Abdulloh ibn Masʼud () — Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Mas’ud ibn Gʻofil ibn Habib al-Huzaliy ? — 32/652—53, Madina) — Kufa tafsir va fiqh maktablarining asoschisi.

Hayoti Abdulloh ibn Mas’ud ilk musulmonlardan va asharai mubashsharadan biridir.

Manbalarda Abdulloh ibn Masʼudning oilasi va Islomdan avvalgi hayoti haqida maʼlumotlar ko‘p emas. Otasi Abdulloh ibn Horis ibn Zuhraning tutingan birodari (halifi) edi. Shu sababli Abdulloh ibn Masʼud ham Bani Zuhraning halifi bo‘lib tanilgan. Faqir oilada tug‘ilgan Abdulloh ibn Masʼud Islomni qabul qilishidan oldin, bolaligida Uqba ibn Abu Mu’aytning podalariga cho‘ponlik qilgan. Xadicha va Alilardan keyin Islomni qabul qilgan uchinchi shaxs ekanligi aytilsa-da, o‘zi Islomni qabul qilgan oltinchi musulmon bo‘lganidan faxrlanishini bildirgan. Uning yangi dinga kirishi qo‘ylar podasini o‘tlatayotgan vaqtida Payg‘ambar bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan ajoyib voqea bilan bog‘liq. Abdulloh ibn Masʼud Payg‘ambar Arqamning uyida joylashishlari yoki Umardan avval musulmon bo‘lganiga doir rivoyatlar ham bor. Abdulloh ibn Masʼudning onasi Ummu Abd bint Abduvad va ukasi Uqba ham ilk musulmonlardandir. Otasi haqida ko‘p maʼlumot bo‘lmagani uchun unga "sahoba ibn sahoba", onasiga nisbat berilib esa, Ibn Ummu Abd ham deyilgan. Musulmon bo‘lganidan keyin Islom dushmanlaridan sanalgan Uqba ibn Abu Mu’ayt xizmatidan ketib, o‘zini dinga va Payg‘ambar xizmatlariga bag‘ishlaydi.

Hijrat qilishi Makkada boshqa musulmonlar qatori mushriklarning aziyat va iskanjasida qolgan Abdulloh ibn Masʼud qutulish maqsadida Habashistonga hijrat qiladi. U mushriklar va ularning bosimidan hayiqmasdan Payg‘ambardan so‘ng Kaʼbada oshkora Qur’on o‘qigan ilk sahoba bo‘lgan va Madinaga ilk hijrat qilgan muhojirlar orasidan ham o‘rin olgan. Madinada Rasululloh u bilan Zubayr ibn Avvom va Muoz ibn Jabal oralarida muohad tuzadilar. Manbalarda uning Payg‘ambar davridagi barcha jang­larda qatnashgani haqida maʼlumotlar keltirilgan. Badr jangidan avvalgi kechada dushman tarafdan xabar olib kelish vazifasini olgan va jangda Abu Jahlni o‘ldirgan. Payg‘ambar "ummatning fir’avni" deb sifatlaganlari Abu Jahlning o‘ldirilishidan Allohga hamd aytib, Abdulloh ibn Masʼudni maqtaganlar va Abu Jahlning qilichini unga berganlar.

Paygʻambar bilan munosabati Abdulloh ibn Masʼudga onasi bilan yashashlari uchun Madinada Masjid an-Nabaviyning or­qa tomonidan uy ajratilgan. Uning o‘ziga Rasulullohning uylariga bemalol kirib-chiqishi uchun ruxsat berilgan. Hatto, bunday yaqin munosabat sababli begonalar ularni Payg‘ambar oilasidan deb hisoblardi. O‘zini Rasulullohning xizmatlariga bag‘ishlagan Abdulloh ibn Masʼud, Payg‘ambarning oyoq kiyimlarini to‘g‘rilar, yo‘lda oldilarida yurar, yuvinayotganlarida parda tutar va uyqudaliklarida ibodat uchun uyg‘otar, o‘tirganlarida oyoq ki­yimlarini yechib qo‘yar edi. Ovozi yoqimli bo‘lib, Qur’onni juda go‘zal o‘qir edi. Abdulloh ibn Masʼud sahobalar orasida axloq va yashash tarzida Rasulullohga eng ko‘p o‘xshagan kishi sifatida eʼtirof etiladi. Payg‘ambarning hayot tarzlari, qiyofalari, axloq va munosabatlarini o‘rnak qilishda g‘ayrat ko‘rsatgan. Bir tomondan Payg‘ambarning xizmatlarida bo‘lsa, boshqa tomondan yangi musulmon bo‘lganlarga Islomni o‘rgatar edi. Abdulloh ibn Masʼud Uhud jangida Payg‘ambarning yonlaridan ayrilmagan bir qancha kishidan biri bo‘lgan. Payg‘ambarning vafotlaridan keyingi Ridda voqealarida Madina shahrining himoyasi va mudofaasi uchun xalifa Abu Bakr tarafidan tayinlanganlar orasidan Abdulloh ibn Masʼud ham joy olgan.

Faoliyati Abdulloh ibn Masʼud Umar tarafidan Kufa qoziligi va baytulmol idorasi bilan shug‘ullanishga tayinlanadi. Keyinchalik Shurayhning qozi etib tayinlanishi, uning faqat baytulmol idorasidagi vazifasida qoldiradi. Umar vafotidan so‘ng Madinaga qaytadi va bir muddat u yerda qoladi. Usmon xalifa bo‘lgach, u tomonidan Kufadagi vazifasiga qayta tayinlanadi. Shundan kelib chiqib, A. Yan Vensink (A. J. Wensinck)ning Abdulloh ibn Masʼud idoraviy ishlarni tushunmagan degan iddaosi (İA. V, 772) hech qanday asosga ega emasligini aytish mumkin. Abdulloh ibn Masʼudning qobiliyati haqida Rasulullohning aytgan so‘zlari yetarli dalil bo‘la oladi: „Agar ularga maslahatlashmasdan bir amir (yo‘lboshchi) tayin etganimda edi, Ibn Ummu Abdni tayinlar edim“. Umar shomliklarga ko‘plab hadya berish bilan ularni o‘zlaridan ustun ko‘rayotganini aytgan kufaliklarga Abdulloh ibn Masʼudni Kufaga rahbar etib tayinlashi ham xalifa naz­dida, uning rahbar sifatidagi mavqyeini ko‘rsatadi. Umarning Kufadagi voliysi bo‘lgan Ammor ibn Yosir va Usmon davrida o‘sha yerda voliylik qilgan Saʼd ibn Abu Vaqqos kabi buyuk sahobalar bilan Abdulloh ibn Masʼudning baʼzi mavzularda qarashlari boshqa-boshqaligi, nomlari zikr qi­lingan voliylar vazifadan olinganidan so‘ng Abdulloh ibn Masʼud uzoq muddat mazkur lavozimda qolishi, Vensinkning iddaosi asossiz ekaniga yana boshqa bir dalildir.

Vafoti Kufada rasmiy vazifasi bilan birga ilmiy faoliyati va yetishtirgan talabalari vositasida Kufa tafsir va fiqh maktablarining asoschisi deb topilgan Abdulloh ibn Masʼud, keyinchalik Usmon tomonidan Madinaga chaqiriladi. Xalifaning Abu Zarrni Rabazada yashash uchun majburlab jo‘natgani va rasmiy Mushafga zid kelishi mumkinligi tashvishida baʼzi shaxslarning qo‘lida saqlanayotgan mushaflarni yoqish haqidagi buyrug‘i kabilar Abdulloh ibn Masʼudning Usmondan ranjishiga sabab bo‘ladi. Kufaliklar uni himoya qilishlarini vaʼda beradilar. Abdulloh ibn Masʼud ulardan ayrilishni istamasa-da, fitnalar tug‘ilishiga sabab­chi bo‘lib qolishni xohlamasligini aytib, Usmon amriga bo‘ysunadi va Madinaga qaytadi. Abdulloh ibn Masʼud Madinada bir qancha vaqt qolganidan so‘ng xastalanib, oltmish yoshida vafot etadi. Janoza namozi Usmon yoki Ammor tomonidan o‘qiladi va jasadi Baqi’ qabristoniga dafn etiladi.

Sifatlari Manbalarda keltirilishicha, Abdulloh ibn Masʼud past bo‘yli, zaif, bug‘doyrang va nihoyatda kamtar kishi bo‘lgan. Sochlarini o‘stirib, toza va chiroyli kiyinishni xush ko‘rardi. Surtgan xushbo‘y atirlari kechaning qorong‘isida ham uni tanitar edi. Rayta va Zaynab ismli ikki xotini, Abdurrahmon, Utba va Abu Ubayda ismli uch o‘g‘li bo‘lgan. Hali farzand ko‘rmasdanoq Rasululloh unga Abu Abdurrahmon kunyasini bergan edilar. Shu bois o‘g‘il farzand ko‘rganida ismini Abdurrahmon deb qo‘yadi. Abdulloh ibn Masʼudning xizmatlari va ulug‘ligi uning siyosiy va rahbarlik faoliyatidan ko‘ra, islomiy ilmlarning shakllanishidagi peshqadamligida ko‘proq namoyon bo‘lgan.

Hadislari Abdulloh ibn Masʼud ilk davrlardanoq Islomni qabul qilgani, Payg‘ambar bilan yaqin munosabatlari sababli Ul Zotdan juda ko‘p hadis eshitgan va rivoyat qilgan. Bundan tashqari, Umar, Usmon, Ali va boshqa sahobalar orqali rivoyat qilgan hadislari ham bor. Undan Abu Muso al-Ash’ariy, Ibn Abbos, Imron ibn al-Husoyn, Jobir ibn Abdulloh, Anas ibn Molik kabi ko‘plab sahobalar, Alqama ibn Qays, Masruq, Asvad ibn Yazid, Abiyda as-Salmoniy, Amr ibn Shurahbil, Horis ibn Qays va boshqa ulug‘ tobeʼinlar hadis rivoyat qilganlar. U tomondan rivoyat qilingan 848 ta hadisning aksariyatini shaxsan Rasulullohdan rivoyat qilgan. Mazkur hadislarning aksariyati Ahmad ibn Hanbalning "Musnad" va Imom at-Termiziyning "Sunan"laridan joy olgan. Imom al-Buxoriy va Imom Muslim Abdulloh ibn Masʼudning oltmish to‘rtta hadisini bilittifoq "Sahӣh"lariga kiritganlar. Bundan tashqari, Imom al-Buxoriy 21 ta, Imom Muslim esa 35 ta hadisni mustaqil ravishda o‘z asarlariga kiritganlar. Shunga muvofiq, Imom al-Buxoriy Abdulloh ibn Masʼuddan rivoyat qilingan hadislarning 85 tasini, Imom Muslim 99 tasini o‘z "Sahӣh"larida zikr qilganlari maʼlum bo‘ladi. Ilk davrlarda hadislarning yozilishiga qarshi bo‘lgan Abdulloh ibn Masʼud hadis rivoyatiga o‘ta diqqat bilan yondashganligi maʼlum.

Faoliyati Abdulloh ibn Masʼud Iroq tafsir maktabining asosini tashkil etib, Qur’on ilmlarining shakllanishida ham muhim xizmatlar ko‘rsatgan. Iroq maktabi fiqhda bo‘lgani kabi tafsirda ham rayga ahamiyat bergan va bu ilmlarni keyingi avlodlarga yetkazishga xizmat qilgan ko‘plab nufuzli olimlarni yetishtirgan. Abdulloh ibn Masʼudning ilmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Payg‘ambarga asos­lanadi. Rasululloh yoqimli ovoz sohibi bo‘lgan Abdulloh ibn Masʼudning Qur’on tilovatini zavq bilan tinglardilar. U sahobalar orasidagi Qur’on hofizlarining peshqadamlaridan biri bo‘lgan. O‘zidan rivoyat qilingan xabarga ko‘ra, yetmishdan ortiq surani Payg‘ambarning shaxsan o‘zlaridan taʼlim olgan. Abdulloh ibn Masʼudning o‘zi to‘plagan va unga nisbat berilgan Mushaf nusxasi mavjud. Mazkur nusxaning xalifa Abu Bakr tomonidan tartib berilib, Usmon tomonidan ko‘paytirilgan rasmiy Mushafdan farqi — suralarning tartibi, baʼzi kalimalarning imlosi va baʼzi o‘rinlarda tafsir qabilidagi ilovalarning uchrashi kabi xususiyatlardir. Abdulloh ibn Masʼudga oid nusxada uchraydigan izoh sifatida keltirilgan ilovalar va farqli qiroat shakllari uning keyingi hayotiy g‘oyasiga taʼsir o‘tkazganidan tashqari, Qur’on hukmlarini o‘rganish va o‘rgatishda foydali bo‘ldi. Abdulloh ibn Masʼud mutashobih oyatlarni taʼvil etishda manba sifatida Qur’oni karim va Payg‘ambar sunnatlariga suyangan. Bundan tashqari, baʼzi mavzularda o‘zining shaxsiy qarashlariga muvofiq ijtihod qilgan.

Abdulloh ibn Masʼud va baʼzi boshqa sahobalar Pay­g‘ambardan eshitgan tafsir shak­lidagi izohlarni o‘zlarining sahifalariga qayd etganlarini bayon qilganlar. Bu tur ilovalarning Payg‘ambardan eshitilgan tafsir ilmiga doir maʼlumotlar ekani va ularning oyatlar maʼnosini tushunishni osonlashtirishdan boshqa maqsadi bo‘lmagani maʼlum.

Sharqshunoslar tomonidan Abdulloh ibn Masʼudning Mushaf nusxalarini ko‘paytirish maqsadida tuzilgan kotiblar hay’atiga Usmon va Zayd ibn Sobitga qarshi eʼtiroz bildirgani to‘g‘risidagi baʼzi rivoyatlar aytilgan. Holbuki, Abdulloh ibn Masʼudning bunday munosabati sahobalarning ulug‘lari tomonidan maʼqullanmagan va keyinchalik uning o‘zi ham pushaymon bo‘lganligi maʼlum. Aslida Abu Bakr Zayd ibn Sobitga Qur’onni jamlash vazifasini topshirganida ham, Usmon Mushafni ko‘paytirish uchun hay’at tuzganida ham Abdulloh ibn Masʼud eʼtiroz bildirmagan. Biroq Abu Bakr shaxsiy nusxalarga aralashmagan bo‘lsa-da, Usmonning zarurat yuzasidan bu nusxalarni yo‘q qilishga buyruq berishi Abdulloh ibn Masʼudning eʼtiroziga, bunday mas’uliyatli vazifaga Zayd ibn Sobit tayinlanib, Abdulloh ibn Masʼudning jalb qilinmagani uning ranjishiga sabab bo‘lgan.

Abu Bakr al-Anbariy Abdulloh ibn Masʼudning musulmonlikni avvalroq qabul qilganiga qaramay, har ikki xalifa tomonidan Zayd ibn Sobitning bu vazifaga munosib ko‘rilishini uning Qur’onni ko‘proq hifz etgan shaxs bo‘lgani bilan bog‘laydi. Shuningdek, Zaydning yozuvi ham chiroyli bo‘lgan. Abdulloh ibn Masʼudga bu vazifa topshirilmaganining boshqa bir sababi, uning Kufadagi xizmati va ilmiy faoliyatining uzluksizligini taʼminlash edi. Abdulloh ibn Masʼudning Zaydga nisbatan munosabati samimiy xizmat tushunchasiga asoslanganligi bilan ham tushuniladi. Binobarin, Umardan Payg‘ambarning shunday deganlari naql qilinadi: „Qur’onni shu to‘rt kishidan o‘rganingiz: Ibn Ummu Abd, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Kaʼb va Solim“. Rasulullohning u haqidagi minnatdorlik so‘zlarini ham unutmaslik kerak: „Qur’onni nozil bo‘lgan kuni hayajonini his qilib o‘qishni istagan kimsa, uni Ibn Ummu Abdning qiroati bilan o‘qisin“. Binobarin, Abdulloh ibn Masʼud kabi peshvoning bunday muhim bir vazifada ishtirok etmagani, uning ustiga qo‘lyozma nusxalarning yo‘q qilinishi o‘z-o‘zidan uning munosabatiga sabab bo‘lganini eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerak.

Shia mazhabi