Mukesh Dhirubhai Ambani (1957-yil 19-aprelda tugʻilgan) – hindistonlik milliarder va tadbirkor. Hozir u bozor qiymati boʻyicha Hindistonning eng qimmat kompaniyasi boʻlgan Reliance Industries kompaniyasining raisi va boshqaruvchi direktori hisoblanadi. 2023-yil dekabr holatiga koʻra, boyligi 92 milliard dollarga teng boʻlib, Osiyodagi eng boy odam va dunyodagi 15-eng boy odam hisoblanadi. Plutokrat sifatida tavsiflanadi. Bozorni manipulyatsiya qilish, siyosiy korrupsiya, nepotizm ayblovlari bilan nom qozongan . Time jurnali uni 2019-yilning eng nufuzli 100 kishilari roʻyxatiga kiritdi.
Biografiyasi Mukesh Dhirubhai Ambani 1957-yil 19-aprelda Britaniya mustamlakasi – Adanda (hozirgi Yaman) gujarat hindulari Dhirubhay Ambani va Kokilaben Ambani oilasida tugʻilgan. Uning ukasi Anil Ambani va ikki singlisi bor: Nina Bhadrashyam Kothari va Dipti Dattaraj Salgaonkar.
Ambani Yamanda qisqa vaqt yashadi. Otasi 1958-yilda Hindistonga qaytib, ziravorlar va toʻqimachilik bilan shugʻullanadigan savdo biznesini yuritgan. Uning oilasi 1970-yillarga qadar Mumbayning Bhuleshvar shahrida ikki xonali oddiy kvartirada yashagan. Oilaning moliyaviy ahvoli Hindistonga koʻchib oʻtgandan keyin biroz yaxshilandi, ammo Ambani kommunal uyda yashadi, jamoat transportidan foydalandi. Keyinchalik Dhirubhai Kolabada „Dengiz shamoli“ deb nomlangan 14 qavatli turar joyni sotib oldi. Ambani va uning akasi oilalari bilan turli qavatlarda yashar edi.
Ambani Mumbaydagi Hill Grange oʻrta maktabida keyinchalik uning yaqin hamkori boʻlgan Anand Jane bilan birga oʻqidi. Oʻrta maktabni tugatgandan soʻng, Mumbaydagi Saint-Xavier kollejida oʻqidi. Keyinchalik Kimyo-texnologiya institutida kimyo muhandisligi boʻyicha bakalavr darajasini oldi.
Ambani oʻz ustozlari William Sharpe va Manmohan Sharmadan ilhomlanganini aytgan.
1981-yilda otasi Dhirubhai Ambaniga oʻzining Reliance Industries Limited oilaviy biznesini boshqarishda yordam bera boshladi. Bu vaqtga kelib, kompaniya kengayib, neftni qayta ishlash va neft-kimyo bilan ham shugʻullangan edi. Biznes, chakana savdo va telekommunikatsiya sohalarida mahsulot va xizmatlarni oʻz ichiga olgan Reliance Retail Ltd shoʻba korxonasi ham Hindistondagi eng yirik chakana sotuvchi hisoblanadi. 2016-yil 5-sentyabrda ishga tushirilgandan beri Reliance mamlakat telekommunikatsiya xizmatlarida birinchi beshlikdan joy oldi.
2016-yil holatiga koʻra, Ambani dunyoning 36-eng boy odami sifatida qayd etilgan. Soʻnggi oʻn yil davomida Forbes jurnali roʻyxatida Hindistonning eng boy odami unvonini doimiy ravishda egallab kelmoqda. Forbes jurnalining dunyodagi eng qudratli odamlari roʻyxatidagi yagona hind tadbirkoridir. 2020-yil oktyabr holatiga koʻra, Mukesh Ambani Forbes talqini boʻyicha dunyodagi 6-eng badavlat kishidir. 2018-yilning iyul oyida 44,3 milliard dollar boyligi bilan Alibaba Group ijrochi raisi Jack Mani ortda qoldirib, Osiyoning eng boy odamiga aylandi. Shimoliy Amerika va Yevropadan tashqaridagi dunyodagi eng boy odamdir. Xitoyning Hurun tadqiqot instituti maʼlumotlariga koʻra, 2015-yili Ambani Hindiston xayriyachilari orasida beshinchi oʻrinni egallagan. U Bank of America direktori etib tayinlandi va uning boshqaruvida boʻlgan birinchi noamerikalik boʻldi.
Reliance orqali Hindiston Premyer-ligasi Mumbay Indians franshizasiga ham egalik qiladi. Hindiston Superligasining asoschisi hisoblanadi. 2012-yilda Forbes uni dunyodagi eng boy sport homiylaridan biri deb atadi.
Shaxsiy hayoti 1985-yilda Nita Ambani bilan turmush qurgan, ularning Akash va Anant ismli ikki oʻgʻli bor. Akashning Ishani ismli qizi bor. Dunyodagi eng qimmat xususiy turar-joylardan biri boʻlgan Antiliada istiqomat qiladi, binoning qiymati 1 milliard dollarga yetadi. Binoga texnik xizmat koʻrsatish uchun 600 nafar xodim boʻlib, uchta vertolyot maydonchasi, 160 mashinaga moʻljallangan garaj, xususiy kinoteatr, basseyn va fitnes markazini oʻz ichiga oladi.
2007-yilda Ambani xotiniga 44 yoshga toʻlishi munosabati bilan 60 million dollarlik Airbus A319 samolyotini sovgʻa qildi. 180 yoʻlovchini sigʻdira oladigan Airbus yashash xonasi, yotoqxona, sunʼiy yoʻldosh televideniesi, WiFi, sky bar, jakuzi va ofisni oʻz ichiga olgan. Ambani 2008-yilda Mumbai Indians IPL kriket jamoasini 111,9 million dollarga sotib olganidan keyin „Dunyoning eng boy sport jamoasi egasi“ unvoniga sazovor boʻldi.
Mukesh Ambani qattiq vegetarian va alkogol isteʼmol qilmaydi.
Xabar qilinishicha, 2012-yil 31-martda yakunlangan moliyaviy yil davomida Reliance Industries Ltd (RIL) rahbari sifatidagi yillik maoshidan deyarli ₹240 milliondan voz kechishga qaror qilgan. Mukesh Ambani kompaniyaning 50,4% ulushiga ega. Bu harakat uning maoshini ketma-ket toʻrtinchi yil 150 million ₹ bilan cheklab qoʻydi. 2019-yil boshida Mumbay sudi uning akasi Anil Ambani shved ishlab chiqaruvchisi – Ericsson shirkati tomonidan sudga berilgan. 2021-yilda Mumbayda Ambaniga suiqasd uyushtirildi. 2023-yilda u elektron pochta orqali oʻldirish bilan qoʻrqitildi.
Manbalar
Turkum:Hindiston milliarderlari Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Ambani oilasi Turkum:Hindistonlik milliarderlar Turkum:Mumbaylik ishbilarmonlar Turkum:Hindiston Premer-ligasining franshizasi egalari Turkum:Stenford Oliy Biznes Maktabi bitiruvchilari Turkum:Mumbay universiteti bitiruvchilari Turkum:Hindiston sanoatchilari Turkum:Hindiston neft sanoatidagi ishbilarmonlar