Sherzod Xotamovich Shermatov (1977-yil 7-aprelda Toshkent shahrida tugʻilgan) — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri (2018—2021-yillar), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri (2021-yil 17-noyabr—2022-yil 30-dekabr) sifatida faoliyat olib borgan. 2022-yil 30-dekabrdan Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri lavozimiga tayinlangan.

Taʼlim Maʼlumoti oliy. 1993—1998-yillarda Toshkent davlat texnika universitetini, 1998—2000-yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlari Yale universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyati Mehnat faoliyatini 2000-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Valyuta iqtisod bosh boshqarmasi bosh iqtisodchisi sifatida boshlagan. 2001—2002-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, 2004—2005-yillarda Birlashgan millatlar tashkiloti va Oʻzbekiston Respublikasi hukumati „Raqamli rivojlanish tashabbusi“ taraqqiyoti dasturi koordinatori, 2005—2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari yordamchisi, 2005-yilda qisqa muddat Birlashgan millatlar tashkiloti taraqqiyot dasturi va Oʻzbekiston Respublikasi hukumati „Oʻzbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish“ loyihasi rahbari, 2005—2008-yillarda Bilimlarni boshqarish va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yechimlari boʻyicha maslahatchi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Samarali boshqaruv boʻlimi rahbari, 2008—2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Apparati Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamentining shoʻba mudiri, 2010—2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Tashkiliy-kadrlar xizmati yetakchi inspektori, bosh inspektori kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2012—2014-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, 2014—2016-yillarda Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori vazifalarida ishlab, 2016-yildan hukumat tarkibiga qaytgan.

2016—2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirning birinchi oʻrinbosari, 2017—2018-yillar Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi, 2018-yilda qisqa muddat Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari, 2018—2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri sifatida ishlab, 2021-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri sifatida faoliyat koʻrsatmoqda.

Oilasi Oilali, toʻrt nafar farzandi bor.

Mukofotlari Doʻstlik ordeni Fidokorona xizmatlari uchun ordeni (2026-yil 22-avgust) — Yangi Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, uning iqtisodiy taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtibori va nufuzini yuksaltirishga qoʻshgan munosib hissasi, ilgʻor innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, hududlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish borasidagi ulkan xizmatlari, jamiyatimizda ijtimoiy barqarorlikni saqlash, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yoʻlidagi ibratli faoliyati hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun.

Manbalar

Havolalar Rasmiy sahifasi Facebookda

Turkum:Oʻzbekiston yetakchilari Turkum:Yale universiteti bitiruvchilari Turkum:Toshkent davlat texnika universiteti bitiruvchilari Turkum:Alifbo boʻyicha siyosatchilar