Futbol boʻyicha 1930-yilgi jahon chempionati (, ) — FIFA tomonidan milliy terma jamoalar oʻrtasida ilk bor tashkil etilgan jahon chempionati. Chempionat 1930-yil 13–30-iyul kunlari Urugvayda boʻlib oʻtgan. Birinchi jahon chempionatini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror 1928-yil 26-mayda FIFA tomonidan qabul qilingan va 1929-yil 18-mayda Urugvay davlati ovoz berish yoʻli bilan mezbon sifatida tanlab olingan. Birinchi jahon chempionatining barcha oʻyinlari Urugvay poytaxti — Montevideoda boʻlib oʻtgan. Montevideoda jahon chempionati uchun 90 000 tomoshabinga moʻljallangan Centenario stadioni qurilgan.

Musobaqaga FIFAga aʼzo barcha davlatlar taklif qilingan. Biroq, bor-yoʻgʻi 13 ta jamoa musobaqada ishtirok etish uchun Urugvayga borgan: Janubiy Amerikadan yettita, Yevropadan toʻrtta va Shimoliy Amerikadan ikkita jamoa. Yevropa jamoalarining soni kamligi XX asrning birinchi yarmida Janubiy Amerikaga borish qiyin boʻlgani bilan izohlangan. Qurʼa natijalariga koʻra jamoalar toʻrt guruhga boʻlingan. Har bir guruh gʻoliblari pley-off bosqichiga yoʻl olishdi. Jahon chempionatlari tarixidagi dastlabki ikki uchrashuv bir vaqtda boshlandi. Ularda Fransiya va AQSH mos ravishda Meksikani 4:1, Belgiyani 3:0 hisobida magʻlub etgan. Fransiyalik Lucien Laurent jahon chempionati tarixidagi ilk gol muallifi hisoblanadi.

Musobaqa oldidan mezbon mamlakat jamoasi eng kuchli terma jamoa sifatida baholanar edi. Chunki Urugvay milliy futbol terma jamoasi 1924 va 1928-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlari doirasida oʻtkazilgan futbol musobaqasida gʻolib chiqqan. Urugvay jahon kubogini ham qoʻlga kiritdi: yarim finalda Urugvay Yugoslaviya terma jamoasini, Argentina esa AQSh terma jamoasini magʻlub etdi. 68 ming tomoshabin koʻz oʻngida boʻlib oʻtgan final bahsida urugvayliklar 4:2 hisobidagi gʻalabani qoʻlga kiritishdi va jahon kubogining ilk sohibiga aylanishdi.

Musobaqadan oldingi jarayonlar thumb| FIFA prezidenti Jules Rimet Futbol boʻyicha milliy terma jamoalar oʻrtasidagi birinchi uchrashuv 1872-yilda Glazgoda Shotlandiya va Angliya oʻrtasida boʻlib oʻtgan va golsiz durang bilan yakunlangan. XIX–XX asrlarda futbol dunyo boʻylab tez surʼatda ommalashib borgan. Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi (XOQ) ushbu sport turini 1900 va 1904-yilgi yozgi olimpiya oʻyinlari tarkibiga koʻrgazmali sport turi (gʻoliblarga medal berilmaydi) sifatida kiritishga qaror qildi. Shuningdek, 1906-yilgi olimpiya oʻyinlarida ham futbol sport turi boʻyicha gʻoliblarga medal berilmagan.

1904-yilda FIFA tashkil etilgan. Shundan soʻng FIFA Olimpiya oʻyinlari doirasidan tashqarida jahon miqyosidagi futbol turnirini oʻtkazishga harakat qila boshlagan. Musobaqa 1906-yilda Shveysariyada boʻlib oʻtishi kerak edi. Biroq, musobaqa bekor qilingan. 1908-yilda Londonda boʻlib oʻtgan olimpiya oʻyinlarida futbol rasmiy sport turlari roʻyxatiga kiritilgan. Turnirning oltin medallarini Buyuk Britaniya sharafini himoya qilgan Angliya havaskorlar terma jamoasi qoʻlga kiritdi. Inglizlar bu natijani Stokgolmda oʻtkazilgan keyingi olimpiya oʻyinlarda ham takrorlashganФутбольный турнир на летних Олимпийских играх 1912 года на сайте rsssf.com.

Olimpiya oʻyinlarida faqat havaskorlar ishtirok etganligi sababli Shotlandiyalik savdogar — Thomas Lipton 1909-yilda Turinda „Sir Thomas Lipton Trophy“ nomli turnir oʻtkazgan. Ushbu turnirda turli mamlakatlarning professional klublari ishtirok etishgan (har bir mamlakatdan bittadan klub). Turnir shuningdek „Birinchi jahon chempionati“ deb ham atalgan. Chunki Italiya, Shveysariya va Germaniya klublari ham turnirda ishtirok etishgan. Biroq, Angliya Futbol Assotsiatsiyasiyasi turnirni eʼtiborsiz qoldirib, oʻzining professional jamoasini ishtirok uchun Turin shahriga yubormadi. Bunga javoban Lipton Angliya sharafini himoya qilish uchun tarkibi Durham grafligida yashovchi havaskorlardan iborat boʻlgan „West Auckland“ klubini taklif qildiРезультаты турниров 1909 и 1911 годов на сайте rsssf.com. „West Auckland“ klubi ushbu turnirda gʻolib chiqdi va 1911-yilda oʻz unvonini muvaffaqiyatli himoya qildi.

1910-yilda Buenos Ayresda Yevropadan tashqaridagi birinchi xalqaro turnir — „May inqilobining yuz yilligi kubogi“ boʻlib oʻtgan. Unda Argentina, Urugvay va Chili terma jamoalari ishtirok etgan. Gʻalabani tarkibining asosiy qismi Britaniya orollari aholisidan iborat boʻlgan Argentina terma jamoasi qoʻlga kiritgan. Ushbu musobaqa ilk marotaba 1916-yilda boʻlib oʻtgan Janubiy Amerika chempionati (hozirgi Amerika kubogi)ning tashkil etilishiga turtki boʻlgan.

1914-yilda FIFA olimpiya oʻyinlari tarkibidagi futbol musobaqalarini „Havaskorlar futboli boʻyicha jahon chempionati“ deb tan olishga rozi boʻldi va musobaqani oʻtkazish masʼuliyatini oʻz zimmasiga oldi. 1920-yilgi olimpiada oʻyinlarida Yevropaning 13 jamoasi bilan bir qatorda Misr jamoasi ham ishtirok etdi. Belgiya terma jamoasi turnir g‘olibi boʻldi. Biroq, faqat Urugvay terma jamoasining gʻalabasi bilan yakunlangan 1924-yilgi olimpiya oʻyinlari doirasidagi musobaqa FIFA tomonidan birinchi jahon chempionati sifatida eʼtirof etilgan. 1928-yilda urugvayliklar chempionlik unvonini himoya qilishgan.

1921-yildan beri prezident Jules Rimet rahbarlik qilib kelayotgan FIFA tashkiloti futbolga boʻlgan qiziqish yanada ortganligi sababli futbol boʻyicha jahon chempionatini oʻtkazishga qaror qildi. 1928-yil 26-mayda, olimpiya oʻyinlarida futbol musobaqasi boshlangan kuni Amsterdamda FIFA kongressi boʻlib oʻtdi. Kongressda oʻtkazilgan soʻrovnoma natijasi (25 ta „rozi“; 5 ta „qarshi“ — barchasi Skandinaviya davlatlari; 1 ta betaraf — Germaniya)ga koʻra 1930-yilgi musobaqa FIFA tasarrufi ostida oʻtishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ushbu qarorga XOQ va FIFA oʻrtasidagi turnirda ishtirok etuvchi futbolchilarning darajasi (havaskor yoki professional) borasidagi ziddiyat sabab boʻldi. Rimet professional sportchilar ishtirok etishi tarafdori edi. Lekin bu oʻsha paytdagi olimpiya oʻyinlarida professional sportchilarning ishtirok etishini taqiqlovchi qoidaga zid boʻlgan .

Turnir mezbonini aniqlash

Italiya, Shvetsiya, Ispaniya, Niderlandiya va Urugvay davlatlari birinchi jahon chempionati mezbonligiga daʼvogarlik qilgan. Ovoz berish jarayonida oʻsha paytgacha milliy terma jamoasi ikki marta olimpiya oʻyinlarida gʻolib boʻlishga ulgurgan va oʻz arizasida jahon chempionati uchun katta stadion qura olish imkoniyati borligini maʻlum qilgan Urugvay davlati ustunlik qildi. Mezbonlar ishtirokchilarning turnir davomidagi xarajatlarini qoplash majburiyatini ham oʻz zimmasiga olishdi. Boshqa raqobatchi davlatlar taslim boʻldi va 1929-yil 18-mayda Barselonada boʻlib oʻtgan FIFA kongressida Urugvay bir ovozdan birinchi jahon chempionati mezboni sifatida eʼlon qilindi.

Turnir kubogi Jahon chempionati kubogi dizayni fransiyalik haykaltarosh Abel Lafleur tomonidan ishlab chiqilgan. Balandligi 35 sm, ogʻirligi 3.8 kg boʻlgan kumush kubokning yuzasi 925 probali oltin bilan qoplangan. Asosi lojuvard toshlar bilan bezatilgan.

Ishtirokchilar

Terma jamoalar alt=Карта мира, показывающая цветом страны по занятом месту в ЧМ-1930|thumb|400x400px| Ishtirokchi davlatlar Birinchi jahon chempionati futbol tarixida saralash bosqichisiz oʻtkazilgan yagona musobaqa hisoblanadi. FIFAga aʼzo boʻlgan har bir davlat turnirga taklif qilingan. Jamoalar 1930-yilning 28-fevral kuniga qadar FIFAga chempionatda ishtirok etish yoki etmaslik haqidagi qarorlarini maʼlum qilishi kerak edi. Ishtirok etishga rozilik bildirgan jamoalarning aksariyati Amerika qitʼasi mamlakatlari edi: Argentina, Braziliya, Boliviya, Chili, Meksika, Paragvay, Peru va AQSh. Mezbon Urugvay terma jamoasi bilan qoʻshib hisoblanganda turnirda yettita Janubiy Amerika va ikkita Shimoliy Amerika terma jamoasi ishtirok etgan.

Urugvayga Atlantika okeani orqali faqat kemada borish mumkin edi. Bu esa koʻp vaqt va katta xarajat talab qiladi. Shuning uchun Yevropa qitʼasidan jahon chempionatiga atigi toʻrtta jamoa roʻyxatga olindi. Ammo Yevropa jamoalarining hech biri yakuniy qarorini 28-fevralgacha FIFAga maʼlum qilmagan. Buning sababi sifatida jahon iqtisodiy inqirozi koʻrsatilgan. Jahon iqtisodiy inqirozining choʻqqisi 1929–1930-yillar qishiga toʻgʻri keldi. Angliya, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya jamoalari oʻsha paytda FIFA aʼzosi hisoblanmasa ham Urugvay Futbol Assotsiatsiyasi Yevropadagi jamoalarni jalb qilish uchun Angliya Futbol Assotsiatsiyasiga xat yuborgan. Bu taklif 1929-yil 18-noyabrda Angliya Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan rad etilgan. Turnir boshlanishiga ikki oy vaqt qolgan paytda ham Yevropa jamoalaridan hech biri turnirda ishtirok etishga rasman rozilik bermagan edi.

Faqat FIFA prezidenti Jules Rimetning aralashuvidan soʻng Belgiya, Fransiya, Ruminiya va Yugoslaviya terma jamoalari kemada Urugvayga borishga kelishib olishdi. Ruminiya terma jamoasiga Constantin Rădulescu murabbiylik qilgan. Rudolf Wetzer esa Ruminiya terma jamoasining asosiy futbolchilaridan biri boʻlgan. Jamoa Ruminiyaning yangi saylangan qiroli — Carol IIning shoshilinch buyrugʻiga binoan musobaqaga joʻnatilgan. Jamoa tarkibini qirolning shaxsan oʻzi tanlagan. Shuningdek, Carol II Ruminiya futbol federatsiyasi rahbarlariga futbolchilar musobaqadan qaytganlaridan soʻng ish bilan taʼminlanishi toʻgʻrisida maʼlum qilgan. Fransuzlar turnirga Jules Rimetning talabidan soʻng yoʻl olishgan. Ammo „uchranglilar“ning asosiy himoyachisi — Manuel Anatol va bosh murabbiy Gaston Barreau Urugvayga borishga rozi boʻlmadi. Belgiyaliklar turnirga murabbiy Rodolphe Seeldrayers qoʻl ostida yoʻl olishdi.

left|thumb| Villefranche-sur-Mer portidagi Fransiya terma jamoasi futbolchilarining ismlari yozilgan taxta

Ruminiyaliklar Genuya shahridan „Conte Verde“ nomli kemada Urugvay tomon yoʻl oldi. Fransuzlar 1930-yilning 21-iyun kunida Villefranche-sur-Mer portidan ruminiyaliklarga qoʻshilishdi. Belgiyaliklar esa Barselonadan xuddi shu kemaga chiqishdi. Kemada futbolchilardan tashqari FIFA prezidenti — Jules Rimet, 3 nafar hakam: John Langenus, Henri Christophe, Thomas Balvay va jahon chempioniga topshiriladigan maxsus kubok ham bor edi. 1930-yilning 29-iyun kuni Braziliya terma jamoasi aʼzolari ham Rio-de-Janeyrodagi portdan „Conte Verde“ga chiqishdi. Bu jamoalarning barchasi 4-iyulda Urugvayga yetib kelishdi. Yugoslaviya terma jamoasi Marsel shahridan yoʻlga chiqqan „Florida“ nomli kemada Urugvayga yetib bordi.

Dastlab Yugoslaviyada terma jamoasining ushbu turnirda ishtirok etishi shubha ostiga olingan. Xorvatiyalik futbolchilar 16-mart kuni Yugoslaviya futbol federatsiyasining shtab-kvartirasi Zagrebdan Belgradga ko‘chirilishi munosabati bilan milliy terma jamoaga boykot eʼlon qilganidan so‘ng, qirol Aleksandr I terma jamoani moliyalashtirishdan bosh tortdi. Belgradlik mutasaddilar bu muammoga yechim topishdi. Ular birinchi navbatda „Beograd“ va „Jugoslavija“ klublaridan faqat mahalliy (serbiyalik) futbolchilardan iborat boʻlgan jamoa tuzishga qaror qilishdi. Shuningdek, Fransiyada faoliyat yuritayotgan uchta serbiyalik futbolchi (jumladan, Ivan Bek) terma jamoa safiga chaqirildi. Shunday qilib, Yugoslaviya terma jamoasi sharafini faqat serbiyalik futbolchilar himoya qilishdi. Beograd klubi futbolchilari — Blagoje Marjanović va Aleksandar Tirnanić milliy terma jamoada yetakchilik qilishdi. Yugoslaviya turnirdagi eng yosh tarkibga ega terma jamoa edi. Tarkibning oʻrtacha yoshi — 21 yosh-u 258 kun boʻlgan. Ushbu tarkib Yugoslaviya va Serbiya futboli tarixida jahon chempionatlaridagi ishtiroki davomida eng yaxshi natija (4-oʻrin)ni qayd etganmontevideoproject: Prilike i okolnostimontevideoproject: Zanimljivosti iz 1930.