Shehzoda Mehmed Salim Afandi (; 1870-yil 11-yanvarda tugʻilgan – 1937-yil 5-mayda vafot etgan) – Usmoniylar shahzodasi, Usmoniylar davlati sultoni Abdulhamid II va Bedrifelek Xotunning toʻngʻich oʻgʻli.
Yoshligi Shehzoda Mehmed Salim 1870-yil 11-yanvarda Dolmabahçe saroyida tugʻilgan. Otasi Abdulhamid II sulton Abdulmajid I va Tirimüjgan Kadınning oʻgʻli boʻlgan. Onasi Bedrifelek Xotun shahzoda Kerzedj Mehmed beyning qizi edi. Shahzoda Mehmed Abdulhamidning ikkinchi farzandi va toʻngʻich oʻgʻli, Bedrifelekning esa toʻngʻich farzandi edi. Uning 2 yosh kichik Zekiye Sulton ismli singlisi va 8 yosh kichik Shahzoda Ahmad Nuri ismli ukasi boʻlgan.
Sulton Abdulhamid 1877-yil 7-aprelda Yıldız saroyiga koʻchib oʻtgach, 1877-yilda Salim va boshqa sulola aʼzolari ham shu saroyga joylashdi. Shahzodaning sunnat toʻyi 1883-yil 17-dekabrda oʻtkazilib, u bilan birga Mehmed V ning toʻngʻich oʻgʻli Shahzoda Mehmed Ziyoyiddin, Abdulmajid I ning nabirasi Shahzoda Ibrohim Tavfiq va Abdulazizning oʻgʻillari Abdulmajid II, Shahzoda Mehmed Shevket va Shehzoda Mehmed Seyfiddin ham sunnat qilindilar. Shahzoda Salimni Halil bey afandi sunnat qilgan.
Sulton Abdulhamid va Shahzoda Mehmed Salimning oʻrtasidagi munosabatlar beqaror boʻlib, ular bir-birini yoqtirmas va tez-tez keskin tortishuvga borishar edi. Bu Abdulhamidning Bedrifelek va uning boshqa farzandlari bilan munosabatlariga ham salbiy taʼsir koʻrsatgan, chunki u Salimni koʻrmaslik uchun boshqa farzandlarining xonalariga bormaslikka harakat qilgan.
Shahzoda dastlabki taʼlimini Yıldız saroyidagi Shahzodalar maktabida oʻgay ukasi Shahzoda Mehmed Abdulqodir va sulton Abdulazizning oʻgʻli Abdulmajid bilan birga oldi. Uning ustozı Baha afandi boʻlgan. Ahmad Mazharuddin unga fors tilini, Mehmed Nuri esa fransuz tilini oʻrgatdi. Shahzodalar maktabini tugatgach, Shahzoda Salim Usmoniylar harbiy kollejiga oʻqishga kirdi. U Usmoniylar imperiyasi armiyasining piyoda polki brigadiri unvoniga boʻlgan, keyinchalik esa general unvoniga koʻtarilgan. Shuningdek, Shahzoda Salim Yıldız saroyi hududida joylashgan villaga egalik qilgan.
Shaxsiy hayoti Shahzoda Salimning birinchi xotini Iryale xonim edi. U 1870-yilda Suxumida tugʻilgan. Iryalening asl ismi Daryal Marshania boʻlib, shahzoda Ali Hasan Marshania va malika Fotma Horecan Aredbaning qizi edi. Uning katta opasi Nazikeda Kadın sulton Mehmed VI ga turmushga chiqqan. Iryale 1882-yilda Yıldız saroyiga xizmatga olingan va 1886-yilda Salimga turmushga chiqqan. Shundan soʻng 1887-yilda Shahzoda Mehmedni, 1888-yilda Emine Nemika Sultonni dunyoga keltirgan. Iryale xonim 1904-yilda vafot etgan va Yahyo Afandi qabristoniga dafn qilingan.
Salimning ikkinchi xotini Parvin xonim boʻlgan. U Livanning Juniya shahrida vafot etgan. Uchinchi xotini Eflakyar xonim edi. U Batumida tugʻilgan, otasining ismi Gʻoziy Muhammad bey edi. Eflakyar xonim havaskor rassom edi. U ham Livanning Juniya shahrida vafot etgan. Shahzoda Salimning toʻrtinchi xotini Nilufar xonim boʻlib, uning kelib chiqishi abxazlardan edi. Ular 1905-yilda turmush qurishgan, ularning nikohidan 1906-yilda Shehzoda Mehmed Abdulkarim dunyoga kelgan. Biroq ular 1924-yilda ajrashgan va Nilufar xonim boshqa bir erkakka turmushga chiqqan. Nilufar xonim 1957-yilda vafot etgan va Yahyo Afandi qabristoniga dafn qilingan.
Saliming yana boshqa xotinlaridan biri Dürrüyekta xonim boʻlib, u Karzeg oilasidan chiqqan cherkes ayol edi. Dürrüyekta xonim ilgari Usmoniylar haramida xazinador boʻlib xizmat qilgan. Vafotidan keyin Tripolida dafn etilgan. Shahzodaning Leman Diliston xonim ismli xotini ham boʻlib, Sivasda tugʻilgan. Otasining ismi – Usmon bey. Selim va Leman Diliston xonim 1918-yilda turmush qurgan. Leman xonim 1951-yil 1-fevralda Livanning Bayrut shahrida vafot etgan. Shahzoda Salimning, shuningdek, cherkes millatiga mansub Gulnoz xonim va Mevhibe xonim ismli xotinlari ham bor edi.
Abdulhamidning taxtdan agʻdarilishi va keyingi hayoti 1909-yil 27-aprelda Abdulhamid II taxtdan agʻdarildi va Salonikiga surgunga yuborildi. Shahzoda Salim esa Istanbulda qoldi. Dastlab Mehmed Salim Usmoniylar taxti vorisi sifatida tanlandi, ammo buning uchun taxt vorisligi toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirish kiritish talab etilar edi. Shu bois siyosiy sabablar bilan birga u Abdulhamid II ning oʻgay ukasi Mehmed V ning soyasida qolib ketdi. Abdulhamidning butun oilasi Yıldız saroyidan haydab chiqarildi, ularning koʻpchiligining hatto yashash joyi ham yoʻq edi. Salim va uning ukasi Shehzoda Ahmad dastlab Zekiya Sultonning saroyiga joylashishdi, soʻngra Salimga Serendjebeyda saroy berildi. Turk yozuvchisi Holid Ziyo Ushoqligilning yozishicha, 1909-yilda sulton Mehmed V taxtga chiqqach, Selim bilan uchrashgan, oʻsha paytda Salimning boʻyi past, tarang va yoshiga nisbatan qarib qolgan edi. Uning yuzi va butun tanasini qamrab oladigan asabiy titroq boʻlib, shu xususiyati bilan Shehzoda Yusuf Izzeddinga oʻxshash edi.
1912-yilda Saloniki Yunoniston qoʻliga oʻtgach, Abdulhamid Istanbulga qaytdi va Beylerbeyi saroyiga joylashdi. 1918-yil fevralida sulton Mehmed akasi Abdulhamidning yashashi uchun hech qanday umid qolmaganini bilgach, Salimga xabar yuborgan va otasining oʻlim yoqasida ekanini, shu sababli darhol yetib kelishini aytgan. Biroq Salim va ukasi Shahzoda Ahmad yetib kelgach, Abdulhamid ularga biroz kutishni buyurgan. Otasi Salimni ichkariga chaqirayotgan paytda jon taslim qilgan. Na Salim, na boshqa shahzodalar va malikalar uning soʻnggi nafasiga guvoh boʻlgan. Abdulhamidning huzurida uning ikki sevimli xotini Müşfika Kadın va Soliha Naciye Kadın boʻlgan.
1918-yil iyulda Mehmedning vafotidan soʻng, uning ukasi sulton Mehmed VI taxtga oʻtirdi va Salim yana bir bor taxt vorisiga aylandi. 1919-yilda sulton Mehmedni taxtdan chetlashtirish yoki oʻldirish, uning oʻrniga aynan Salimni taxtga oʻtqazish rejasi borligi haqida mish-mishlar tarqalgan.
Surgundagi hayoti Usmoniylar imperiyasi qulatilib, 1924-yil mart oyida sulolaning oila aʼzolari surgun qilingach, Salim va uning oilasi dastlab fransuzlar boshqaruvida boʻlgan Damashq shahriga joylashdi. Keyinchalik esa Livanning Juniya shahriga koʻchib ketishdi. Salim yoz fasllarini, odatda, Aleyda oʻtkazardi. 1925-yil 14-yanvarda u turk yahudiy advokati Sami Günzbergga ishonchnoma berib, unga otasi Abdulhamid tomonidan qoldirilgan, Turkiya hududida hamda boshqa yerlarda joylashgan binolar, yerlar, konlar va imtiyozlarni talonchilar qoʻlidan qaytarib olish vakolatini berdi.
1920-yillarning oʻrtalariga kelib, Otaturk rejimini agʻdarish, Usmoniylar xalifaligini hokimiyatga qaytarish gʻoyasi boʻyicha turklar va kurdlar orasida hanuz tarafdorlar bor edi. Oʻsha paytda ular boʻlajak xalifa sifatida Salimni tanlagan edilar. 1925-yilda shayx Saʼd qoʻzgʻolonini qoʻllab-quvvatlovchilar tomonidan Salim xalifa deb eʼlon qilindi va Diyorbakirda joylashgan Bosh masjiddagi juma xutbasi uning nomiga oʻqildi. Fransiya qoʻzgʻolonning Suriyaga qadar yoyilishining oldini oldi, chunki Salim Suriyada ancha mashhur edi. Ammo shahzodaning bu voqeaga hech qanday aloqasi boʻlmagan. U Suriya xalqining chuqur hurmatiga sazovor boʻlib, odamlar uni Sulton Salim deb atashgan va u istiqomat qilgan uy Kasrul-malik (Hukmdor uyi) deb atalgan. Salimning mablagʻi tugab qolganida, uyning egasi boʻlgan arman shaxs undan yillar davomida ijara olmasdan yashashiga ruxsat bergan.
1930-yilda sulton Abdulhamid avlodidan boʻlgan shahzodalar tashabbus koʻrsatib, Britaniyaning BP (British Petroleum) kompaniyasiga murojaat qildilar. Abdulhamid nomida roʻyxatdan oʻtkazilgan Mosul quduqlaridan olinadigan neftdan ulush talab qilib, sultonga tegishli boʻlgan Falastindagi ayrim yerlar ustidan mulk huquqini qaytarib olish uchun ketma-ket sud ishlarini ochdilar. Bu tashabbusga Salim boshchilik qildi. Biroq Abdulmajid II ham shunga oʻxshash aloqalarni oʻrnatgan edi va yakunda bu ikki tomonlama harakat ularning oʻzaro kelishmovchiligiga olib keldi. Sobiq Fransiya prezidenti Alexandre Millerand Salimga musodara qilingan mulklarini qaytarib olish uchun sudda vakillik qilgan.
1934-yilda Selimning merosxoʻrlari Yafodagi yer sudiga murojaat qilib, yangi yer reyestrini tuzatish toʻgʻrisida sud qarori chiqarilishini soʻragan. Ularning daʼvosiga koʻra, bahsli yerga boʻlgan huquqlari reyestrda qayd etilmay qolgan. Merosxoʻrlar dalil sifatida mulkning 1908-yilgacha rasmiylashtirilgan, otalari nomiga berilgan eski mulk hujjatini taqdim etgan. Oʻsha paytda Salimning oʻzi Suriyada istiqomat qilgan.
Vafoti Mehmed Salim 1937-yil 5-mayda 67 yoshida Juniyada vafot etgan va Suriyaning Damashq shahridagi Sulaymaniyya takiyasi qabristoniga dafn qilingan.
Mukofotlari Usmoniylar tomonidan berilgan mukofotlar Usmon uyi ordeni, javohirlar bilan bezatilgan Shoh-sharaf ordeni, javohirlar bilan bezatilgan Imtiyoz ordeni, javohirlar bilan bezatilgan Usmoniya ordeni, javohirlar bilan bezatilgan Mejidiya ordeni, javohirlar bilan bezatilgan Kumush Imtiyoz medali Oltin Imtiyoz medali Liyakat urushi oltin medali Liyakat urushi oltin medali. Hijoz temiryoʻli oltin medali. Yunon urushi oltin medali. „Aʼlo darajadagi harbiy dengiz floti“ oltin medali.
Xalqaro mukofotlari : Leopold ordenining katta xochi, 1918-yil 6-iyun
Harbiy lavozimlari Harbiy unvonlari va armiyadagi lavozimlari Usmoniylar armiyasi piyoda polki brigadiri Usmoniylar armiyasi piyoda polki generali
Farzandlari Ismi Tugʻilgan yili Vafot etgan yili Izohlar Iryale xonimdan (1886-yilda uylangan; 1870–1904) Shahzoda Mehmed 1887 1890 Yıldız saroyida tugʻilgan va oʻsha yerda vafot etgan, Yahyo Afandi qabristoniga dafn qilingan Emine Nemika Sulton 1888-yil 9-mart 1969-yil 6-sentyabr Bir marta turmushga chiqqan, 2 oʻgʻil hamda 2 qiz koʻrgan Nilufar xonimdan (1905-yilda uylangan; 1957-yilda vafot etgan) Shahzoda Mehmed Abdulkarim 1906-yil 26-iyun 1935-yil 3-avgust Bir marta uylangan va 2 oʻgʻil koʻrgan
Nasabnomasi
Manbalar
Adabiyotlar
Havolalar
Nasab daraxti, sulton Mahmud II avlodlari. Olingan sana: 2011-02-28.
Turkum:1870-yilda tugʻilganlar Turkum:1937-yilda vafot etganlar Turkum:Abdulhamid II Turkum:Sultonlarning oʻgʻillari Turkum:Xalifalarning oʻgʻillari Turkum:Usmoniylar imperiyasi shahzodalari