Xayrulla Ubaydullayevich Hamidov (1975-yil 7-dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan) – oʻzbekistonlik futbol mutaxassisi, futbol sharhlovchisi, jurnalist va shoir.

Biografiyasi 1975-yil 7-dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. Chilonzor tumanidagi 163-oʻrta maktabda oʻqigan.

1997-yilda hozirgi Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. 2000-yildan Abdurasul Abdullayev tashabbusi bilan tashkil topgan „Zakovat“ intellektual oʻyinida ishtirok eta boshlagan va jamoa sardori boʻlgan.

„Sport“ telekanali, „Chempion“ gazetasida sport sharhlovchisi boʻlgan. „Futbol plyus“, „FIFA“, „Shedevr“ loyihalari muallifi.

Uning sheʼr, esse va maʼruzalari omma orasida keng tarqalgan. Diniy-maʼrifiy „Xolislik sari“ radioeshittirishlari orqali mashhur boʻlgan. U asos solgan „Odamlar orasida“ gazetasi qisqa vaqtda Oʻzbekistonda eng koʻp sotiladigan nashrga aylangan, olti oydan soʻng turli sabablar bilan yopilgan.

2010-yil 22-yanvarda hibsga olingan. Jinoyat kodeksining 244-moddasi 1-bandi (jamoat xavfsizligi va tartibiga xavf soluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatish) bilan ayblangan. Jinoyat ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tumani sudining qarori bilan, „Jihodchilar“ guruhiga aʼzolikda ayblanib 6 yilga qamalgan. Sudda oʻziga qoʻyilgan ayblarni rad etgan. Jazoni Navoiy shahridagi 47-sonli muassasada oʻtagan. Qamoqda ijod bilan shugʻullanganini, juda koʻp tadbirlarda qatnashib asosan sheʼrlar oʻqiganini aytgan. Afv etishni soʻrab 4 marotaba Oʻzbekiston prezidentiga murojaat yoʻllagan. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Xayrulla Hamidovni hibsdan ozod etish talabi bilan Oʻzbekiston hukumatiga ochiq murojaatlar qilishgan. 2015-yil fevralda amnistiya munosabati bilan ozod etilgan.

2017-yil avgustda Oʻzbekiston Prezidenti topshirigʻi bilan „qora roʻyxat“dan chiqarilgan minglab oʻzbekistonliklardan biri.

2018-yilda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining „Madaniyat va maʼrifat“ telekanalida madaniy-badiiy dasturlar muharririyati bosh muharriri etib tayinlangan. Futbol boʻyicha 2018-yilgi jahon chempionatining sharhlovchilaridan biri boʻlgan.

2019-yildan buyon Uzreport TV telekanalida faoliyat yuritmoqda. Ayni vaqtda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining „Sport“ telekanali sharhlovchisi.

Shaxsiy hayoti Otasi – Ubaydulla Hamidov, pedagog boʻlgan. Onasi – Muqaddas Hamidova.

Oʻgʻli – Muhammad Ubaydullayev, futbolchi. AGMK futbol klubi darvozaboni.

Abdulla Qodiriyning „Oʻtkan kunlar“, Gabriel García Márquezning „Yolgʻizlikning yuz yili“ romanlarini, Muhammad Yusufning „Qora quyosh“ dostonini oʻqishni tavsiya qilgan. Sheʼriyat kechalarida qatnashib keladi.

Mukofotlari 2025-yilda Shuhrat medali bilan mukofotlangan. Manbalar

Havolalar

Turkum:Oʻzbekistonlik futbol sharhlovchilar Turkum:Oʻzbekistonlik sport jurnalistlar Turkum:Oʻzbekistonlik jurnalistlar Turkum:Oʻzbekiston Milliy universiteti bitiruvchilari