Mustaqillik va ezgulik monumenti — Toshkent shahridagi Mustaqillik maydonida joylashgan meʼmoriy-badiiy majmua. Monument Oʻzbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida, 1992-yilda Mustaqillik monumenti sifatida bunyod etilgan. U Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimov gʻoyasi asosida yaratilgan. Tarixi Monument dastlab Vladimir Lenin haykali uchun 1974-yilda qurilgan postament oʻrniga oʻrnatilgan. Avvalgi yodgorlikning meʼmori Sobir Odilov, haykaltaroshi esa Nikolay Tomskiy boʻlgan. Mustaqillik monumenti ramziy Yer shari shaklidagi metall sferadan iborat boʻlib, uning yuzasida Oʻzbekiston xaritasi aks ettirilgan. Ushbu tasvir mustaqil Oʻzbekistonning jahon xaritasida munosib oʻrin egallaganini ifodalaydi.
2005-yil 28-dekabrda monument oldiga haykaltarosh Ilhom Jabborov tomonidan yaratilgan farzandini bagʻriga bosib turgan oʻzbek ayoli — Baxtiyor ona haykali oʻrnatildi. Mustaqillik monumenti va Baxtiyor ona haykali Ezgulik arkasi hamda oq poyondoz shaklidagi keng yoʻlak bilan birgalikda yaxlit meʼmoriy ansamblni tashkil etadi.
2004–2005-yillarda Mustaqillik maydoni va unga tutash hududlarda keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosi qayta taʼmirlandi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binosi, Ezgulik arkasi, Tasviriy sanʼat galereyasi kabi meʼmoriy inshootlar, yashil maydonlar va xiyobonlar barpo etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 3-fevraldagi „Mustaqillik va ezgulik monumenti toʻgʻrisida“gi qaroriga muvofiq, majmua „Mustaqillik va ezgulik monumenti“ deb nomlandi. Qarorda majmua tarkibiga Mustaqillik monumenti va „Baxtiyor ona“ obrazi kirishi belgilangan.
Qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining umumxalq bayramlari, davlat miqyosidagi boshqa tantanali marosimlar, mustaqil taraqqiyot va milliy qadriyatlar bilan bogʻliq muhim sanalar, kasb bayramlari, tantana va anjumanlar munosabati bilan Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qoʻyish marosimi belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Monument „Oʻzbekiston globusi“ nomi bilan ham mashhur boʻlib, uning ramziy qiyofasi 1990–2000-yillarda Oʻzbekiston monumental sanʼatiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Monument tasviri turli shaharlardagi plakatlar, freskalar va haykaltaroshlik inshootlarida aks ettirilgan. Ulardan eng yiriklaridan biri Buxorodagi „Qadimiy va abadiy Buxoro“ monumentidir.
Monumentga bagʻishlangan jurnalistik maqolalar va sanʼatshunoslik tadqiqotlari ham mavjud. Galareya
Yana qarang Oʻzbekiston Mustaqilligi kuni Oʻzbekiston mustaqilligi boʻyicha referendum (1991) Mustaqillik maydoni Ezgulik arkasi Manbalar
Turkum:Oʻzbekistondagi maydonlar Turkum:Toshkentning diqqatga sazovor joylari Turkum:Oʻzbekiston meʼmoriy yodgorliklari