Qodir baxshi (taxallusi; asl ismi Abdi Rahimov; 1937-yil 16-aprel – Dehqonobod tumani Chalka qishlogʻi – 1986-yil 29-avgust) – oʻzbek baxshisi.

Hayoti Buxoro pedagogika institutini tugatgan (1966). Baxshilik sirlarini dastlab bobosi Turdi baxshidan oʻrgangan. Soʻng Umir shoir Safar oʻgʻliga shogird tushgan. 18 yoshida mustaqil dostonchi boʻlib yetishgan Qodir baxshi 1960-yillarda Qashqadaryo va Surxondaryoda, Tojikiston va Turkmanistonda yashayotgan keksa baxshilar davrasida boʻlib, ular repertuarini, doston ijrochilik mahoratini, doʻmbira chertish sanʼatini egallagan. Uning repertuari boy va rang-barang. „Alpomish“, „Yodgor“, „Kuntugʻmish“, „Shirin bilan Shakar“, „Rustam“, „Murodxon“, „Yusuf bilan Ahmad“, „Yusuf va Zulayho“, „Goʻroʻgʻlining tugʻilishi“, „Zaydinoy“, „Goʻroʻgʻli va Yunus pari“, „Shahidnoma“ singari 70 ga yaqin dostonlar, koʻplab terma va ertaklarni ijro etgan. Ammo u bilgan dostonlarning juda oz qismi va bir necha termalar yozib olingan.

Qodir baxshi faqat repertuarining boyligi bilan emas, balki yoqimli, shirador ovozi, ayniqsa, musiqa asboblarini yaxshi chala olish iqtidori bilan ajralib turgan. U doʻmbiradan tashqari, dutor, rubob, tor, gʻijjak, qoʻbizda mohirlik bilan kuylar ijro etib, doston yoxud terma aytavergan yo, aksincha, boshqa cholgʻu asboblaridagi kuylarni doʻmbirada ijro etgan. Qodir baxshi respublika baxshilar koʻrik-tanlovining 5 marta gʻolibi, Moskva (1971) va Parijda (1974) oʻtgan xalq ijodkorlari xalqaro kongresslarining laureati. Qodir baxshining „Oychinor“ (1984), „Jorxun maston“ (1989) dostonlari, „Norguloy“ dostonidan parcha va qator termalari chop etilgan. Uning nomida kinoteatr, maktab bor. Dehqonobodda uymuzeyi tashkil etilgan.

Manbalar

Adabiyotlar

Havolalar

Turkum:Oʻzbekistonlik baxshilar