Abu Umar Ahmad ibn Muhammad ibn al-Asi ibn Ahmad ibn Sulayman ibn Isa ibn Darraj al-Qastalli (, 958–1030) berber qabilasidan chiqqan andalusiya shoiri. Dastlab Kordova sarkardasi Almanzor uchun, 1018-yildan keyin esa Zaragoza taifasi hukmdorlari uchun saroy she'riyati asarlari yaratgan. Musulmon faylasufi as-Saolibiy oʻzining Kitab Yatimat asarida u haqda shunday maʼlumot bergan: „U Andalus uchun xuddi al-Mutanabbiy Suriya uchun boʻlgani kabi muhim edi. Eng yuksak darajadagi shoir boʻlib, soʻzlagan va bitgan asarlarida birdek nafislik namoyon etardi“.

Ibn Darraj 958-yil mart oyida kelib chiqishi berber boʻlgan zodagon Sanhaja oilasida tugʻilgan. Tugʻilgan joyi borasida biroz chalkashlik mavjud. Ismidagi al-Qastalli qoʻshimchasi oʻsha paytda Ispaniyadagi Qastalli shahrida tugʻilganini anglatadi. Oʻrta asr kartografi Muhammad al-Idrisiy Kastalla dengiz qirgʻogʻida, Taviradan oʻn toʻrt mil sharqda joylashgani haqida maʼlumot bergan. Ispaniyalik tarixchi José Antonio Conde mazkur shahar hozirda Ispaniyaning Jaen viloyatidagi Kastellar ekanligini taxmin qilgan.

992-yilda improvizatsiya qobiliyati tufayli Almanzorning saroy shoiri etib tayinlangan. Ijodi Almanzorning xristian qirolliklarga qarshi harbiy yurishlarini tarannum etishga bagʻishlangan. Sheʼriyati nafaqat adabiy qiymatga ega, balki tarixiy maʼlumotlarga ham toʻla boʻlib, Almanzorning jasorati haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Almanzor vafot etgach, uning oʻgʻli Abdulmalik al-Muzaffarga xizmat qilishda davom etgan. Leon va Kataloniyaga qarshi yurishda hukmdorga hamrohlik qilgan. Biroq 1008-yilda fuqarolar urushi boshlangach, dastlab shu yili Hammudiylar bilan Seutaga, keyinchalik esa Saragosa taifasiga qochishga majbur boʻlgan. 1018-yilda al-Mundir I saroyida vazir-kotib va saroy shoiri lavozimida ish boshlagan.

Yana saroy shoiri boʻlgach, Mundir I harbiy jasoratlarini tarannum eta boshladi. Shuningdek, 1021-yilda Mundir tomonidan uyushtirilgan Barselona grafi Ramon I bilan Kastiliya hukmdori Sancho Garsiyaning qizi Sancha Sanchesning nikoh toʻyida qoʻshiq kuylagan.

1022-yilda Mundir I oʻrniga oʻgʻli Yahyo ibn al-Mundir taxtga oʻtirgandan keyin ham Ibn Darraj 1028-yilgacha oʻz xizmatini davom ettirgan. Shundan soʻng, Valensiyaga, keyin esa Deniyaga koʻchib oʻtib, 1030-yilda shu yerda vafot etgan.

Manbalar

Turkum:958-yilda tugʻilganlar Turkum:1030-yilda vafot etganlar Turkum:11-asr berberlari Turkum:11-asr ispan shoirlari Turkum:Al-Andaluslik shoirlar Turkum:Berber shoirlar Turkum:Sanhaja Turkum:11-asr arab tilli shoirlari