Maisie Summers-Newton (2002-yil 26-iyulda tugʻilgan) – britaniyalik para suzuvchi. S6 toifasi boʻyicha suzish musobaqalarida ishtirok etadi. 2018-yil avgust oyida IPC suzish boʻyicha Yevropa chempionatida SM6 toifasida 200 metrga individual aralash suzish yoʻnalishida oltin medalni qoʻlga kiritgan va 2:59.60 natija bilan yangi jahon rekordini oʻrnatgan. Shuningdek, 2018-yil may oyida para suzish boʻyicha Britaniyada oʻtkazilgan xalqaro musobaqada 1:32.16 natija bilan S6 toifasida 100 metrga brass usulida suzish boʻyicha jahon rekordini oʻrnatgan. 2020-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Buyuk Britaniya hisobiga ikkita oltin medalni olib kelgan.
Karyerasi Summers-Newton 2019-yilda Angliyaning London shahrida boʻlib oʻtgan para suzish boʻyicha jahon chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritdi. U Ukraina vakili Yelyzaveta Mereshkoni ortda qoldirib, SM6 toifasida 200 metrga individual aralash suzish yoʻnalishi boʻyicha yangi jahon rekordini oʻrnatdi. Bu rekordni bundan avvalroq oʻsha yilning oʻzida Glazgoda ham qayd etgan edi.
2021-yil aprel oyida Sheffild shahridagi Ponds Forge sport markazida oʻtkazilgan musobaqada Summers-Newton erkin usulda suzish boʻyicha 2-oʻrinni egalladi, u musobaqada Grace Harveydan ortda qoldi va Ellie Simmondsni 4.2 soniyaga ortda qoldirdi. Iyul oyida sportchi Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan va kechiktirilgan 2020-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etuvchi Buyuk Britaniya terma jamoasi tarkibiga kiritildi. 2021-yilda Summers-Newton SB6 toifasida 100 metrga brass usulida suzish boʻyicha 1:32.34 natija bilan Yevropa rekordini ham oʻrnatdi.
Paralimpiya oʻyinlarida Summers-Newton 200 metrga individual aralash suzish yoʻnalishida oltin medalni qoʻlga kiritdi va bu musobaqada 2:56.68 natija bilan yangi jahon rekordini oʻrnatdi. Shuningdek, u 100 metrga brass usulida suzish boʻyicha ham oltin medalga sazovor boʻldi, 400 metrga erkin usulda suzish yoʻnalishida esa toʻrtinchi oʻrinni egalladi.
Summers-Newton 2022-yilda Portugaliyaning Funshal shahrida oʻtkazilgan para suzish boʻyicha jahon chempionatida ishtirok etib, 2 ta oltin medalni qoʻlga kiritdi. Ulardan biri 200 metrga individual aralash usulda suzish yoʻnalishi, ikkinchisi esa 400 metrga erkin usulda suzish yoʻnalishlari edi. Bundan tashqari, 49 ochko toifasida aralash 4 × 100 metrga erkin usulda estafeta suzish bahsida u Alice Tai, James Hollis va Oliver Carter bilan birga 6-oʻrinni egalladi. SB6 toifasida 100 metrga brass usulida suzish yoʻnalishining saralash bosqichida 1:32.16 koʻrsatkich natija bilan Summers-Newton oʻzining Yevropa rekordini yangiladi, finalda esa uchinchi oltin medalini qoʻlga kiritdi.
Sportchi 2022-yilgi Hamdoʻstlik oʻyinlarida Angliya terma jamoasi sharafini himoya qilib, 100 metrga brass usulida suzish yoʻnalishida oltin medalni qoʻlga kiritgan va 1:32.72 koʻrsatkichni qayd etgan. Bu natija ikkinchi oʻrin sohibining koʻrsatkichidan 10,57 soniyaga tezroq edi.
2022-yilda Glazgodagi Tollcross xalqaro suzish markazida oʻtkazilgan Britaniya para suzish qishki milliy musobaqasida Summers-Newton 4 ta yangi jahon rekordini oʻrnatdi. Bu rekordlar 100 metr erkin usulda (S6), 200 metrga individual aralash (SM6), 100 metrga brass (SB6) va 400 metrga erkin usulda (S6) suzish yoʻnalishlarida oʻrnatilgan.
2023-yilda Manchester suzish markazida boʻlib oʻtgan para suzish boʻyicha jahon chempionatida sportchi 2 ta oltin va 1 ta kumush medalni qoʻlga kiritdi. 2-avgust kuni 200 metrga aralash uslubda suzish yoʻnalishida oltin medalni, 3-avgustda 400 metrga erkin usulda suzish boʻyicha kumush medalni, 5-avgustda esa 100 metrga brass usulida suzish bahslarida oltin medalni qoʻlga kiritib, 1:31.34 vaqti bilan Yevropa rekordini oʻrnatdi.
Summers-Newton 2024-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ikkinchi bor Buyuk Britaniya sharafini himoya qilib, 200 metrga individual aralash suzish bahslarida oʻz chempionlik unvonini saqlab qoldi. Sportchi ushbu yoʻnalishda 2:56.90 natijani qayd etib, kumush medal sohibi amerikalik suzuvchi Elizabeth Marksdan 5,6 soniya tezroq masofani bosib oʻtishga muvaffaq boʻldi.
Mukofotlari Summers-Newton 2018-yilda 10 nafar boshqa britaniyalik sportchilar bilan birga BBCning „Yilning yosh sportchilari“ qisqa roʻyxatiga kiritilgan.
Uning Instagram va Twitter hisoblari tasdiqlangan.
2021-yilda „The Beano“ jurnalining maxsus „BeONE“ sonida boshqa sport qahramonlari, jumladan, Emma Raducanu va Matty Lee bilan bir qatorda sportchi haqida ham yozilgan.
2022-yil iyul oyida boʻlib oʻtgan Hamdoʻstlik oʻyinlari boshlanishidan oldin sportchi Courtney Tulloch bilan birga oʻsha paytdagi shahzoda Charles III bilan „Sportchilar shaharchasi“ni aylanib chiqqan.
2022-yil 17-noyabrda Summers-Newton Citi kompaniyasining „Yilning eng yaxshi nogironligi boʻlgan sportchisi“ mukofotini qoʻlga kiritgan.
Manbalar
Turkum:XXI asr ingliz sportchi ayollari Turkum:Britaniya imperiyasi ordeni sohiblari Turkum:Buyuk Britaniyalik Paralimpiya oʻyinlari bronza medali sovrindorlari Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari sovrindorlari Turkum:Suzuvchilar 2024-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2020-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:2002-yilda tugʻilganlar