Toshkent tuproqqoʻrgʻoni – Anhor kanalining chap sohilida, shahar qalʼa devorining Qoʻymas (Katagon) darvozasi tashqarisi (hozirgi Islom Karimov koʻchasi yoni)dagi tepalikda 1865-yil barpo qilingan. Bu tepalikda ilk oʻrta asrlarda qurilgan Qoʻymas istehkomi boʻlgan, uning qoldiqlari keyinchalik Tali Qoʻymas, yaʼni Qoʻymastepa deb atalgan. 1865-yil iyunda Toshkent podsho Rossiyasining general Chernyayev boshchiligidagi qoʻshinlari tomonidan bosib olingach, bu tepalikda zudlik bilan harbiy qalʼa qurishga kirishildi. Qalʼaning tarhi 6 burchakli boʻlib, baland tuproq koʻtarmalari bilan oʻralgan, burchaklarida mustahkam bastion (burj)lari boʻlgan. Koʻtarmalarning ayrim joylariga gʻishtdan devorlar ishlanib oʻt ochish uchun shinaklar qilingan. Ichki qismida 6 piyodalar rotasi uchun kazarmalar, ofitserlar uchun bino, lazaret (150 oʻrinli), oʻq-dori, kiyim-bosh va oziq-ovqat omborxonasi va porox uchun yertoʻla qurilgan. Asosiy kirish yoʻli (sharqiy darvoza) gʻishtdan hashamdor ishlangan. Keyinchalik tuproqqoʻrgʻon tashqarisida ustaxona, aslahaxona va piyoda askarlar bataloni uchun 2 kazarma qurilgan. Toshkentda yevropalik aholi uchun Yangi shaharning qurilishi shu tuproqqoʻrgʻonni bunyod etishdan boshlandi. Tuproqqoʻrgʻon yaqinida hozirgi Mustaqillik maydonida gubernator saroyi – „Oq uy“ qurildi. Tepalikda joylashgan qalʼa Eski shahar ustidan nazorat qilib turish va ayni vaqtda mustamlakachilar yashaydigan Yangi shaharni qoʻriqlab turish imkonini bergan. 1867—1883-yillarda Toshkent tuproqqoʻrgʻonidan har kuni soat 12 da toʻp otilgan. Qalʼada soldatlar bolsheviklar tashviqoti taʼsirida bir necha marta qoʻzgʻolon koʻtarganlar. 1917-yil 1-noyabrda Toshkent tuproqqoʻrgʻonida shoʻro hukumatining bayrogʻi oʻrnatilgan. Hozir Toshkent tuproqqoʻrgʻoni oʻrnida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohi binolari majmuasi joylashgan.
Manbalar
Turkum:Toshkent tarixi