Lakeisha Dawn Patterson (1999-yil 5 yanvarda tugʻilgan) – avstraliyalik para suzuvchi. 2014-yilgi Hamdoʻstlik oʻyinlari va 2015-yilgi IPC suzish boʻyicha jahon chempionatida bir nechta medallarni qoʻlga kiritgan. 2016-yilgi Rio-de-Janeyroda oʻtkazilgan Paralimpiya oʼyinlarida ayollar oʻrtasida S8 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida jahon rekordini oʼrnatgan va Avstraliya terma jamoasi hisobiga musobaqadagi birinchi oltin medalni yozib qoʼygan. 2020-yilgi Tokio Paralimpiyasida ayollar oʻrtasida S9 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida oltin medalni qoʻlga kiritgan. 2024-yilgi Parij Paralimpiyasida esa S9 toifasida ayollar oʻrtasida 400 metrga erkin uslub suzish bahsida kumush medalga sazovor boʻlgan.

Shaxsiy hayoti Patterson 1999-yil 5-yanvar kuni Avstraliyaning Victoriya shtatidagi Wodonga shahrida tugʻilgan. Unga erta boshlanadigan Parkinson kasalligi, epilepsiya va chap tomonlama falajlik shaklidagi serebral falajlik tashxisi qoʼyilgan. 2020-yilda Patterson Queensland universitetining Kommunikatsiya (raqamli media) yoʻnalishi boʻyicha oʼqishni boshlagan.

Sportchi Queensland shtatining Caboolture shahrida istiqomat qiladi.

Karyerasi Patterson 3 yoshida mushaklardagi qattiqlikni yengish maqsadida reabilitatsiya jarayonining bir qismi sifatida suzishni boshlagan. Sportchi suzish musobaqalarida S9 toifasida ishtirok etadi. Dastlab u Southern Cross suzish klubida (Skaboro) Steve Hadler, shuningdek, Bribie Island suv sporti markazida Suellyn Fraser qoʻl ostida mashgʻulot olib borgan. left|thumb|330x330px|Patterson Rio Paralimpiyasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida gʻolib chiqqanidan soʻng 2014-yilda Shotlandiyaning Glazgo shahrida boʻlib oʻtgan Hamdoʻstlik oʻyinlarida u ayollar oʻrtasida S8 toifasida 100 metrga erkin uslubda suzish bahsida bronza medalini qoʻlga kiritgan. 2015-yilda Glazgo shahrida oʻtkazilgan IPC suzish boʻyicha jahon chempionatida u ayollar oʻrtasida 34 ochko toifasida 4 × 100 metrga erkin uslubda estafeta suzish bahslarida oltin medal, S8 toifasida 50 metrga erkin uslubda va 34 ochko toifalarida 4 × 100 metrga kompleks estafeta suzish bahsida kumush medallarni, S8 toifasida 100 metrga erkin uslubda va S8 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahslarida esa bronza medallarni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, ayollar oʻrtasida S8 toifasida 100 metrga chalqancha suzish bahsida 5-oʻrinni egallagan.

2016-yil aprel oyida Patterson Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida oʻtkazilgan Yozgi Paralimpiya oʼyinlarida ishtirok etuvchi milliy terma jamoaga tanlab olingan. U Rio Paralimpiyasida Avstraliya terma jamoasiga birinchi oltin medalni olib kelgan. Sportchi musobaqada ayollar oʻrtasida S8 toifasida 400 metrga erkin uslub suzish bahsida gʼoliblikni qoʼlga kiritgan. Bu musobaqada u 4:40.33 natija bilan jahon rekordi, Paralimpiya rekordi va Okeaniya rekordini yangilagan, masofani avvalgi jahon rekordidan 0,11 soniyaga tezroq suzib oʼtgan. Ushbu rekordni undan avval sportchining uzoq yillik kumiri amerikalik Jessica Long oʻrnatgan edi, ushbu musobaqada Long ikkinchi oʻrinni egallagan. Shuningdek, Patterson ayollar oʻrtasida 34 ochko tasnifi boʼyicha 4 × 100 metrga erkin uslubda estafeta suzish bahsida jamoasi bilan birgalikda oltin medalni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, S8 toifasida 50 va 100 metrga erkin uslubda hamda 34 ochko toifasida 4 × 100 metrga kompleks estafeta bahslarida 3 ta kumush medalga ega chiqqan.

Rio-2016 musobaqalaridagi ishtiroki haqida oʻz fikrini bildirar ekan, Patterson shunday degan: „Agar kimdir bir yil oldin menga shu yerda boʻlasan desa, men buni hazil deb oʻylagan boʻlardim“, ammo Jessica Long ustidan gʻalaba qozonib, oʻzining ilk oltin medalini qoʻlga kiritgach, u shunday deydi: „Men hujum qilishim, startni kuchli boshlashim va oxirigacha kurashishim kerakligini bilar edim, u orqamda ekanini ham bilar edim, shuning uchun faqat oldinga intildim“.

2019-yilda Londonda boʻlib oʻtgan para suzish boʼyicha jahon chempionatida Patterson ayollar oʻrtasida S9 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida oltin medalni qoʻlga kiritgan, qolgan 3 ta bahsda esa medalga ega chiqmagan.

2020-yilgi Tokio Paralimpiyasida sportchi faqatgina bitta yoʼnalishda, ayollar oʻrtasida S9 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida ishtirok etgan va 4:36.68 natija bilan oltin medalni qoʻlga kiritgan. Bu natija bilan u Rio-2016 oʼyinlaridagi yutugʻini yana bir bor takrorlagan, faqat bu safar S9 toifasida ishtirok etgan, chunki nisbatan kamroq jismoniy cheklovga ega boʼlgan sportchilar uchun moʻljallangan S9 toifasiga qayta tasniflangan edi.

2022-yil Angliyaning Birmingem shahrida boʻlib oʻtgan Hamdoʻstlik oʻyinlarida sportchi ayollar oʻrtasida SM10 toifasida 200 metrga kompleks suzish bahsida 5-oʻrinni egallagan. 2023-yilda Angliyaning Manchester shahrida oʻtkazilgan para suzish boʼyicha jahon chempionatida u ayollar oʻrtasida S9 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida oltin medalni qoʻlga kiritgan.

2024-yilgi Parij Paralimpiyasida Patterson ayollar oʻrtasida S9 toifasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahsida kumush medalga sazovor boʻlgan, S9 toifasida 100 metrga erkin uslubda suzish bahsida toʻqqizinchi, SM9 toifasida 200 metrga kompleks suzish bahsida esa yettinchi oʻrinni egallagan.

2015-yilda Sunshine Coast universiteti Paralimpik tayyorgarlik markazida unga Jan Cameron murabbiylik qilgan. 2016-yil boshida u murabbiy Harley Connolly bilan ishlay boshlagan. 2024-yildan esa sportchi USC Spartans jamoasida murabbiy Casey Atkins qoʻl ostida mashgʻulot olib bormoqda.

Manbalar

Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari sovrindorlari Turkum:Suzuvchilar 2024-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2020-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2016-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Turkum:Avstraliyalik ayol para suzuvchilar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1999-yilda tugʻilganlar