Oʻlan, oʻlang — xalq ijodi janri; qoʻshiq turi. Dehqon, ayniqsa, koʻchmanchi, yarim koʻchmanchi chorvador xalqlar (oʻzbek, qozoq, turkman va boshqalar) aholisi orasida keng tarqalgan. Asosan, ayollar tomonidan childirma (doira) joʻrligida yoki joʻrsiz ijro etiladi. Oʻzbeklarda toʻy marosimi va bazmlarda qizlar bir tomon, yigitlar bir tomon boʻlib yoki ikki kishi tomonidan dialog shaklida ham aytiladi. Baʼzan savoljavobli qoʻshiqlar ham Oʻ. deb ataladi. Oʻ.da xalqning orzu-umidlari, qaygʻu va shodlik kayfiyatlari oʻz ifodasini topgan, ishq-muhabbat mavzusi esa asosiy oʻrin egallaydi. Hajviy oʻlanlar ham keng tarqalgan. Har bir toʻy marosimiga xos oʻlanlar mavjud (beshik toʻy Oʻ.i, nikoh toʻyi Oʻ.ni va boshqalar). Oʻ. kuylari tor diapazonga, nutqsosh (rechitativ) va kuychan ohanglarga ega boʻlib, ravon usulda aytiladi. Lirik, jozibali, band yoki bandnaqarot shaklida boʻladi. Oʻ. "Yoryor" qoʻshiqlariga yaqin boʻlib, ayrim Oʻ.larda har bir misra "yoryor" radifi bilan aytiladi (bu namunalar doʻmbira yoki doira joʻrligida ijro etiladi). Qozoq va turkman Oʻ.lari, asosan, kuychan ohangda, baʼzan oʻynoqi xarakterga ega boʻlib, yakka ijrochi yoki ayollar jamoasi tomonidan ijro etiladi.
Kaynak ve lisans
Kaynak: Wikipedia — Oʻlan · katkı geçmişi.
Metin: CC BY-SA 4.0.
Metin düzenlemesi hakkında
Viki işaretlemesi ve şablonlar çıkarıldı; uzun metinler kısaltıldı.