Boburiy hukmdor Shoh Shujo bilan adashtirib yuborilmasin.
Shoh Shujo () – 1358-yildan 1384-yilgacha hukmronlik qilgan Muzaffariy shoh. Muboriziddin Muhammadning oʻgʻli va vorisi. Shoh Shujoning uzoq hukmronligi davrida saltanat oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqdi va Balujistondan Arrongacha choʻzildi.
Yoshlik davri Shoh Shujo 1333-yil 10-martda tugʻilgan – Muzaffariylar hukmdori Muboriziddin Muhammad va moʻgʻul hukmdori Qutbiddin Shoh Jahonning qizi, Maxdum Shoh nomi bilan mashhur boʻlgan Xotun Qutlugʻ Begim ismli ayolning oʻgʻli. Muboriziddin Muhammad 1341-yilda Kirmonni zabt etgandan soʻng, u Shoh Shujo bilan mintaqada kezib yurgan moʻgʻul qabila boshliqlaridan birining qizi oʻrtasida nikoh oʻtkazdi. Keyinchalik Shoh Shujo taniqli fors shoiri Saʼdiy Sheroziyning qabrini otasi tomonidan buzib tashlanishiga yoʻl qoʻymadi, Saʼdiyni Muboriziddin Muhammad diniy omillar haqidagi sheʼrlari uchun qoralagan edi. 1358-yilda Shoh Shujo shafqatsiz otasini koʻr qilib, qamoqqa oldi va shu tariqa uning oʻrniga Muzaffariylar sulolasining hukmdori boʻldi.
Hukmronligi Shoh Shujo otasidan koʻra zolimroq shaxs emasligi isbotlandi, ammo u akalari bilan doimiy ravishda jang qilib, uzoq vaqt beqarorlikka sabab boʻldi. Taxminan 1362-yilda u oʻzining vaziri Qavomiddin Hasanni qatl qildi va uning oʻrniga Kamoliddin Husayn Rashidiyni tayinladi. 1363-yilda u Isfahonni boshqarish huquqiga ega boʻlgan birinchi ukasi Shoh Mahmudga qarshi yurish qildi, biroq tez orada tinchlik oʻrnatildi.
Biroq, keyingi yili Shoh Mahmud, qaynotasi Jaloyiriylardan Shayx Uvays Jaloyirning koʻmagi bilan Forsga bostirib kirdi va Sherozni egalladi. Shoh Shujo 1366-yilgacha poytaxtini qaytarib ololmadi. Shoh Mahmud 1374-yilda Shayx Uvays Jaloyir vafot etganidan keyin Tabrizni Jaloyiriylardan tortib olish uchun nikoh ittifoqidan foydalanib, Eron siyosatida taʼsirli rol oʻynashda davom etdi. Mahmud shaharni egallab oldi, ammo kasallikka chalinganidan keyin tez orada taslim boʻldi. Keyingi yili u vafot etdi va Shoh Shujo Isfahonni egallashiga imkon berdi.
Shoh Shujo keyin Ozarbayjon va Arronni toʻrt oy bosib oldi, Forsdagi ichki vaziyat yomonlashganda orqaga qaytishga majbur boʻldi. Uning ikkinchi ukasi Shoh Muzaffarning oʻgʻli Shoh Yahyo Isfahonda qoʻzgʻolon koʻtardi. Jaloyiriylar bilan yarashishga majbur boʻlgan Shoh Shujo oʻgʻli Zaynilobidinni Jaloyiriy hukmdori Shayx Husayn Jaloyirning singlisiga uylantirishni taklif qildi. Garchi Shoh Shujo Jaloyiriylarning Sultoniyadan nariga oʻtishiga toʻsqinlik qilgan boʻlsa ham, ular bu taklifni rad etdi va bostirib kirdi. 1383-yilda Shoh Shujo maydan mast va shubhaga toʻla holda oʻgʻli Sulton Sheblining koʻziga mil torttirdi, u ertasi kuni bundan afsuslandi. Oʻgʻlining koʻr boʻlib qolganidan koʻp oʻtmay, yana bir qator fojialar sodir boʻldi – Shoh Shujoning onasi Maxdum Shoh va uning jiyani Shoh Husayn vafot etdi, oʻzi esa haddan tashqari ichkilikbozlik natijasida oʻlimga olib keladigan kasallikka chalindi.
1384-yilda vafot etishidan oldin, u oʻgʻli Zaynilobidinni oʻzining vorisi va uchinchi ukasi Imoduddin Ahmadni Kirmon hokimi etib tayinladi. Bu kelishuvdan qoniqmagan Shoh Yahyo Sherozga qarshi hujum qildi, ammo shahar aholisi tomonidan Isfahondan quvib chiqarildi va Yazdga qochishga majbur boʻldi. Oʻlim toʻshagida Shoh Shujo oʻsha paytda Ozarbayjonda yurish qilayotgan qudratli turk-moʻgʻul sarkardasi Amir Temurga xat yozdi va unda oʻgʻillarining fotihga sodiqligini bayon qildi.
Merosi
Zamonaviy va keyingi tarixchilar tomonidan tasvirlangan Shoh Shujo obrazi murakkab, ammo baʼzan qattiqqoʻl Uygʻonish davri shahzodasi, ilmiy va ilohiyotshunoslik fanlarida yaxshi maʼlumotga ega, shoir va olim, shuningdek, bilim va adabiy asarlarning xayrixoh himoyachisi sifatida tasvirlangan. U ilmiy munozaralarda juda faol ishtirok etgani, texnik va ritorik masalalar boʻyicha oʻz qarashlari bilan mashhur boʻlgan.
Mashhur fors shoiri Hofiz Sheroziy oʻzining shoirlik faoliyatining katta qismini Shoh Shujo hukmronligi davrida oʻtkazgan va unga 39 marta ishora qilgan. 18-asrda Eronning Zand hukmdori Karimxon Zand (1751—1779-yillarda hukmronlik qilgan) Shoh Shujoning dafn etilgan joyini taʼmirlagan.
Adabiyotlar Jackson, Peter. „Muzaffarids.“ Encyclopaedia of Islam, Volume VII (Mif-Naz). New ed. 1993. M. Ismail Marcinkowski, Persian Historiography and Geography: Bertold Spuler on Major Works Produced in Iran, the Caucasus, Central Asia, India and Early Ottoman Turkey, with a foreword by Professor Clifford Edmund Bosworth, member of the British Academy, Singapore: Pustaka Nasional, 2003, . Roemer, H. R. „The Jalayirids, Muzaffarids and Sarbadars.“ The Cambridge History of Iran Volume 6: The Timurid and Safavid Periods. Edited by Peter Jackson. New York: Cambridge University Press, 1986.
Manbalar
Turkum:Muzaffariy hukmdorlar