Daniya operatsiyasi (, ) — Uchinchi reyxning Daniya qirolligiga qarshi amalga oshirgan harbiy operatsiyasi. U 1940-yil 9-aprelda boshlanib, atiga 6 soat davom etgan. Vermaxtning ilk zarbasi Daniya aviatsiyasiga qaratilishi natijasida Daniya harbiy-havo kuchlari jiddiy yoʻqotishlarga uchragan va keyingi jangovar harakatlarda ishtirok etmagan. Tonggi soat 5:15 da Vermaxtning 170-piyoda diviziyasi va 11-oʻqchi brigadasi Daniya–Germaniya chegarasini kesib oʻtib, hujum boshlagan. Shuningdek, ayni shu vaqtda nemis qoʻshinlari Kopengagenga kirib borgan. Daniya harbiy-dengiz floti dushmanga qarshilik koʻrsatmagan. Soat 7:20 da Daniya qiroli Christian X Daniya qurolli kuchlariga qarshilik koʻrsatishni toʻxtatishni buyurgan. 7:30 da Norvegiya operatsiyasi uchun strategik jihatdan muhim boʻlgan Olborg aeroporti qoʻlga kiritilgan. Taxminan ertalabki 10:00 da Daniya armiyasining demobilizatsiyasi boshlangan.

Kelib chiqishi Qrim urushi davridan boshlab Skandinaviya davlatlari tashqi siyosatda betaraflikka amal qilib kelgan. Birinchi Jahon urushi boshlanishi arafasida Daniya, Shvetsiya va Norvegiya rahbarlari bir qator yuqori darajali uchrashuvlar oʻtkazib, betaraf qolishlarini taʼkidlaganlar. Biroq, Antanta va Uchlar ittifoqi Skandinaviya hukumatlarini urushda bilvosita ishtirok etishga jalb qilgan. Shu yoʻsinda Germaniya imperiyasi Daniya qirolligini Katta Belt boʻgʻozini qisman minalashtirishga majbur qilgan. Natijada, Birinchi Jahon urushida Germaniya magʻlub boʻlgach, Daniya 1864-yilda tortib olingan Shimoliy Schleswigni qaytarib olgan

Operatsiyaga tayyorgarlik Ikkinchi Jahon urushi arafasida Skandinaviya hukumatlari yana bir marta oʻzlarining betaraflik siyosatiga sodiq qolishlarini eʼlon qilganlar. 1939-yil 31-mayda Daniya va Germaniya oʻrtasida hujum qilmaslik pakti imzolangan. 1939-yil 14-dekabrda Vermaxt qoʻmondonligi Gitlerdan Norvegiyani egallash imkoniyatlarini oʻrganish topshirigʻini olgan. Siyosiy jihatdan yana bir davlatning betarafligini buzish noxush holat boʻlsa-da, bu operatsiyaga Daniyani ham bosib olish rejasi kiritilgan. Chunki Norvegiyaga qarshi kurashuvchi desantlarni taʼminlash uchun Yutlandiya aerodromlari zarur edi. Shuningdek, Daniya boʻgʻozlari orqali dengiz transportining xavfsiz harakatini taʼminlash ham lozim edi. Daniyaga hujum uyushtirish uchun 170-, 198-, 69-, va 214-piyoda diviziyalari hamda 11-oʻqchi brigada ajratilgan. Nemis qoʻmondonligi Olborg aerodromiga va Kopengagenga desant tushirishni, shuningdek, Yutlandiya yarimorolida hujum boshlashni rejalashtirgan. Shunda Daniyani imkon qadar tezroq ishgʻol qilish mumkin boʻlardi. Daniya hukumati boʻlajak hujumdan xabardor boʻlishiga qaramay, nemislarning ehtimoliy provokatsiyasiga uchib qolmaslik uchun mamlakat qurolli kuchlarini safarbarlikka chorlashdan voz kechgan.

Tomonlarning kuchlari

Daniya left|thumb|220x220px|Daniya zenit qurilmasi (1940-yil) Ikkinchi Jahon urushi boshlanishi oldidan Daniya qurolli kuchlari modernizatsiya qilingan va qayta tashkil etilgan. 1937-yilda Daniya quruqlik va dengiz kuchlarining umumiy qoʻmondonligi tashkil etilgan. Shu davrda toʻrtta Daniya piyoda batalyoni velosiped va mototsikllar bilan taʼminlangan. 1939—1940-yilgi qishda Daniya qurolli kuchlari askarlari soni 6 600 kishidan 15 000 kishigacha oshirilgan. 1940-yil 8-aprel holatiga koʻra, Daniya quruqlik qurolli kuchlari 14 500 kishilik (boshqa maʼlumotlarga koʻra 15 000) 2 ta diviziyadan iborat edi, ularda 7 ta piyoda, 2 ta otliq va 1 ta artilleriya polki mavjud boʻlgan. Birinchi diviziya Zelandiyada, ikkinchisi esa Bornxolmda joylashgan. Daniya poytaxtida Qirollik soqchilari polki mavjud edi. Bu boʻlinmalar Krag–Jørgensen Gevær M. 1889 va Mauser 98k miltiqlari"Mauser Bolt Rifles by Ludwig Olsen, 3rd edition, F. Brownell and Son, Publisher, p. 126, Steyr-Solothurn S1-100 toʻpponcha-pulemyotlari, 20 mm Madsen maskinkanon avtomatik toʻplari, Madsen M.1924 va Madsen M.1929 (avvalgisining modernizatsiyalangan versiyasi) qoʻl pulemyotlari, shuningdek, Brandt Mle 27/31 minomyotlari bilan qurollangan edi.

Dala artilleriyasi 7.5 cm 03 L/30, 10½ cm M.1930 toʻplari, 15 cm M.1917, 15 cm M.1923 va 15 cm M.1929 gaubitsalari, shuningdek, 37 mm Bofors tankka qarshi moslama qurollariga ega edi. left|thumb|Bredevadda hujum kunga (1940-yil 9-aprel) daniyalik askarlar guruhi. Ularning ikkitasi oʻsha kunda halok boʻlgan. Daniya harbiy-havo kuchlari Armiyaviy aviatsiya korpusidan iborat boʻlib, jami 94 ta samolyotga egalik qilgan. Samolyotlarning 13 tasi Angliyada ishlab chiqarilgan Gloster Gauntlet, va 7 tasi Fokker D.XXI boʻlgan. Ushbu 20 ta qiruvchi samolyot ikki eskadrilyaga boʻlingan. Bundan tashqari, Daniya harbiy-havo kuchlarida 28 ta razvedkachi samolyot va 19 ta bombardimonchi samolyot bor edi.

Daniya harbiy-dengiz kuchlari ikkita qirgʻoq mudofaasi bronenosetsini (Peder Skram va Niels Juel), toʻqqizta tralshchik kemani (Springeren, Storen, Soridderen, Sohunden, Havornen, Narhvalen, Soloven, Sobjornen, Soulven), toʻrtta mina yotqizuvchi kemani (Lessen, Henrik Gerner, Kvintus, Sixtus), oltita minonosets (Dragen, Hvalen, Laxen, Glenten, Hogen, Urnen) va oʻn bitta suv osti kemasini (Havmanden, Havfruen, Havkalen, Daphne, Dryaden, Bellona, Flora, Rota, Galathea, Ran, Triton) oʻz ichiga olgan. Shu davrda Daniya harbiy-dengiz kuchlarida jami 1 500 dengizchi xizmat qilgan. Bundan tashqari, Daniya harbiy-dengiz kuchlarining dengiz aviatsiyasi korpusiga kiritilgan 13 ta Heinkel HE 8 gidrosamolyoti va 8 ta Hawker Nimrod Mk. II qiruvchi samolyoti bor edi.

Daniya Qirolligi qurolli kuchlarining oliy bosh qoʻmondoni William Wain Prior edi.

Uchinchi reyx 8-aprel kech paytida Daniya-Germaniya chegarasi boʻlmish Schleswigda 170-piyoda diviziyasi va 11-oʻqchi brigada, shuningdek, 70 ta Pz.Kpfw. I va Pz.Kpfw. II yengil tanklari joylashtirilgan. Bu kuchlarni aviatsiya generali Leonhard Kaupisch boshqargan. Bundan tashqari, Daniya operatsiyasida general-leytenant Hans Geisler boshqaruvidagi 10-aviatsiya korpusi ham ishtirok etishi kerak boʻlgan, bu korpusda jami 240 ta samolyot mavjud edi.

Operatsiyaning boshlanishi 1940-yil 9-aprel, ertalabki soat 4:20 da Germaniya elchisi Cécil von Renthe-Fink Daniya tashqi ishlar vaziri Peter Rochegune Munchga memorandum topshirdi. Bu hujjatda Angliyaning Daniya va Norvegiya harbiy bazalarini bosib olish rejasi borligi va bunga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Uchinchi reyx hukumati bu davlatlarni tinch yoʻl bilan egallashga majburligi haqida yozilgan edi. Shuningdek, memorandumda Daniya qirolligining hududiy yaxlitligi va siyosiy jihatdan mustaqilligi kafolatlanishi qayd etilgan.

10-nemis aviakorpusi 240 ta samolyotga, Daniya harbiy-havo kuchlari 51 ta samolyotga ega boʻlsa-da, Germaniya qoʻmondonligining birinchi navbatdagi vazifasi Daniya harbiy-havo kuchlarini yoʻq qilish boʻlgan. Soat 5:00 da kapitan Volfgang Falk boshchiligidagi I/ZG 1 guruhining nemis „Messershmitt“lari Daniya chegarasini kesib oʻtgan. Bu haqda Daniya harbiy-havo kuchlarining asosiy bazasi joylashgan Værløse aerodromiga darhol xabar berilgan. Havo hujumiga tayyorgarlik trevogasi eʼlon qilingan, ammo bu vaqtga kelib nemislar allaqachon aerodromga zarba bergan edi. Oqibatda Daniyaning asosiy harbiy-havo kuchlari jiddiy zararlangan. Nemislar esa faqat ikki harbiy samolyotni yoʻqotganlar.

Soat 5:25 da Daniya qurolli kuchlari Bosh shtabiga Uchinchi reyxning chegarani buzganligi haqida xabar kelgan. Soat 6:00 atrofida Daniya qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni Kastellet qoʻrgʻoniga kelib, bosqinga qarshilik harakatini boshlamoqchi boʻlgan. Ammo u va Shtab boshligʻi Gerts frontdagi vaziyatdan toʻliq xabardor emas edilar.

Yutlandiya uchun janglar

Sharqiy front Soat 5:15 da vermaxt kuchlari Schleswig orqali Daniya chegarasini kesib oʻtib, Daniya qirolligiga qarshi jangovar harakatlarni boshlaganlar. Uchinchi Reyx va Daniya qoʻshinlari Lundtoftbjerg dalasida jang boshlaganlar. U yerda 20 mm pulemyotlar bilan qurollangan Daniya harbiylarining bir vzvodi front oldini nazorat qilib, nemislarga oldinga harakat qilishga toʻsqinlik qilgan. Biroz jang qilgandan soʻng, daniyaliklar chekinishgan, bitta askar halok boʻlgan va biri yaralangan; nemislardan esa ikkita broneavtomobil va ikkita mototsikl yoʻq qilingan. Lundtoftbjergdan bir necha kilometr sharqda joylashgan Hokkerup shaharchasida nemis kolonnasi Daniya chegarachilariga duch kelgan. U yerda 34 nafar Daniya askari himoya holatida boʻlgan. Daniyaliklar uchta nemis broneavtomobilni yoʻq qilganlar va nemislarni ortga chekinishga majbur qilganlar. Nemis harbiylariga tez orada yordam kelib, ular bilan birga bitta 37 mm toʻp ham yetib kelgan. Natijada, daniyaliklarning pozitsiyalari qurshab olinib, ular tezda taslim boʻlganlar. Ushbu jangda daniyaliklar ikki askarni yoʻqotganlar. Shu payt Lundtoftbjergdan yetti kilometr shimolda, nemis kuchlari Daniyaning yana bir harbiy boʻlimi bilan toʻqnash kelganlar. Ushbu boʻlim ikkita 20 mm zambarak bilan qurollangan va Bjerqskov qishlogʻi yaqinidagi nazorat punktini himoya qilgan. Dastlab nemislar tank bilan hujum qilganlar, keyinchalik ularga aviatsiya ham yordamga kelgan. Daniyaliklar ikki zambarakni yoʻqotib, mototsiklda qochishga uringanlar, lekin nemislar ularni qurshab olib, asirga olgan.

Markaziy front thumb|304x304px|Nemis tanklari Aabenraa shahrida Bredevad qishlogʻidan 10 kilometr narida nemislarning toʻrtta zirhli avtomobildan tashkil topgan avangardi Daniya armiyasining kuchsiz qarshiligiga duch kelgan. Qarshilikning kuchsizligiga sabab — nemislar daniyaliklar ustiga kutilmaganda bostirib kelishgan. Daniyaliklar oʻzlarini himoya qilishga ulgurmaganlari uchun yaqinroqdagi bogʻga chekinib, u yerdan otishmalar olib borishgan. Daniyaliklar ixtiyorida bitta pulemyot va 20 mm toʻp bor edi, ular uchta nemis zirhli avtomobilini ishdan chiqarishgan. Jang natijasiga koʻra, daniyaliklardan toʻrt nafari halok boʻlgan, qolgan askarlar oʻrab olinib asir tushgan. Aabenraa va Syogor shaharlarida polkovnik Hintz boshchiligidagi 4-piyodalar batalyoni va 2-sapyorlar batalyoni himoya holatiga oʻtishgan. Søgaardda joylashgan Daniya kuchlari Vejle shahriga chekinishga tayyorlanishardi, u yerda himoyani mustahkamlash rejalashtirilgan edi. Daniya kuchlarining aryergard qismi asosiy qoʻshinning chekinishini himoyaga olgan va nemis qoʻshinlarini Aabenraa shahri yaqinida ushlab turishgan. Nemislarning 401-piyoda polki uchun Daniya kuchlarining hujumi kutilmagan hodisa boʻlgan. Jang davomida ikkala tomondan ham bir necha kishi halok boʻlgan. Bu orada podpolkovnik Elmgrenn boshchiligidagi 2-polk Haderslev shahridan 20 kilometr shimolda nemislarning zarbdor guruhini uchratishgan. Shaharni bir nechta toʻp bilan qurollangan 255 askardan iborat garnizon himoya qilayotgan edi. Jang shahar janubida boshlangan, u yerda 37 mm toʻp bilan qurollangan daniyalik askarlar nemis tanklari hujumiga qarshi kurashishgan. Jang natijasida nemislar daniyaliklarni chekinishga majbur qilishgan, biroq oʻzlarining ham ikki tanki zararlangan. Toʻqnashuvlar nazorat-oʻtkazish punktida davom etib, u yerda 20 mm toʻp bilan qurollangan daniyaliklar nemislarning kuchli hujumlariga qarshilik koʻrsata olishgan. Jang 10 daqiqa davom etgan, shundan soʻng nemislar Kopengagen egallanganligi va Daniya hukumati taslim boʻlgani haqida qoʻmondonlikdan xabar olishgan. Nemislar Haderslev shahriga kirib kela boshlasalar ham daniyaliklar hali taslim boʻlish buyrugʻini rasman olishmagan edi. Shahardagi jang davomida bir nemis mototsiklchisi halok boʻlgan, ikkita tankka zarar yetgan. Daniya tomonidan ikki askar va uch nafar tinch aholi vakili halok boʻlgan. Koʻp oʻtmay, daniyalik qoʻmondonlar Kopengagendan kapitulyatsiya buyrugʻini olishganidan soʻng Haderslev garnizoni taslim boʻlgan.

Gʻarbiy front