Muhammad al-Avsat ibn Ali () – xalifa Alining oʻgʻli. Onasi Umoma binti Abu al-Os Zaynab binti Muhammadning qizi, Islom paygʻambari Muhammad va Xadicha binti Xuvaylidning nabirasi boʻlgan. Maqbarasi Eronning Isfahon ustoni Aran shahrida joylashgan.
Tarixiyligi Muhammad al-Avsat shia olimlari tomonidan koʻp marta zikr qilingan. U haqida al-Voqidiydan rivoyat qiluvchi at-Tabariy tomonidan bir qancha maʼlumotlar keltirilgan boʻlib, xalifa Ali ibn Abu Tolib paygʻambar Muhammadning nabirasi Umomaga uylangani, ulardan Muhammad al-Avsat dunyoga kelgani aytiladi. Biroq al-Voqidiy tomonidan rivoyat qilingan hadislar sunniy muhaddislar tomonidan ishonchsiz deb hisoblaniladi. Shu sababdan Muhammad al-Avsatning tarixda mavjud boʻlgani ham shubhalidir. Shia olimi al-Mufid Ali ibn Abu Tolibning oʻgʻillarini sanab oʻtganida Muhammad haqida zikr qilmagan.
Biroq Muhammad al-Avsat haqida maʼlumot bergan olimlar ham yetarlicha. Uning nomi bir qancha tarixchilar, jumladan, Ibn Shahrashub, al-Majlisiy, Nuriddin bin as-Sabbogʻ al-Molikiy, Abu al-Faraj bin al-Javziy, Sibt ibn al-Javziy, al-Hofiz al-Kanjiy ash-Shofeʼiy, ash-Shablaji ash-Shofeʼiy, Kamoliddin ibn Talha, al-Muhib at-Tabariy va Ibn Hajar al-Asqaloniy kabi olimlar tomonidan ham tilga olingan.
Biografiyasi Muhammad al-Avsat haqida tarixchilar uning mavjudligini tan olishdan tashqari hech qanday maʼlumot bermagan. Muhammad Rizo ash-Sheroziyning oʻgʻli Abdulmajid oʻzining „Zaxirat ad-Darayn“ kitobida Muhammad al-Avsat Karbalo jangida qatnashganligi va oʻsha jangda shahid boʻlgunga qadar Husayn ibn Alining oldida turib jang qilgani haqida zikr qilgan. Garchi uning ushbu jangda shahid boʻlganligi ehtimoli katta boʻlsa-da, koʻpchilik zamonaviy va eski manbalarda Muhammad al-Avsatning shahid boʻlganligi haqida soʻz yuritilmaydi. Aranlik mulla Gʻulomrizo Araniy muallifligida hijriy 1242-yilda (milodiy 1826-yil) yozilgan „Risola Hiloliya“ nomli qoʻlyozma mavjud boʻlib, ushbu qoʻlyozmada Eronning Aran va Bidgol shahrida Muhammad al-Avsatning ziyoratgohi va taxminiy qabri joylashganligi haqida maʼlumotlar bergan.
Manbalar
Turkum:Alining farzandlari Turkum:632-yilda tugʻilganlar Turkum:684-yilda vafot etganlar