Yoʻldosh Eshbek (1950-yil 1-sentyabr; Samarqand viloyati Ishtixon tumani) — shoir, tarjimon. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, „Shuhrat“ medali sohibi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi. Hayoti va faoliyati Yoʻldosh Eshbek 1950-yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tugʻilgan. 1977-yilda Toshkent davlat universitetining Filologiya fakultetini tamomlagan. Ijodi Shoirning ilk sheʼrlari 1978-yilda „Guliston“ jurnalida eʼlon qilingan. Ilk sheʼriy toʻplami 1981-yilda „Sogʻinib yashayman“ nomi ostida nashrdan chiqqan. Keyinchalik birin-ketin 1985-yilda „Yuksak daraxtlar“, 1987-yilda „Moviy turnalar“, 1988-yilda „Yaxshilikka qarayman“, 1989-yil „Daraxtlar ertagi“, 1990-yil „Hayot chechagi“, 1991-yil „Mangu masofa“, 2018-yil „Qizgʻaldoqlar ochildi“, 2019-yil „Yigʻlayotgan qiz“, 2020-yil „Koʻzlari koʻzguligim“, 2021-yil „Vatan nedir?“ kabi she’riy toʻplamlari nashr qilingan. SSSR davri yillarida yozilgan „Oygulginam“, „Qadim ohanglar“ („Qoʻsh hayda“), „Qoʻshigʻing“ („Biz baxtiyor boʻlgaymiz xoʻp“), „Boychibor“, „Xabar“ („Alpomish“ dostonini oʻqib), „Alpomish“, „Tohir“ kabi necha oʻnlab she’rlari ozodlik, erkinlikka bagʻishlangan. Yoʻldosh Eshbek tarjima sohasida ham salmoqli ishlar qilgan boʻlib, Imom Gʻazzoliyning „Ey farzand“, Ahmad Lutfiy Qozonchining „Oʻgay ona“, „Hazrati Ali“, Fotima Temurning „Koʻngil do‘stlari“, „Tazkirat ul-avliyo“, Amina Shenlikogʻluning „Vijdon azobi“ hamda Oʻljas Sulaymonning „Sopol kitob“ va boshqa adiblarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Quyida shoir ijodidan namuna: Yigʻlayotgan qiz

Bu ogʻir bogʻ ichra ogʻir qadamlar Tashlab ketayotgan ogʻirgina qiz, Dunyo koʻzlaringdan dunyo alamlar Tomchilar, har biri bir ulkan yulduz. Tomchilar koʻzingdan norasidalik, Soʻzga aylanmagan yonish tomchilar. Beshafqat diydormi ogʻir judolik, Yoʻqotish tomchilar, topish tomchilar. Yoʻq, seni aldagan, birov aldagan, U seni sevgandir, yoʻq, yoʻq, sevmagan. Koʻksingga chiroyli oʻqlar qadagan, Birovlar aldagan, birov aldagan. Tomchilar koʻksingdan kelayotgan kuz, Ogʻular tomchilar, gullar tomchilar. Yaqin xotiralar... Idrok faromush, Vijdoningni oʻyib urar tomchilar. Vijdonsiz nomusli niqobin qoʻymas, Vijdonning har dami ruhiy iztirob. Vijdonsiz xatosiz kunlardan toʻymas, Vijdon bu xatodan ulgʻaygan azob. Seni yupatmoqqa jurʼat yoʻq menda, Sen mening kechmishim, umrim boʻlagi. Faqat men qaygʻular tilarman senga, Kattakon quvonchning unsiz oʻlanin! Aldanmoq tilarman senga koʻp marta, Aldanmoq - dunyoga nazar, anglamoq. Aldanmoq - koʻz yoshi qilmoq, yoʻq, artmoq, Aldanmoq - kurashga otlanmoq demak. Yigʻlamoq tilarman, qaynab yigʻlagin, Tishlaringai sekin qayrab yigʻlagin! Oʻnta mard oʻgʻloning boʻlguncha yigʻla! Yuzta mard oʻgʻloning boʻlguncha yigʻla! Mingta mard oʻgʻloning boʻlguncha yigʻla! Paymonang toʻlguncha, toʻyguncha yigʻla! Ular lazzatxoʻrlar, qaroqchilardir, Umrlari uzun, sob boʻlmas, esiz! Bu dunyo - aslida aldoqchilardir! Bu dunyo - aslida yigʻlayotgan qiz! Men senga qoʻshilib yigʻlay olmasman, Faqat bosh egaman qaygungga soʻzsiz. Men senga talpinib, aslo tolmasman, Men seni sevaman, yigʻlayotgan qiz! Eʼtirof va tanqidlar Ozarbayjon fanlar akademiyasining bosh ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Yashar Qosim shoir ijodiga quyidagicha taʼrif bergan:

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, tarjimon, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabek shoirga shunday taʼrif bergan:

Mukofotlari 1998-yilda shoir „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan. 2023-yil Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 32 yil toʻlishi arafasida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan. Manbalar

Havolalar Men bilgan haqiqatlar | Yo'ldosh Eshbek Yoʻldosh Eshbek. Yigʻlayotgan qiz | Йўлдош Эшбек. Йиғлаётган қиз Sheʼr sehri. Yoʻldosh Eshbek | Шеър сеҳри. Йўлдош Эшбек Shoir, tarjimon Yo’ldosh Eshbek bilan intervyu Bitmas Xazina 134-soni | ko'rsatuv mehmoni Yo‘ldosh Eshbek Yoʻldosh Eshbek. Boychibor | Йўлдош Эшбек. Бойчибор