Kasper Peter Schmeichel — daniyalik professionalik futbolchi. Shotlandiya chempionatining Celtic jamoasi va Daniya milliy futbol terma jamoasi darvozaboni sifatida faoliyat olib boradi.
Schmeichel o‘z futbolchilik faoliyatini Manchester City klubida boshlagan, lekin asosiy jamoadagi debyutidan oldin Darlington, Bury va Falkirk kabi jamoalarda ijara asosida o‘ynagan. Schmeichel 2007–2008-yilgi mavsumda Cityning asosiy darvozaboni bo‘lish imkoniyatiga ega bo'lgan bo‘lsa-da, Joe Hartning jamoada paydo bo‘lishi uning Cardiff City jamoasiga ijara asosida yuborilishiga olib kelgan. 2009-yilda Irlandiya terma jamoasi darvozaboni Shay Givenning Cityga o'tishi natijasida Schmeichel Cityda rotatsiyada yana pastroq o‘ringa tushib qolgan. Natijada sobiq murabbiyi Sven-Göran Eriksson boshqarayotgan Notts County klubiga o'tgan. U faqatgina bir mavsum davomida jamoada faoliyat olib borgan va shundan so'ng o‘zaro kelishuv asosida futbolcihi va klub o'rtasidagi shartnoma bekor qilindi.
Schmeichel 2010-yilda Leeds United bilan shartnoma imzolagan bo'lishiga qaramay jamoada 1 yilgini faoliyat olib borgan. Shundan so'ng u Leicester Cityga transfer qilingan. Schmeichel Leicester safida 11 yil davomida 479 ta rasmiy uchrashuvda ishtirok etgan va klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrda o‘ynagan. U Leicester safida 2014-yilda Championship, 2016-yilda Angliya Premyer-ligasi, 2021-yilda esa Angliya kubogi va Angliya superkubogi musobaqalarida g‘olib bo‘lgan. Anderlecht va Nice klublaridagi faoliyatidan so‘ng Schmeichel 2024-yil iyul oyida Shotlandiyaning Celtic klubiga borib qo‘shilgan.
U 2011-yilda ilk marotaba Daniya milliy jamoasiga chaqirilgan va UEFA Yevro 2012 musobaqasida ishtirok etgan, ammo 2013-yilgacha milliy jamoada debyut qilmagan. Shundan so'ng u 110 dan ortiq xalqaro o‘yinlarda qatnashgan. FIFA Jahon chempionati 2018, UEFA Yevro 2020, FIFA Jahon chempionati 2022 va UEFA Yevro 2024 turnirlarida o‘z mamlakati sharafini himoya qilgan.
Klublardagi faoliyati Manchester City
Schmeichel 2002-yil sentabr oyida Manchester City klubi bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan. U 2006-yil yanvar oyida Darlington jamoasiga ijaraga yuborilgan va 14-yanvar kuni Darlington Arenada Peterborough United jamoasiga qarshi ilk professional uchrashuvini o'tkazgan. Uchrashuvda Peterborough hujumchisi James Quinn Schmeichel darvozasiga 1 ta gol urishga muvaffaq bo'lgan, lekin baribir uchrashuvda Darlington g'alaba qozongan. Uch kun o‘tib, Kasper Grimsby Townga qarshi uchrashuvda jamoa safidagi ilk quruq o'yinini o'tkazgan. U Manchester Cityga qaytishidan oldin yana ikki marta maydonga tushgan. Manchester Cityga qaytganidan bir oy o‘tib, u yana ijaraga yuborilgan. Bu safar 2006-yil fevral oyida Bury klubiga. U yerda uch oy davomida 15 ta o‘yinda qatnashgan. Keyingi mavsumda ham yana uch oyga Buryga qaytgan.
Schmeichel 2007-yil yanvar oyidan 2006–2007-yilgi mavsum oxirigacha Shotlandiya Premyer-ligasining Falkirk jamoasiga ijaraga yuborilgan. U 2007-yil 18-fevralda Rangersga qarshi o‘yinda uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchi deb topilgan. 2007-yil 18-martda Celticga qarshi 1–0 hisobida g‘alaba qozonilgan o‘yinda Craig Beattiening penaltisini qaytargan. May oyida u Falkirkdagi ijarasi uzaytirilishini xohlaganini aytib o‘tgan va hattoki klub uni sotib olishga qiziqish bildirgan.
Schmeichel 2007-yil avgust oyida Manchester City safida West Ham Unitedga qarshi uchrashuvda o'z debyutini amalga oshirgan. 2007-yil 19-avgustda Cityning raqibi va o‘zi bolalikda muxlislik qilgan jamoasi Manchester Unitedga qarshi o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan va City 1-0 hisobida g‘alaba qozongan. 25-avgust kuni Emirates Stadiumda Arsenalga qarshi o‘yinda Robin van Persiening penaltisini qaytargan, ammo City Arsenalga 1-0 hisobida yutqazgan. Schmeichel o‘sha o‘yinda uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchi deb topilgan. U 2007–2008-yilgi mavsumda Manchester Cityning dastlabki yetti o‘yinida maydonga tushgan va Manchester United, West Ham, Aston Villa va Derby Countyga qarshi quruq o‘yinlar o‘tkazishga muvaffaq bo'lgan. Ushbu ushrashuvlarda u jami beshta gol o‘tkazib yuborgan xolos.
U 2007-yil sentabr oyida Manchester City bilan to‘rt yillik yangi shartnoma imzolagan. Keyin 2007-yil 25-oktabrda Championshipning Cardiff City jamoasiga bir oylik ijara asosida o'tgan. U Cardiff safidagi debyutini 2007-yil 27-oktabrda Scunthorpe Unitedga qarshi 1-1 hisobidagi durang o‘yinda o‘tkazgan. U 2007-yilda Daniya U21ning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Ijara muddati yakuniga yaqinlashganda Schmeichel Cardiffda uzoqroq qolish istagini bildirgan va 22-noyabr kuni uning ijarasi yangi yilgacha uzaytirilgan. Murabbiy Sven-Göran Eriksson agar Manchester Cityda jarohatlar bo‘lmasa, uni mavsum oxirigacha klubda qoldirishi mumkinligini aytgan. Eriksson 31-dekabr kuni Cardiff bilan muzokaralar olib borgan va Schmeichel 2-yanvargacha klubda qolishiga ruxsat berilgan. Schmeichel Cardiffda yana o‘ynashni xohlashini bildirgan, ammo u ijara muddati tugaganidan keyin Cityga qaytgan.
Shundan so'ng u 13-mart kuni mavsum oxirigacha Coventry Cityga ijaraga o‘tgan. Mavsum oxirida uning otasi Peter Schmeichel televizion intervyu davomida o‘g‘lining Manchester Cityda baxtsizligini va mavsum oxirida klubni tark etishini aytgan. Ketishni xohlashiga qaramay, Schmeichel mavsum oxirida Manchester Cityga qaytgan va 16-raqamli formani kiyishni boshlagan. U Cityni tark etishni xohlayotganini va to‘rt yillik shartnoma imzolaganidan afsusda ekanligini bir necha bor ta’kidlagan. 16-noyabr kuni Schmeichel Joe Hart to‘pig‘idan jarohat olib, 14-daqiqada almashtirilganidan keyin o‘yinga zaxiradan tushirilgan. O'sha uchrashuvda City Hull City bilan 2-2 hisobida durang o‘ynagan. 2008-yil dekabr oyida Schmeichel Manchester City safidagi oxirgi uchrashuvini UEFA Yevropa ligasida Racing de Santander jamoasiga qarshi o‘tkazgan.
Notts County 2009-yil 14-avgustda Schmeichel Notts County jamoasi bilan shartnoma imzolagan. Ushbu transfer jamoa tarixidagi eng qimmat transferga aylangan. Ushbu transfer orqali Schmeichel sobiq murabbiyi Sven-Göran Eriksson yana birga ishlaydigan bo'lgan. Sven yaqinda Notts County jamoasining futbol bo‘yicha direktori lavozimiga tayinlangan edi. Schmeichel klubdagi eng ko‘p maosh oladigan o‘yinchiga aylangan va yiliga 1 million funt ishlab topardi. U 22-avgustda jamoa safida o'z debyutini amalga oshirgan va Dagenham & Redbridgega qarshi o‘yinda o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qolgan.
Oktabr oyida ajoyib o‘yinlar seriyasini namoyish etgani uchun Schmeichel oyning eng yaxshi o‘yinchisi mukofotiga sazovor bo‘lgan. Schmeichel The Magpies safida bo‘lganida, klub liga o'yinlarida o‘rtacha 0,67 ta gol (43 liga o‘yinida 29 ta gol) o‘tkazib yuborgan. Notts County safida Schmeichelning quruq o‘yinlari o‘tkazilgan o‘yinlarga nisbati 55,8 foizni (43 liga o‘yinida 24 ta quruq o‘yin) tashkil etgan. 27-aprel kuni Schmeichel va Notts County allaqachon quyi ligaga tushib ketgan Darlingtonni mag‘lub etgan va 2009–2010-yilgi Ikkinchi liga chempionligini qo‘lga kiritgan va Birinchi ligaga ko‘tarilgan. O‘yindan sal oldin, Notts County mavsum oxirida Schmeichel bilan shartnomani bekor qilishi e’lon qilingan. Kasperning oyligi va moliyaviy inqiroz tufayli shu qarorga kelingan edi. Schmeichel barcha kelajakdagi ish haqidan voz kechishga rozi bo‘lgan, bu esa klub raisi Ray Trew tomonidan juda katta yon berish sifatida ta’riflangan.
Leeds United 2010-yil 27-may kuni Schmeichel Premyer-liga va Bundesliga klublari bilan bog‘langan bo‘lishiga qaramay, Leeds United bilan ikki yillik shartnoma imzolagan va 2010-yil 1-iyul kuni jamoaga borib qo‘shilgan. Schmeichel 2010–2011-yilgi mavsumda Leeds tarkibidada 1-raqamli formada to'p surgan va Shane Higgsdan oldin Leedsning birinchi darvozaboni sifatida tanlangan. U klub safidagi debyutini 2010-yil 7-avgustda Derby Countyga qarshi o‘tkazgan. Ushbu o'yinda Leeds 2–1 hisobida yutqazganiga qaramay, Schmeichel yaxshi o‘yin namoyish etgan va o‘yin davomida bir nechta muhim seyvlar qilgan. Leeds safida ketma-ket ajoyib o‘yinlar o‘tkazganidan so‘ng Schmeichel avgust oyida Championshipda oyning eng yaxshi o‘yinchisi mukofotiga nomzod bo‘lgan, ammo bu mukofot Queens Park Rangers yarim himoyachisi Adel Taarabtgа nasib etgan. Ammo Schmeichel Sky Sports tomonidan taqdim etilgan avgust oyining eng yaxshi o‘yinchisi mukofotini qo‘lga kiritgan.
Keyinchalik oyog‘idagi pay jarohati sababli Schmeichel Swansea Cityga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan va Leedsning keyingi bir necha o‘yinlarida ishtirok eta olmagan. Jarohat olgan davrida Schmeichel Soccer AM dasturida mehmon sifatida qatnashgan. Ikki oy davomida jarohatidan davolangandan so'ng Schmeichel Cardiff Cityga qarshi o‘yinda Leedsning asosiy tarkibiga qaytgan. U 6-noyabr kuni Coventry Cityga qarshi o‘yinda maydonga tushishi kerak edi, ammo o‘yindan bir kun oldin birinchi farzandi dunyoga kelgani sababli o‘yinda qatnasha olmagan.
2011-yil 8-yanvardagi, Angliya kubogining uchinchi bosqichidagi Arsenalga qarshi o‘yinda u jamoasiga 1-1 hisobidagi durrang natija qayd etishida katta yordam bergan. O‘yindan so‘ng Arsenal sardori Cesc Fàbregas Schmeichelning o‘yini uchun o'sha uchrashuv to‘pini olishi kerakligini aytgan. Leeds navbatdagi o‘yinda 3–1 hisobida mag‘lub bo‘lganiga qaramay, Schmeichel yana bir ajoyib o‘yin namoyish etgan (hatto bosh bilan gol urishiga ozgina qolgan) va u Angliya kubogi uchinchi bosqichining eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan.
2011-yil 27-iyun kuni Leeds Schmeichelni Leicester Cityga noma’lum miqdordagi summaga transfer qilishini e'lon qilgan. Schmeichel shartnoma muddati tugaguniga qadar Leedsda qolishni xohlashini aytib, sotuv qarori unga haqiqiy shok bo‘lganini tan olgan. Ammo Schmeichel Leedsga ko‘chib o‘tganini noto‘g‘ri qaror deb hisoblagan. Ayniqsa otasining tarixi sababli klubda o‘zini yoqtirilmayotgandek his qilganini bildirgan.
Leicester City 2011–2012-yilgi mavsum
2011-yil 27-iyun kuni Schmeichel rasman Leicester City futbolchisiga aylangan va jamoa bilan uch yillik shartnoma imzolagan. Transfer narxi oshkor etilmagan boʻlsa-da, bu transfer uni yana bir bor sobiq murabbiyi Sven-Göran Eriksson bilan birlashtirgan. Eriksson avvalroq Manchester Cityda murabbiy va Notts Countyda sport direktori lavozimlarida ishlagan.
Mavsumning birinchi oyida, 2011-yil 20-avgustda Nottingham Forestga qarshi safar oʻyinida Schmeichel 79-daqiqada ikkinchi sariq kartochkasini olganidan soʻng maydondan chetlatilgan. U birinchi sariq kartochkani penalti tepish uchun jarayonida toʻpni joyidan olib qoʻygani uchun, ikkinchi sariq kartochkani esa penalti golga aylanganidan keyin toʻpni uzoqqa tepib yuborgani uchun olgan. Oʻyindan soʻng Schmeichel hakamga orqasi bilan turgani sababli birinchi sariq kartochkani koʻrmaganini aytib, uzr soʻragan. U shaxsiy Twitter sahifasida: "Agar birinchi sariq kartochkani olganimni bilganimda hech qachon bunday qilmagan boʻlardim", deb yozganNottingham Forest v Leicester City match report. BBC Sport. Retrieved 20 August 2011.Why was Kasper Schmeichel sent off playing for Leicester City against Nottingham Forest in August 2011? Socqer.com. Retrieved 20 August 2011.. Biroq, Schmeichelning Leicesterdagi oʻyinlari tezda eʼtirofga sazovor boʻla boshlagan. Uning murabbiyi Sven-Göran Eriksson uni Angliyaning birinchi darvozaboni Joe Hart bilan solishtirgan, jamoadoshi va sobiq Angliya terma jamoasi futbolchisi Paul Konchesky esa uni "oʻzi bilan birga oʻynagan eng yaxshi darvozabonlardan biri" deb taʼriflagan. 2011-yil noyabr oyida Portsmouthga qarshi oʻyinda qisqa masofadan qilgan seyvi Schmeichelga katta maqtovlarni olib kelgan. Portsmouth murabbiyi Maykl Appleton bu seyvni "uzoq vaqt davomida koʻrgan eng yaxshi seyvlardan biri" deb atagan, Leicester murabbiyi Nigel Pearson esa uni "dunyoning eng yaxshi darvozabonlariga xos seyv" deb baholagan.