Óscar Isaac Hernández Estrada — Amerikalik aktyor boʻlib, 1979-yil 9-martda dunyoga kelgan. U oʻzining koʻp qirraliligi bilan tanilgan boʻlib, Gollivudda lotin amerikalik aktyorlar haqidagi stereotiplarni oʻzgartirganligi bilan eʼtirof etilgan. 2017-yilda Vanity Fair uni oʻz davrining eng yaxshi aktyori deb atagan. 2020-yilda The New York Times tomonidan 21-asrning 25 nafar eng yaxshi aktyorlardan biri sifatida qayd etilgan. U Oltin globus mukofotiga sazovor boʻlgan hamda Primetime Emmy mukofotiga daʼvogarlik qilgan. 2016-yilda u Time jurnali tomonidan dunyodagi eng nufuzli 100 kishidan biri sifatida eʼtirof etilgan.

Guatemalada tugʻilgan Isaac chaqaloqligidayoq oilasi bilan AQShga koʻchib ketgan. Oʻsmirlik paytida u punk guruhiga aʼzo boʻlgan. Teatr spektakllarida rol ijro etgan hamda kichik rol bilan filmda debyut qilgan. Juilliard maktabida taqsil olgan Isaac 2000-yillarning aksariyat qismida filmlarda yordamchi rollarni ijro etadigan aktyor sifatida faoliyat yuritgan. Uning ilk asosiy roli bibliyaga asoslangan The Nativity Story (2006) filmidagi Joseph obrazi boʻlgan. 2009-yilda chiqarilgan Balibo filmida yordamchi rolni ijro etgani uchun AACTA Award for Best Actor in Supporting Role sovrinini qoʻlga kiritgan. Robin Hood (2010) hamda Driver (2011) filmlarida yormchi aktyor rollarini ijro etib tanilganidan soʻng u 2013-yilgi Inside Llewyn Davis filmida bosh rolni ijro etgan. Ushbu roli uchun Oltin Globus sovriniga davogarlik ham qilgan. Isaac Most Violent Year (2014), Ex Machina (2015) hamda X-Men Apocalypse filmlaridagi rollari bilan yanada oʻsishga erishgan. Undan tashqari u Yulduzlar jangi franshizasida (2015-2019-yillarda) Poe Dameron rolini ijro etgani bilan butun dunyoga tanilgan. Isaac Operation Finale (2018) tarixiy dramasida bosh rolni ijro etgan hamda ushbu filmga prodyuserlik qilgan. Isaac ilmiy fantastik janrdagi Annihilation (2018) hamda Dune (2021), drama janridagi The Card Counter (2021) filmlarida ham rol ijro etgan. Undan tashqari Marvel kino olami ishlab chiqargan Spider-Man: Across the Spider-Verse animatsion filmida bosh qahramonlardan biriga ovoz bergan.

Isaac 3 ta miniseriallarda ham rol ijro etgan. Ulardan birinchisi Show Me a Hero seriali boʻlib, Isaac ushbu serialda Nick Wasicsko rolini gavdalantirgan. Keyinchalik Isaac ushbu roli uchun Oltin Globus sovrinini qoʻlga kiritgan. Undan tashqari Scenes from a Marriage (2021) serialida hamda Marvel kino olami tomonidan ishlab chiqarilgan Moon Knight (2022) serialida ham bosh rollarni ijro etgan. Undan tashqari Isaac Romeo and Juliet (2007), Hamlet (2017), The Sign in Sidney Brustein's Window (2023) teatrlarida ham bosh rollarni ijro etgan.

Hayotining ilk davrlari Óscar Isaac Hernández Estrada 1979-yil 9-martda Guatemala shahrida dunyoga kelgan. Onasi Mariya Eugenia Estrada Nikolle Guatemalalik, otasi Óskar Gonzalo Ernandes-Kan esa asli Kubalik boʻlib, oʻpka shifokori sifatida faoliyat olib borgan. Uning iqlimshunos opasi Nicole hamda jurnalist ukasi Mike bor. Isaacning oilasi u besh oylik payti AQShga koʻchib kelishgan. Ular tez tez mamlakat boʻylab yashash joylarini oʻzgartirib turishgan. Yillar davomida ular Baltimoreda, New Orleansda hamda Miamida hayot kechirib keyinchalik Miamida butunlay yashab qolishgan. Isaac 2006-yilda AQSh fuqaroligini qoʻlga kiritgan. Isaacda bobosi tomondan Fransuz qoni ham bor. Isaac ispan hamda ingliz tillarida soʻzlashadi.

Isaac janubiy Floridadagi Westminister Christian Schoolda taqsil olgan. Yoshligidan musiqa hamda filmlar yaratishga qiziqqan Isaac Miamida yashashda turli qiyinchiliklarga duch kelgan. Uning fikricha Miami konservativ tabiati sabab sanʼat uchun moʻljallangan joʻy boʻlmagan. Toʻrt yoshida Isaac hamda opasi uy hovlisida turli spektakllar uyushtirishgan . Tahminan oʻn yoshlarida Isaac Qasoskor deb nomlangan uy filmini yaratgan. Filmda u ikki xil rolni ijro etgan. Isaac maktabda ham spektakllarda ishtirok etgan. Isaac oʻzining ilk pyesasini beshinchi sinf payti yozgan. Isaac tomoshabinlar qarshisida rol ijro etishdan zavqlana boshlagan. Bu esa unga ota onasi ajrashayotgan vaqtlarda hamda onasi kasal boʻlgan vaqtlarda stressdan chalgʻishga yordam bergan.

Dindor oilada katta boʻlganiga qaramay Isaac shoʻx bola boʻlgan hamda maktabda koʻplab muammolar keltirib chiqargan. U 2015-yilda bergan intervyusida shunday deydi: „Men sport zalda oʻt oʻchirgichni ishlatib yubordim, devorga tushirilgan suratni rasvosini chiqardim. Shunchaki ahmoqona ishlar bilan shugʻullandim“. Bir kuni Isaacning ustozi uning stolini karton qogʻoz bilan qolganlardan ajratib qoʻygan. Oxir-oqibat Isaac maktabdan haydalgan. 1992-yilda Andrew toʻfoni uning Miamidagi uyini vayron qilgan. Bu vaqtlarda uning ota onasi ajrashishgan hamda Isaac onasi bilan Palm Beachga koʻchib ketgan. U yerda Isaac davlat maktabiga borgan. Isaac yangi maktabini yoqtirib qolgan hamda trailer parkda tanishgan yigitlar bilan kichik guruh tashkil qilgan. U gitara chalishni oʻrganib Quentin Tarantinodan ilhomlanib filmlar yaratishda davom etgan.

14 yoshida Isaac hamda uning jamoadoshlari talant shousida Nirvana guruhining „Rape Me“ taronasini ijro etishgan, ammo gʻolib boʻla olishmagan. Isaac Santaluces Community High Schoolda taqsil olib, 1998-yilda u yerni tamomlagan. Isaac The Blinking Underdogs nomli ska-punk guruhiga qoʻshilib, ushbu guruh bilan bir qancha muvaffaqiyatlarga erishgan. Bu vaqtda u kasting direktori bilan ikki kunlik mahorat darslarida qatnashib Illtown (1998) filmi uchun kichik bir rolni qoʻlga kiritgan. Miami sohillarida Area Stage Companyning badiiy direktori John Rodaz bilan tasodifiy uchrashuvi sabab teatrda bir necha rollarni qoʻlga kiritgan. Keyinroq Isaac Joseph Adlerning 2000-yillarda GableStageda sahnalashtirgan This is Our Youth hamda Side Man asarlarida ishtirok etgan . „Latino Gangster“ rollari berilmasligi uchun u kasting jarayonlarida oʻzini Isaac deb tanishtirgan. Oʻzini moliyaviy jihatdan taʼminlash uchun Isaac otasi ishlagan kasalxonada yordamchi sifatida ishlagan.

Oʻz kasbini tanlashda ikkilangan Isaac biroz muddat Dengiz piyodasi safiga qoʻshilishni istagan. Dastlab bunga otasi qarshilik qilgan, ammo Isaac uni koʻndirgan. Imtihondan oʻtganidan soʻng Isaac u yerda zahirada fotograf boʻlish istagi borligini aytgan. Biroq, dengiz piyodasi bu taklifni rad etgan. Soʻngra Isaac Miamida Dade Collegeda sahna sanʼati boʻyicha taqsil olib, spektakllarda qatnashishda davom etgan. New Yorkka safari davomida Isaac When itʼs Coctail Time in Cuba spektaklida yosh Fidel Castro rolini gavdalantirib, Juilliard Schoolga oʻqishga qabul qilingan. U yerda oʻqiyotgan payti Macbeth spektaklida rol ijro etgan hamda All About the Benjamins filmida rol oʻynagan. Isaac Juilliard Schoolni 2005-yilda bakalavr darajasi bilan tamomlagan.

Manbalar

Turkum:Alifbo boʻyicha aktyorlar