Ispaniya inkvizitsiyasi (toʻliq nomi: Muqaddas inkvizitsiya mahkamasi tribunali, ) – 1478-yilda Aragon qiroli Ferdinand II va Kastiliya qirolichasi Izabella I tomonidan tuzilgan maxsus tergov va sud organi. Ispaniya inkivizitsiyasi mamlakat fuqarolarining katolik eʼtiqodi sofligini saqlashga va papa nazoratida boʻlgan oʻrta asr inkvizitsiyasi oʻrnini egallash uchun tashkil qilingan. Bu yangi siyosiy tashkilot Ispaniya monarxiyasining bevosita nazorati ostida boʻlgan.
Ispaniya inkvizitsiyasi Ispaniyaga qaram boʻlgan Kanar orollari, Neapol qirolligi hamda qirollikning Shimoliy Amerika va Janubiy Amerikadagi barcha koloniyalarida faoliyat yuritgan. Olimlarga koʻra, Ispaniya inkvizitsiyasining uch asrlik faoliyati davomida inkvizitsiya tomonidan 150 mingga yaqin insonlar turli jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilib, ular orasidan taxminan 3 mingdan 5 minggacha insonlar qatl qilingan . Ammo inkvizitsiya Ispaniya mustamlakalaridagi mahalliy aholi ustidan hech qanday yurisdiksiyaga ega boʻlmagan, bu mahalliy aholini mahalliy va Amerika sudlari sud qilishgan.
Dastlab, inkvizitsiya asosan yangi dinni qabul qilganlar, ayniqsa katoliklik eʼtiqodini qabul qilishga majbur boʻlgan yahudiylar va musulmonlarning eʼtiqodi qonuniyligini taʼminlash maqsadida faoliyat olib borgan. 1492-yil va 1502-yildagi qirol farmonlari asosida inkvizitsiya Ispaniyada katolik eʼtiqodini qabul qilmaganlarni oʻlim tahdidi bilan mamlakatni tark etishga majburlagan. Natijada yuz minglab yahudiylar, musulmonlar va moriskolar, konversolar qiynoqlarga solingan, ayrimlari qatl qilingan, qolganlari esa Ispaniyani tark etishga majbur boʻlgan. Ispaniya inkiviztsiyasi faqatgina 1834-yilda Izabella II hukmronligi davrida butunlay bekor qilingan.
Tarixi left|thumb|Autodafedagi Avliyo Dominik (Pedro Berrugete surati, 1490-yil) thumb|286x286px|Katolik qirollarining rahnamosi Bibi Maryam (Pedro Berruguetening surati, taxminan 1493-yil; Bibi Maryamga tiz choʻkkan Ferdinand va Izabella, qirol Ferdinandning ortida rohib Torquemada) XІІІ asr janubiy Fransiyada xurofotchilarga qarshi kurash maqsadida tashkil etilgan Ispaniya inkvizitsiyasi XV asr oxiriga kelib, yangi kuch bilan qayta tiklangan. Bu endi yangi tashkilot boʻlib, tashkilot qirollikda ulkan siyosiy ahamiyat ega boʻlgan.
Qirollik inkvizitsiyaning rivojlanishi uchun eng qulay shart-sharoitlarni taqdim qilgan. Ispaniya qirolligi tomonidan Pireney yarim orolidagi mavrlardan tortib olingan hududlarda nasroniylar emas, aynan yahudiylar va mavrlar koʻpchilikni tashkil qilgan.
Yevropaning boshqa mamlakatlarida boʻlgani kabi, Ispaniya qirolliklarida ham XII asrdan boshlab yuridik doktrina qabul qilingan, unga koʻra, yahudiylar hukmdor bilan alohida munosabatlarni oʻrnatishgan, bu munosabatar, bir tomondan, hukmdor tomonidan yahudiylarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlashni, ikkinchi tomondan, ularning hukmdorga sodiqligini va hukmdorni moliyaviy mablagʻlar bilan taʼminlashni nazarda tutgan. Yahudiy jamoalari soliqlarni shahar xazinasiga emas, balki faqat qirol xazinasiga toʻlashgan. Ammo cherkovning yahudiylarga nisbatan munosabatini qirol eʼtiborsiz qoldirilishi mumkin boʻlmagan, shu sababdan cherkovning yahudiylarni ispan jamiyatidan alohida ajratish toʻgʻrisidagi qarorlari (alohida makonlarda izolyatsiyada boʻlishi, bir qator lavozimlarni egallashi, hatto ularga nasroniylar bilan bir hammomda choʻmilishi, nasroniy qullarga ega boʻlishni taqiqlash, liboslarida yahudiy ekanligini anglatuvchi belgilar boʻlishi shartligi kabi qoidalar) qirollik qonunchiligiga kiritilgan. thumb|Tomás de Torquemada surati XІV asr oxirlaridayoq yahudiylar va mavrlarning koʻpchiligi ommaviy tazyiqlar taʼsiri ostida xristian dinini qabul qilishga majbur boʻlishgan. Bunga esa xalq orasida yahudiylar (mavrlar yoki fransuz moxovlari bilan birga) quduqlardagi suvni zaharlashgani, vabo tarqatuvchi ekanliklari haqida mish-mishlar sabab boʻlgandi. Shu bilan birga, koʻpchilik yahudiylar ajdodlari diniga yashirincha eʼtiqod qilishni davom ettirgan. XIV—XV asrlarda bu konversolarni ravvinlar Isroil xalqining bir qismi deb hisoblashda davom etishavergan.
Konversolarning kundalik faoliyati boʻlgan savdo, sudxoʻrlik, senyor va qirol yerlaridan ijara asosida foydalanish yahudiylarnikiga oʻxshash boʻlgan, ammo yahudiylar kirishi taqiqlangan yoki cheklangan joylarga cherkov ierarxiyasi, sudlar, universitetlar, saroylarga koversolar bemalol ham kirib borganlar. Ispaniyada konversolarning boyligi va taʼsirining oʻsishi, zodagonlar va shaharlardagi oʻrta sinfning salbiy munosabatiga sabab boʻldi. Antisemit ruhdagi fitna nazariyalari paydo boʻla boshladi. Shu nazariyaga koʻra, konversolar yahudiylar tomonidan vujudga keltirilgan, ispan dvoryanlari va katolik cherkovini ichdan yoʻq qilishga urinayotgan harakatdir.
Inkvizitsiya tomonidan shubha ostiga olingan bu nasroniylarni muntazam ravishda taʼqib qilish Kastiliya va Aragon qirolliklarining Izabella I va Ferdinand II qoʻl ostida yagona monarxiyaga birlashishi davrida boshlangan.
1478-yilda Rim papasi Sikst (Sixtus) IV katolik eʼtiqodidagi qirollarga oʻz inkvizitsiyasini oʻrnatishga ruxsat beruvchi bulla taqdim qiladi, 1480-yilda birinchi inkvizitorlar tayinlangan, 1481-yilda esa Sevilyada birinchi autodafe sodir boʻlgan.
Ispaniya inkvizitsiyasi boshqaruv organi etib, 1488-yilda taʼsis qilingan Oliy inkvizitsiya kengashi () belgilangan. Kengash qisqacha Suprema deb atalib, hukmdor tomonidan tayinlanadigan olti—oʻn kishilardan iborat boʻlgan. Supremani qirol tomonidan tayinlanadigan va papa tomonidan tasdiqlanadigan bosh inkvizitor (1507—1518-yillarda Kastiliya va Aragonda alohida bosh inkvizitorar boʻlgan) boshchilik qilgan. Ispaniya inkvizitsiyasining birinchi rahbarlari etib, qirolicha Izabellaning piri, Dominikan rohiblik ordenidan boʻgan ruhoniy Tomás de Torquemada (1483—1498) va Sevilya arxiyepiskopi, shahzoda Xuanning ustozi Diego de Deza (1498—1506) tayinlangan, ikkalasi ham „yangi nasroniylarni“ taʼqib qilishda shijoat koʻrsatishgan. Biroq aholi orasidagi mish-mishlarga koʻra ikkalasining kelib chiqishi yahudiy boʻlgan.
Supremaning vazifasi inkvizitsiya tribunallarining ishini nazorat qilish, mahalliy hokimiyatning ularning faoliyatiga aralashishidan himoya qilish, umumiy qoidalarni ishlab chiqish va xurofotchilarning musodara qilingan mol-mulkini, jarimalarni va boshqa moliyaviy mablagʻlarni boshqarish boʻlgan. Kelib tushgan bunday mablagʻlar inkvizitsiya va qirollik xazinasi oʻrtasida taqsimlangan. 1480-yillar boshlarida birinchi tribunallar Andalusiyada (Sevilya va Kordovada) tashkil qilingan, u yerda konversolar va yahudiylarning bir joyda toʻplanishi yuqoriroq boʻlgan, XV—XVI asrlar oxirida bu tribunallardan keyin toʻqqizta tribunallar Kastiliya qirolligining Toledo, Leren, Murcia, Valyadolid, Cuenca, Las Palmas de Gran Canaria, Logroño, Granada, Santiago de Compostelada, toʻrtta tribunallar Aragon qirolligining Saragosa, Valensiya, Barselona va Mallorca shaharlarida, shuningdek, Sitsiliya va Sardiniyada ham inkiviztsiya tribunallari tashkil qilingan. XVI asrn ikkinchi yarmi – XVII asr boshlarida Yangi dunyoda Lima va Mexikoda (1569-yil) va Cartagenada (1609-yil) tribunallar tashkil qilindi.
Xurofotchilarning musodara qilingan mol-mulklarining bir qismi inkvizitsiya tribunallarini faoliyatini taʼminlashda ishlatilar, shu bilan birga bu mol-mukllar Rim papasi va qirol xazinasini toʻldirishda ham ishlatilgan. 1484-yilda Torquemada Sevilyada Ispaniya inkvizitsiya tribunallari barcha aʼzolarining umumiy majlisini oʻtkazib, majlisda aʼzolar tomonidan inkvizitsiya jarayonini tartibga soluvchi kodeks qabul qilinadi.
Oʻshandan boshlab Ispaniyani xurofotchilar va nasroniy boʻlmaganlardan tozalash ishlari tez sur’atlar bilan oldinga siljiy boshlagan, ayniqsa 1492-yilda Granada egallangandan soʻng, katolik qirollari (Rim papasi tomonidan Ferninand II va Izabella I berilgan unvon) oʻsha yillarda Kastiliyada qolgan atigi 8 ming yahudiylarni Ispaniyadan quvib chiqarish toʻgʻrisida farmoni qabul qilishadi. Bu farmon Ispaniyani tark etmayotgan yahudiylarga katolik eʼtiqodini qabul qilishdan boshqa yoʻlni qoldirmagan. Ferdinand va Izabella oʻz farmonlarining qabul qilinishini yahudiylarning konversolarga salbiy diniy taʼsir qilishi tufayli deb koʻrsatishgan. Sovet tarixshunosligi yahudiylarning taʼqib qilinishiga asosiy sabab faqat diniy mutaassiblik emas, balki qirol hokimiyatining Ispaniyada davlat birligini mustahkamlash va xurofotchilarning mol-mulkini musodara qilish orqali davlat daromadlarini koʻpaytirish uchun inkvizitsiyadan foydalanish istagi boʻlgan deb hisoblagan. Boshqa tarixchilar esa XV asr davomida aholining barqaror oʻsishi tufayli Ispaniya shaharlarida ijtimoiy keskinlikning vujudga keldi, bu esa burjuaziya oʻrtasidagi raqobat va milliy nizolarning kuchayishi tufayli sodir boʻlganini taʼkidlaydilar. left|thumb|350x350px|Autodafe (Francisco Goya surati) Torquemada davrida inkvizitorlar biron-bir hududga kelishib, „rahmdillik edikti“ni eʼlon qilganlar. Edikt muddati yahudiylar oʻz gunohlarini yashirin holda ixtiyoriy ravishda tan olishlari va tavba qilishlari mumkin boʻlgan 30 kunlik davrga toʻgʻri kelgan. Shu bilan birga yashirincha yahudiylik diniga eʼtiqod qilayotgan nasroniylar haqida maʼlumotga ega boʻlgan boshqa shaxslar bu muddat ichida shu nasroniylar haqida tribunalga xabar berishlari mumkin boʻlgan.
Agar sudlanuvchi aholi oldida tavba qilsa, inkvizitsiya uni toʻliq oqlashlari (bu holat kamdan kam hollarda yuz bergan) yoki arzimagan jazoga hukm qilishlari mumkin boʻlgan. Koʻpincha oʻlim jazosiga hukm etishdan koʻra, sudlanuvchilarga har xil jazolar berilgan: turli jarimalar qoʻllanilgan, mol-mulkni musodara qilingan (biroq bunda jinoyat sodir etilgan paytni aniqlash va shu paytdan boshlab olingan mol-mulkini musodara qilish shart boʻlgan), qamoq jazosi berilgan, roʻza tutish, kaforat (uzoq vaqt toat-ibodat qilish) va tavba qilish uchun maxsus kiyim sanbenitoni kiyish majburiyati yuklatilgan. Agar sudlanuvchi tavba-tazarrudan keyin xurofotda yana gumon qilinib, inkvizitsiya qoʻliga tushsa, uni hech narsa qutqarib qololmasdi, sababi bu jinoyatidan keyin u retsidivist hisoblangan. Agar sudlanuvchi koʻrsatma berishdan bosh tortsa yoki guvohlarning koʻrsatmalari maʼlum qilinganidan keyin hech narsani maʼlum qilmasa, inkvizitorlar tomonidan qiynoqqa solingan (qiynoqlar inkvizitorlar tomonidan oʻylab topilmagan, chunki oʻsha paytda dunyoviy sudlar tomonidan allaqachon keng qoʻllanilib boʻlingandi).
Autodafe paytida sudlanuvchiga qilingan hukmlar omma oldida oʻqib eshittirilar, sudlanuvchilarga tavba-tazarrularini aytishga ruxsat berilib, undan keyin esa ularga uzoq vaqt toat-ibodat qilish yoki jarima solishdan tortib, gulxanda yoqishgacha boʻlgan barcha jazolar qoʻllanilardi.
Kastiliyada inkvizitsiya autodafeda jon-jon deb toʻplangan olomon orasida mashhur boʻlgan, Torquemada esa umrining oxirigacha ommaning hurmatiga sazovor boʻlgan shaxs edi. Biroq Aragonda inkvizitsiya konversolarning qarshiligiga duch kelgan, 1485-yilda Saragosada inkvizitsiya sudining raisi avliyo Pedro de Arbués cherkovda chavoqlab oʻldirilishi ortidan inkvizitsiya konversolarga qarshi oʻz faoliyatining koʻlamini oshirishda qulay vaziyat sifatida foydalangan.
Torquemadaning davomchilari Diego de Deza va ayniqsa, Toledo arxiyepiskopi va Izabellaning piri kardinal Francisco Jiménez de Cisneros Ispaniyadagi diniy birlashish jarayonini nihoyasiga yetkazganlar. 1500-yilga kelib konversolar haqidagi ommaviy vasvasa kamaya boshladi. Francisco Jiménez de Cisneros inkvizitsiyani isloh qilib, har bir tribunal aʼzoligiga dunyoviy amaldorlarni ham kiritdi.
XIX asr boshlarida yashagan, inkvizitsiyaning birinchi tarixchisi Juan Antonio Llorente 1481—1498-yillarda 8800ga yaqin odam gulxanda yoqilgan, 90 ming kishining mol-mulki musodara qilinib, cherkov jazolariga tortilgan, bundan tashqari, 6500 kishi boʻgʻib oʻldirilganidan keyin tanalari yoqib yuborilgani haqida maʼlumot bergan. Keyingi davr tarixchilari bu raqamlarni boʻrttirilgan deb hisoblaydilar.