Gavharshod masjidi (Gavharshod Masjid-i Jomeʼsi) – Afgʻonistonning Hirot shahrida joylashgan vayron holatdagi sobiq masjid. Temuriylar imperiyasi hukmdori Shoxruxning bosh malikasi Gavharshod begim topshirigʻiga koʻra qurilgan va Musalla majmuasining janubi-gʻarbiy burchagida joylashgan. XIX asrning oxirlaridan beri faoliyat koʻrsatmaydi.
Tuzilishi Masjid Gavharshod begim topshirigʻiga koʻra bunyod etilgan va meʼmor Qavom ad-Din ibn Zayniddin Sheroziy tomonidan qurilgan. Meʼmor 1418-yilda Mashhaddagi Gavharshod masjidini qurib boʻlgach, navbatdagi masjid qurilishiga kirishgan. Qurilish 1417–1418-yillarda boshlangan va 1437–1438-yillarda qisman yakunlangan. Masjidning oʻlchami 130 x 74 m, 4 ta ayvon va 4 ta minoraga ega. Bezaklari yaqin atrofdagi Gavharshodbegim maqbarasi uslubiga oʻxshash koʻk sirlangan koshinlardan iborat edi.
Masjid 1885-yilda Panjdeh mojarosi chogʻida afgʻon–britan qoʻshinlari tomonidan buzib tashlangan. Bunga sabab bosqinchilik qilishi mumkin boʻlgan rus qoʻshinlari vayronalarni mudofaa inshooti yoki yashirinish joyi sifatida ishlatib qolishining oldini olish, shuningdek, Hirot qal’asidan atrof hududni aniq va toʻsqinliksiz koʻra olish (ochiq koʻrish chizigʻini taʼminlash) boʻlgan. 1928-yilga kelib, qisman yaxshi holatda faqat 2 minora saqlanib qolgan: janubi-sharqiy burchakdagi 8-minora va shimoli-gʻarbiy burchakdagi 6-minora. Hozirda ulardan deyarli hech narsa qolmagan, faqat shimoli-gʻarbiy qismdagi 6-minoraning yarim balandlikdagi xarobalari mavjud boʻlib, ular ham deyarli bezaksiz holatda.
Bir nechta bezak plitalari 8-minoradan olinib, Hirotdagi Abdulloh Ansoriy maqbarasida qayta ishlatilgan.
2004-yilda Hirot shahri, jumladan, butun Musalla majmuasi UNESCOning Jahon merosi Nomzodlar roʻyxatiga kiritildi.
8-minora (janubi-sharqiy burchak) Masjidning janubi-sharqiy burchagidagi 8-minora 1928-yilda hanuz tik edi, ammo keyinchalik butunlay yoʻqolgan. Asosidagi bezak plitalari Hirotdagi Abdulloh Ansoriy maqbarasida qayta ishlatilgan. Ularning baʼzilari Hirot jome masjidida ham namoyish qilinmoqda.
6-minora (shimoli-gʻarbiy burchak) Bugungi kunda masjidning shimoli-gʻarbiy burchagida joylashgan 6-minoradan faqat yarim balandlikdagi qisqa qoldiq saqlanib qolgan. Bezaklari juda kam boʻlib, 1985-yilda Rossiya minomyot oʻqlari zarbasi natijasida shikastlangan.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Afgʻonistondagi 15-asr masjidlari Turkum:Afgʻonistondagi arxeologik yodgorliklar Turkum:1438-yilda qurib bitkazilgan inshootlar Turkum:Hirotdagi binolar va inshootlar Turkum:Former mosques in Afghanistan Turkum:Minorali masjid binolari (Afgʻoniston) Turkum:Masjid vayronalari Turkum:1430-yillarda qurib bitkazilgan masjidlar Turkum:Timurid mosques Turkum:Vandalizmga uchragan sanʼat asarlari Turkum:Jahon merosi Nomzodlar roʻyxati