Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi – nodavlat notijorat tashkilot boʻlib, oʻz atrofida Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan shaxmat sport turi bilan shugʻullanuvchilarni birlashtiradi. Federatsiyaga 1996-yil mart oyida asos solingan.

Federatsiya konferensiyasi Federatsiyaning oliy organi bu – konferensiya hisoblanib, 4 yilda kamida 1 marotaba chaqiriladi. Konferensiyaning vakolatlariga federatsiya ustavini tasdiqlash, unga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish, federatsiyaning Prezidentini saylash hamda lavozimidan ozod etish, federatsiya ijro qoʻmitasini tasdiqlash hamda federatsiya hayotiga bogʻliq muhim masalalarni koʻrib chiqish kabilar kiradi.

Faoliyati Federatsiya oʻz atrofiga Oʻzbekistondagi havaskor va professional tarzda shaxmat bilan shugʻullanuvchilarni birlashtiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-iyunda „Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida“ PQ-347 sonli qarori qabul qilingan. Qarorning asosiy ijrochi tashkiloti sifatida Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi belgilangan.

Yutuqlari Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu Dabi shahrida „Asian Chess 2023“ sammitining 5th Annual Asian Chess Excellence Awards nomli taqdirlash marosimida Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi uch nominatsiyada gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Bunga asosiy sabab sifatida Hindistonning Chennay shahrida oʻtkazilgan 44-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida gʻolib chiqqani uchun Oʻzbekiston yilning eng yaxshi terma jamoasi sifatida eʼtirof etilganligi, Ozarbayjonning Naxchivan shahrida oʻtkazilgan Butunjahon oʻsmirlar shaxmat olimpiadasida kumush medalni qoʻlga kiritganligi, Niderlandiyada oʻtkazilgan „Tata Steel Chess-2023“ xalqaro turniri yakunida oʻzbekistonlik shaxmatchilar Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov yilning eng yaxshi shaxmat mamlakatiga topshiriladigan „Tour d’or“ – „Oltin minora“ sovrinini qabul qilib olganligi koʻrsatilgan.

Rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻi lavozimida xizmat qilgan polkovnik Ahmadjon Erkaboyev 1990—1996-yillarda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi raisi ham boʻlgan.

2013—2017-yillarda „Oʻzbekneftgaz“ davlat kompaniyasi raisining oʻrinbosari Alisher Sultonov Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi raisi boʻlgan.

2017—2018-yillarda Oʻzbekiston xalq taʼlimi vaziri Ulugʻbek Inoyatov shaxmat federatsiyasi raisi boʻlgan.

2018-yildan 2021-yilgacha Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Dmitriy Li shaxmat federatsiyasi raisi boʻlgan.

2021-yil yanvar oyidagi konferensiyasida Oʻzbekiston tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov federatsiya raisi etib saylangan. U bu lavozimda 2022-yil may oyigacha faoliyat yuritdi.

2022-yilda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev oʻz lavozimini saqlab qolgan holda, federatsiya raisi lavozimiga saylangan.

2024-yil 4-oktyabrda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining navbatdan tashqari yigʻilishi boʻlib oʻtdi va Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov mamlakat shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi. Alisher Saʼdullayev federatsiya raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

Tanqidlar 2021-yil oʻzbekistonlik professional shaxmatchi Javohir Sindorov „Agar shu ketishda davom etsa men ham shaxmat federatsiyamni oʻzgartiraman“ deya, federatsiya tomonidan moddiy qoʻllab-quvvatlanmayotganligi va taqdirlash marosimiga chaqirilmaganidan federatsiya ustidan eʼtiroz bildirgan. Biroq, federatsiya matbuot kotibi bu eʼtirozlarni asossiz deb topib, quyidagicha munosabat bildirgan:

2017-yil ayollar oʻrtasida grossmeysterlikka erishgan oʻzbek shaxmatchisi Gulruhbegim Toxirjonovaning otasi federatsiyadan noroziligini bildirgan:

Toxirjonova ayni paytda xalqaro turnirlarda Amerika Qoʻshma Shtatlari nomidan ishtirok etmoqda. Uning oʻzi ham shaxmat federatsiya ustidan eʼtiroz bildirgan holda, quyidagilarni maʼlum qilgan:

Koʻplab manbalarda Toxirjonovaning Oʻzbekiston nomidan ishtirok etishidan bosh tortganligiga asosiy sabab sifatida federatsiyaning ularga qoʻygan cheklovlari boʻlganligi keltirilgan. Oilada 3 opa-singillar, Nafisa Moʻminova, Xulkar va Gulruhbegim Tohirjonovalar professional shaxmatchi hisoblanadi. Gulruxbegimning toʻngʻich opasi Nafisa Moʻminova Oʻzbekistondagi ilk ayol grossmeyster boʻlganligi uchun, xalqaro turnirda uni qatnashishi aniq edi. Biroq Nafisaning 2 singlisi xalqaro turnirda Oʻzbekistondan qatnashadigan nomzodlardan reyting koʻrsatgichi ancha yuqori boʻlsa-da, Gulruxbegim va Xulkar Toxirjonovalarga qatnashishga federatsiya tomonidan ruxsat berilmaydi. Bu adolatsizliklarga chiday olmagan Gulruxbegim „Endi unga hech qanday federatsiya toʻsqinlik qilolmaydi“ deya, Amerika Qoʻshma Shtatlariga oʻqish sababli ketib, ushbu davlat nomidan turnirlarda qatnashadigan boʻldi.

Bunday holat shaxmat federatsiyasida ilk marta boʻlmagan, bundan ancha yillar oldin oʻzbekistonlik professional shaxmatchi, grossmeyster Sergey Qayumov ham 2003-yilda xalqaro musobaqaga qatnashishda federatsiya, otasi Dmitriy Qayumov va oʻzidan faqat 1 kishi qatnashishi mumkinligini aytadi. Bunday vaziyatdan grossmeyster qattiq noroziligini bildirib oʻtgan. Manbalar

Turkum:1990-yilda Oʻzbekistonda tashkil etilganlar Turkum:Oʻzbekistonda Sport Federatsiyalari