishiga ruxsat bermagan. U hatto Abdulmajidning oʻz farzandlari bilan aloqasini ham cheklab qoʻygan, chunki sulton bolalarini koʻrish bahonasida ularning onalari bilan uchrashib qolishini istamagan. Bundan tashqari, Serfiraz va sulton Abdulmajid saroydan chiqib, jamoat joylari va Beyoğluda ham birga koʻrinish bergan. Bu erkinlik konservativ qarashdagi kishilar nazarida sultonlik nufuzini poymol qiluvchi holat sifatida baholanganligi sababli sulton bu holatdan iztirob chekkan, biroq bu holatni toʻxtatishga qodir boʻlmagan.

Tarixchi Cevdat posho keltirgan bir latifa Abdulmajid va Serfiraz xonim oʻrtasidagi munosabat mohiyatini ochib beradi. Bir kuni sulton haramda Serfirazning xonasiga borganda u eshikni ochmagan. Sulton eshikni ochishni talab qilib, nima uchun ochmayotganini soʻraganida, Serfiraz: „Bizga odob oʻrgatish uchun Rizo poshodek odam tayinlandi, demak biz behayo ekanmiz-da. Agar men behayo boʻlsam, unda mana shunday nojoʻya ish qilishim mumkin“, deb javob bergan ekan. Buni eshitgach, sulton undan uzr soʻrab: „Men shunday qilishga majbur boʻldim, lekin sen biroz vaqt bunga eʼtibor bermay tur“, degan. Abdulmajid ichkariga kirish uchun eshikni sindirishga majbur boʻlgan. Yana bir safar u ruxsatsiz Dolmabahçe saroyidan Yıldız saroyiga ketib qolgan. Sulton unga ortiga qaytishni buyurganida u buyruqqa boʻysunmagan. Shu sababli sultonning shaxsan oʻzi u yerga borib, uni qaytarib olib kelishiga toʻgʻri kelgan.

Kichik Fesli bilan munosabati 1855–1856-yillarda Serfiraz xonim Kichik Fesli ismli arman yigit bilan munosabat oʻrnatgan. U yigitga juda koʻp pul sarflagan. Shov-shuv shunchalik katta boʻlganki, yigit sulton farmoni bilan otib tashlangan. Serfirazning xizmatida boʻlgan Zulfitob xonimning soʻzlariga koʻra, Serfiraz mutlaqo aybsiz boʻlib, bu mojaro uning dushmanlari, jumladan, Abdulmajidning ikkinchi xotini Şevkefza Kadin tomonidan uyushtirilib, boʻrttirilgan. Bu mojarodan soʻng Serfirazning taʼsiri va qudrati susaya boshlagan.

Xarajatlari va qarzlari Tarixchi Cevdat poshoning taʼkidlashicha, Serfiraz xonim barcha „isrofgarchilik va buzuqlik“ning asosiy sababchisi boʻlgan. U Serfirazni „vasvasaga soluvchi“ deya taʼriflaydi va uning imkon qadar koʻp zarar yetkazganini yozadi. Tarixchining fikricha, nafaqat sultonning shaxsiy xazinasi, balki butun dunyo xazinalari ham uning xarajatlari uchun yetmagan boʻlar edi. Serfiraz xonim bozorlarda yurib, qarzga botib yurgan. 1855-yilda Abdulmajidning opa-singillari, qizlari va xotinlari 288 000 hamyon miqdorida taxminan 1,15 million funt sterling qarz boʻlishgani aytiladi. Shundan 125 000 hamyon, taxminan 500 000 funt sterlingning oʻzi Serfirazning qarzlari boʻlgan.

Abdulmajid esa, aksincha, unga hech narsa deya olmagan. Hatto saroy xodimlari uchun katta qiyinchilik bilan 15 000 hamyon oltin toʻplab, shundan 5000 hamyonni Serfirazga bergan. Tarixchi Cevdat Serfirazni nazarda tutgan holda „bir ayolning ishtiyoqi tufayli butun davlat qulashi alomatlari koʻrinmoqda“, deya qayd etgan.

Inqirozi va bevalik yillari Oxir-oqibat mojarolar, haddan ortiq xarajatlar va uning takabburligi, dushmanlarining Abdulmajidga koʻrsatgan bosimi bilan bir boʻlib, Serfirazning inoyatdan qolishiga olib kelgan va unga Dolmabahçe saroyiga kirishi taqiqlangan.

Sultonning marhamatidan mahrum boʻlgach, Serfiraz va uning 1 yoshli oʻgʻli Shahzoda Sulaymon Ortaköydagi bir saroyda yashay boshlashgan.

1898-yil mart oyida Serfiraz xonim sulton Abdulhamid II ning qizi Naime Sulton va G‘ozi Usmon poshoning oʻgʻli Kamoliddin poshoning toʻyida ishtirok etgan.

Abdulhamid II ning qizi Oysha Sulton oʻzining xotiralarida otasining hukmronligi davrida Serfiraz xonim Ramazon bayramlariga kelib turganini va har doim Rahime Perestu Sultonning yonida oʻtirganini qayd etgan.

Vafoti Serfiraz xonim oʻgʻli bilan birga uning Bebek saroyida yashagan. Oʻsha yerda 1905-yil 9-iyunda vafot etgan va Istanbulda joylashgan Yahyo Afandi qabristonidagi Shahzoda Ahmad Kamoliddin maqbarasida dafn etilgan.

Farzandlari Ismi Tugʻilgan Vafot etgan Izohlar Shahzoda Usmon Sayfiddin 1852-yil 9-iyun 1855-yil 2-iyul Çırağan saroyida tugʻilgan. Vafotidan keyin Yovuz Salim masjidida dafn etilgan. Bedihe Sulton 1857-yil 30-sentyabr 1858-yil 12-iyul Bedia Sulton deb ham ataladi. Vafotidan keyin Gülistu Kadın maqbarasida dafn etilgan. Shahzoda Salim Sulaymon 1860-yil 25-iyul 1909-yil 16-iyul 5 marta uylangan, 2 oʻgʻil va 1 qiz farzandi boʻlgan.

Yana qarang Usmoniylar sultonlari xotinlarining roʻyxati Iqbol (unvon) Usmoniylar imperiyasi harami

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:1830-yillarda tug‘ilganlar Turkum:1905-yilda vafot etganlar Turkum:19-asr Usmoniylar imperiyasi kishilari Turkum:Abdulmajid I ning xotinlari Turkum:20-asr Usmoniylar imperiyasi sultonlarining rafiqalari