Jarrohiylar () X asr oxiri va XI asr boshlarida uzilishlar bilan Falastinni boshqargan hamda Transiordaniya va Shimoliy Arabistonni oʻz nazoratida tutgan arab sulolasi. Ushbu oila oʻsha davrda Suriyaning 3 ta qudratli qabilasidan biri Tayy qabilasining hukmron oilasi edi. Boshqa qabilalar Kalb va Kilab qabilalari boʻlgan.

Jarrohiylar dastlab musulmon manbalarida qarmatlarning ittifoqdoshlari qatorida tilga olingan boʻlib, ularning sardori Mufarrij ibn Dagʻfal ibn al-Jarroh davrida ahamiyatli mavqega erishgan. 973-yilda harbiy xizmatlari uchun mukofot tarzida Fotimiylar xalifaligidan Falastin hokimligini qoʻlga kiritgan. Mazkur hokimlik markazi Ramla shahri boʻlgan. Mufarrij 981-yilda Ramlani talon-taroj qilgani sababli Fotimiylar unga nisbatan ishonchini yoʻqotib, Jarrohiylarni Falastindan quvib chiqardi. Keyinchalik Jarrohiylar Makkaga yoʻl olgan haj karvoniga hujum qilib, Fotimiylar, vizantiyaliklar va Suriyadagi musulmon hukmdorlar oʻrtasidagi munosabatlarga taʼsir koʻrsatdilar. 1011/10-yilga kelib, Jarrohiylar Tiberiyagacha boʻlgan butun ichki Falastinni oʻz nazoratlari ostiga olib, Ramlada al-Hasan ibn Jaʼfarni xalifa deb eʼlon qilish orqali Fotimiylarga qarshi chiqdilar. Fotimiylar xalifasi al-Hakim dastlab qoʻzgʻolonni toʻxtatish uchun Mufarrijga pul toʻlagan. Biroq oradan oʻtmay, Jarrohiylarga qarshi harbiy yurish boshlab, ularni Falastindan quvib chiqardi.

Mufarrij 1013-yilda vafot etgach, uning oʻrnini oʻgʻli Hassan egallagan. Hassan Falastin ustidan nazoratni qayta tiklagan. Hassan Banu Tayy qabilasini Kalb va Kilab bilan ittifoqqa birlashtirdi. Bu ittifoq 1029-yilda Fotimiylardan magʻlubiyatga uchragunga qadar Suriyada hukmronlik qilgan. Natijada, Jarrohiylar oʻz qarorgohlarini Antioxiya yaqinidagi vizantiyalik ittifoqchilari yoniga koʻchirdilar. Ular mintaqaviy musulmon kuchlari bilan bir nechta qarama-qarshiliklarda vizantiyaliklar bilan birga kurashdilar. 1041-yildan soʻng, Jarrohiylar haqida faqatgina ayrim eslatmalar uchraydi. Xususan, 1060-yillarda Hassanning jiyanlari, jumladan, Hozim ibn Ali va Humayd ibn Mahmud, shuningdek, Hozimning nabirasi Fadl ibn Robiyaga oid maʼlumotlar mavjud. Fadl ibn Robiya vaqti-vaqti bilan Fotimiylar, salibchilar, Mazyadiylar yoki Saljuqiylar bilan ittifoqda boʻlgan. Fadl ibn Robiya XVIII asrgacha choʻl badaviylari ustidan hukmronlik qilgan al-Fadl sulolasi amirlarining ajdodi boʻlgan.

Hudud Jarrohiylar vaqt-vaqti bilan Falastinda, Iordan daryosining sharqidagi Balqa tekisligida, Iordanning janubi-sharqidagi Sharat togʻlarida hamda Shimoliy Arabistondagi Jabal Aja va Jabal Salma togʻ tizmalarida nazoratni oʻz qoʻllarida saqlab turganlarCanard 1965, p. 483.. Sulolaning Falastindagi hukmronligi doimiy boʻlmagan. Mintaqa ustidan 977—981/982, 1011—1013, 1024—1029-yillarda hamda taxminan 1041-yilda nazorat oʻrnatganlarCanard 1965, p. 484.. Fotimiylar bilan nizo davrida, 1030-yilda Jarrohiylar Palmira yaqiniga koʻchib oʻtishgan. 1031-yilda esa oʻz qarorgohlarini Antioxiya va Homs oraligʻidagi ar-Ruj hududiga koʻchirishgan.

Tarixi Asos solinishi Jarrohiylar (Banu al-Jarroh) Tayy qabilasining hukmron urugʻi boʻlganGil 1997, p. 358.Cappel 1994, p. 124.. Sulola dastlab Sharat togʻlaridagi qalʼalarga egalik qilgan. Banu al-Jarroh oilasining tarixiy manbalarda eslab oʻtilgan ilk vakili qarmatlar bilan ittifoq tuzgan Dagʻfal ibn a-JarrohdirCanard 1965, p. 482.. Dagʻfal Jund Falastin markazi boʻlgan ar-Ramla shahrini oʻziga qarorgoh qilgan. Milodiy 972-yilda Fotimiylar Misriga qarshi yurishga boshchilik qilish uchun yoʻlga chiqqan qarmatiy hukmdor Abu Tohir al-Jannabiyning amaldori uchun xavfsiz boshpana bergan. Oradan ikki yil oʻtgach, Hasan ibn al-Jarroh ismli shaxs (ehtimol, Dagʻfal bilan aynan bir kishi) Misrga qarshi ikkinchi bosqinchilik yurishi vaqtida qarmatiylar qoʻshinining yordamchi kuchlari qoʻmondoni vazifasini bajargan. Hasan Fotimiylar xalifasi al-Muʼizz taklif qilgan poraga rozi boʻlib, xiyonat qilgan. Uning xiyonati Qohira atrofida qarmatlar qoʻshinining tor-mor qilinishiga sabab boʻlgan. Buning natijasida Fotimiylar Falastin va Suriyada Damashq shahrigacha boʻlgan hududlarni qayta egallashga muvaffaq boʻlishganAbu Izzedin, p. 50..

Mufarrij hukmronligi

Dagʻfalning oʻgʻli Mufarrij tarix sahifalariga Fotimiylarning Damashqni egallab olgan qarmatlar qoʻllab-quvvatlagan buvayhiylar lashkarboshisi Alptakinga qarshi kurashi bilan kirgan. Alptakin 977-yilda Ramla jangida magʻlub boʻlgach, Mufarrij uni Kafr Saba va Qalansava oraligʻida asir oldi. Bu orqali Mufarrij Alptakinning boshi uchun Fotimiylar xalifasi al-Aziz eʼlon qilgan dinorlik mukofotni qoʻlga kiritdi. Jarrohiylar Alptakinni janubiy Falastindagi Yibna yoki Tell as-Safida ushlab, keyin Fotimiylar qoʻliga topshirganlarGil 1997, p. 351.. Jarrohiylarning qoʻllovi evaziga al-Aziz Mufarrijni Ramla shahri voliyi (hokim) etib tayinlagan.

979-yilda Fotimiylar lashkarboshisi Fadl ibn Solih Hamdoniylar amiri Abu Tagʻlibga Jarrohiylar egallab turgan Ramla boshqaruvini taklif qildi. Bu orqali Fadl oʻsha davrda asosiy mintaqaviy kuchlar – Jarrohiylar, Hamdoniylar va Uqayliylar oʻrtasida shakllanayotgan ittifoqning oldini olishga harakat qildiGil 1997, pp. 354–355.. Abu Tagʻlib va uning Uqayliy ittifoqchilari avgust oyida Ramlaga hujum qildilar. Biroq magʻlubiyatga uchrab, 29-avgust kuni Fadlning qoʻlloviga erishgan Jarrohiylar tomonidan asir olindiGil 1997, p. 355.. Fadl Mufarrijdan Abu Tagʻlibni xalifa al-Azizga topshirishni talab qildi. Biroq Mufarrij Fotimiylar Abu Tagʻlibni oʻziga qarshi ishlatishi mumkinligidan xavotirlanib, uni oʻldirib, boshini xalifaga yubordi. Mufarrijning Abu Tagʻlibni qatl etishi Mosul Hamdoniylari sulolasining rasmiy tugatilishini anglatardi.

Fadl koʻp oʻtmay Mufarrijga qarshi chiqdi. Biroq xalifa al-Aziz uni Qohiraga chaqirib oldi. Bu esa Jarrohiylarni Falastinning mutlaq hukmdorlariga aylantirdi. 979—980-yillar oraligʻida Jarrohiylar ar-Ramla va Falastin qishloqlarini talon-taroj qilib, vayron qildilar. Bu voqea 981-yilda Fotimiylarning ularga qarshi harbiy yurish amalga oshirishiga sabab boʻldi. Shu yili Jarrohiylar qoʻshini Damashqni qamal qilayotgan Fotimiylarga qarshi isyon koʻtardi. Jarrohiylarga Abu Tagʻlib qoʻshinining omon qolgan qismlari, Tiberiya shahrining arab hokimi boʻlgan Bishara ismli shaxs qoʻshildi. Oxir-oqibat shu yili Fotimiylar Jarrohiylarni Damashqdan quvib chiqargach, Hijoz tomon chekinishga majbur boʻldilar. 982-yil iyun oyida Jarrohiylar Makkadan Suriyaga qaytayotgan haj ziyoratchilari karvonini talon-taroj qildilar. Fotimiylar ularga qarshi yana bir yurish boshladilar. Ayla yaqinida bu qoʻshin Jarrohiylardan magʻlubiyatga uchradi. Shundan soʻng, Falastinga qaytgan Mufarrij yana Fotimiylarga magʻlub boʻldi. 982-yil oxirida Mufarrij shimolga, Homs tomonga qochdi. U yerda Hamdoniylarning cherkas hokimi Bakjur unga boshpana berdi. Keyingi 10 yil davomida Mufarrij goh Vizantiya, goh Bakjur, goh Fotimiylar bilan ittifoqchilik munosabatida boʻldi. 997-yilda Jarrohiylar Ramlani egallashga urinib, ortga chekinishga majbur boʻldilar. Shundan soʻng, Tayy qabilasi ajdodlari yashagan shimoliy Arabistondagi Jabal Aja va Salma togʻlariga qochib ketdilar.

Keyingi yillarda Mufarrij oʻgʻillari Ali, Hasan va Mahmudni Fotimiylar xalifasi al-Hakimning harbiy yurishlarida yordam berishga yoʻnaltirdi. Tarixchi Marius Canardning taʼkidlashicha, 1012-yilda Fotimiylar davlatining badnom boʻlgan vaziri Abulqosim al-Husayn Mufarrijning oʻgʻli Hasanning huzurida boshpana topgani uchun „chinakam siyosiy ahamiyatga ega vazifani bajarish imkoni“ paydo boʻldi. Tarixchi Hugh Kennedyning fikricha, bu hodisa Jarrohiylar sulolasi rahbarlarining kuch-qudrati choʻqqisi boʻlgan davr ifodasi ediKennedy 2004, p. 286.. Bu paytda Jarrohiylar Falastinning Misr chegarasidan to Tiberiyagacha boʻlgan butun ichki hududini oʻz nazoratiga olgan edilar. Hasan va Abulqosimning tashabbusi bilan Jarrohiylar al-Hakim Damashq hokimi etib tayinlagan Yarux Damashq tomon borayotgan paytda, Gʻazo yaqinida hujum qilib, uni asir oldilar. Ular bir vaqtning oʻzida Ramlani egallagach, koʻp oʻtmay, Hasan Yaruxni qatl ettirdi. Ular al-Hakimning hokimiyatiga yanada qatʼiyroq qarshilik koʻrsatib, Makka sharifi al-Hasan ibn Jaʼfarni Ramlada xalifa deb eʼlon qildilar. Al-Hakim Jarrohiylarga pora berib, qoʻzgʻolonni toʻxtatishga erishdi. Shundan soʻng, al-Hasan Makkaga qaytdi, Abulqosim esa Iroqqa qochib ketishga majbur boʻldi. Jarrohiylar Falastinda hukmronlikni davom ettirdilar. Mahalliy nasroniylar qoʻlloviga erishish orqali oʻz hokimiyatlarini mustahkamlashga harakat qildilar. Mufarrij shu maqsadda avvalgi yillarda al-Hakim buzdirib tashlagan Muqaddas cherkovni qayta tiklashga hissa qoʻshdi.

Hasan hukmronligi

Al-Hakim 1013-yil avgust oyida Jarrohiylarga nisbatan diplomatik yondashuvdan jazolaydigan harbiy kuch qoʻllashga oʻtganCanard 1965, pp. 483–484.. Ali va Mahmud bostirib kelayotgan Fotimiylar qoʻshiniga taslim boʻlishdi. Al-Hakim esa Mufarrijni zaharlab oʻldirdi. Falastinni boshqarishni orzu qilgan Hasan qochib ketgan. Biroq keyinchalik al-Hakimdan afv olishga erishgan. Shundan soʻng, al-Hakim unga Mufarrijning Falastindagi iqtolarini inʼom qilgan. Oqibatda Hasan al-Hakimga Halabga boʻladigan yurishda yordam bergan.

1019-yilda Tayy qabilasi vakili boʻlgan Hasan oʻz qabilasini Sinon ibn Sulaymon boshliq Kalb va Solih ibn Mirdos boshliq Kilab qabilalari bilan ittifoqqa kiritdi. Levant mintaqasidagi 3 yetakchi arab qabilasi oʻrtasidagi bu ittifoq ilgari mutlaqo kuzatilmagan boʻlib, uning maqsadi Suriya choʻli va dashtida chetdan kelgan kuchlarning hukmronlik oʻrnatishiga yoʻl qoʻymaslik edi. Bitim shartlariga koʻra, Jarrohiylar Falastinni, Kalb va Kilab qabilalari esa (Mirdosiylar rahbarligida) mos ravishda Damashq va Halabni boshqarishi kerak edi. Al-Hakim hukmronligi 1021-yilda uning sirli vafoti bilan yakunlangach, oʻrniga xalifa Ali az-Zohir xalifa boʻldi.

1023-yilda Fotimiylar Anushtakin ad-Dizbariyni Falastinning harbiy hokimi etib tayinladilar. Biroq Jarrohiylar bunga qarshi chiqdilar. 1024-yilda Hasanning oʻgʻillaridan biri bir badaviy qabila rahbari bilan Ayla hamda al-Arishni talon-taroj qildilar. Fotimiylar markaziy hukumati bu voqeaga qarshi chora koʻra olmadiLev 2003, p. 47.. Buning oʻrniga, Anushtakin Bayt Jibrindagi Hasanning iqtosidan soliq undirib, uni daromadlardan mahrum etish uchun tashabbus koʻrsatdi. Bu harakat Anushtakin askarlarining oʻldirilishi bilan yakunlandiLev 2003, pp. 48–49.. Bu voqea hamda Anushtakin Hasanning ikki asosiy yordamchisini Ashkelonda qamoqqa olishi Jarrohiylar bilan mojaroni yanada kuchaytirdi. Jarrohiylar sentyabr oyida oʻz odamlarini ozod qilish uchun keng koʻlamli urush boshladilar. Ular Tiberiyani vayron qilib, Ramlani qamal qildilar hamda ozodlikka chiqarish hujjatlarini qalbakilashtirish orqali oʻz odamlarini qutqarib oldilar. Ad-Dizbariyni shahardan qochishga majbur qilib, shaharni talon-taroj qildilar. Shuningdek, Fotimiylardan Quddusni emas, balki Nablisni iqto qilish roziligini olishga ham muvaffaq boʻldilar.

Tayy, Kalb va Kilab qabilalari 1024/1025-yilda oʻzaro ittifoqlarini yangiladilar. Biroq ularning Vizantiyadan yordam soʻrab qilgan murojaatini imperator Vasiliy II rad etdi. Shunday boʻlsa-da, ular oʻsha yili az-Zohir yuborgan Fotimiylar qoʻshinini Ashkelonda magʻlub etgach, Hasan Ramlaga kirib bordi. Sinonning vafotidan keyin uning jiyani va vorisi Fotimiylar tomoniga oʻtib ketdi. Jarrohiylar va Mirdosiylar esa oʻz isyonlarini davom ettirdilar. Ular 1029-yilda Tabariya koʻli yaqinidagi al-Uqhuvana jangida general ad-Dizbariy qoʻmondonligidagi Fotimiylar qoʻshinidan magʻlub boʻldilar. Shundan soʻng, Hasan Falastinni tark etishga majbur boʻldi. Natijada, Fotimiylar Jarrohiylarning Falastindagi iqtolarini oʻzlariga yaqinroq boʻlgan arab qabilalariga topshirdilarCappel 1994, p. 125..